Putin Tojikistonda rus tiliga e’tibor uchun Rahmonga minnatdorlik bildirdi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 12 noyabr kuni Kreml saroyida Imomali Rahmon bilan uchrashuv chog‘ida Tojikistonda rus tiliga qaratilayotgan e’tibor uchun minnatdorlik bildirdi.
- Ikki davlat rahbari Moskvada bo‘lib o‘tgan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti sammitidan so‘ng strategik hamkorlik va gumanitar aloqalarni muhokama qildi.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Tojikistonda rus tiliga ko‘rsatilayotgan e’tibor uchun mamlakat rahbari Imomali Rahmonga minnatdorlik bildirdi. Bu haqda u 12 noyabr kuni Kreml saroyida bo‘lib o‘tgan ikki tomonlama uchrashuv chog‘ida ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, 11 noyabr kuni Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari Moskvada navbatdagi sammitda ishtirok etdi. Sammit yakunlanganidan keyin Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon Rossiya rahbari bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazish uchun Moskvada yana bir kun qoldi.
«Bugun, kelishib olganimizdek, uchrashuvimizni ikki tomonlama munosabatlarga bag‘ishlaymiz. Bu aloqalar, shubhasiz, strategik xususiyatga ega bo‘lib, iqtisodiy va gumanitar sohalarda juda ijobiy rivojlanmoqda. Tojikistonda rus tiliga ko‘rsatilayotgan e’tibor uchun sizdan minnatdormiz va men buni doimo ta’kidlab kelaman», — dedi Putin.
Rossiya rahbari ikki mamlakat o‘rtasida alohida e’tibor talab qiladigan boshqa ko‘plab masalalar ham borligini qayd etdi. Shuningdek, Rahmonga Moskvada qolib, ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazish imkoniyati uchun minnatdorlik bildirdi.
Putin 11 noyabr kuni KXSHT sammitida tashkilotning mas’uliyat hududida xavfsizlikni ta’minlash masalalari muhokama qilinganini ham eslatdi. Uning fikricha, muzokaralar ijobiy va samarali yakunlangan hamda davlatlarning xavfsizlik sohasida hamkorlik qilishga tayyorligi yana bir bor tasdiqlangan.
Tojikistonda rus tilining maqomi
Tojikiston Konstitutsiyasining 2-moddasiga ko‘ra, mamlakatning davlat tili — tojik tili. Rus tiliga esa millatlararo muloqot tili maqomi berilgan.
2009 yil 5 oktyabrda «Davlat tili to‘g‘risida»gi qonun qabul qilingan. Unga muvofiq, davlat organlari va rasmiy ish yuritishda tojik tilidan foydalanish belgilangan.
2022 yilda e’lon qilingan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda ta’lim rus tilida olib boriladigan 39 ta maktab faoliyat yuritgan. Ularda qariyb 27 ming nafar o‘quvchi tahsil olgan. Shuningdek, 160 dan ortiq aralash — tojik-rus tillarida ta’lim beriladigan maktablarda qariyb 70 ming nafar bola o‘qigan.
2022 yilda Rossiya bilan hamkorlikda beshta yangi maktab ham foydalanishga topshirilgan. Ular Dushanbe, Xo‘jand, Boxtar, Ko‘lob va Tursunzoda shaharlarida joylashgan.
Bundan tashqari, rus tilini o‘rganish Tojikistondagi umumta’lim maktablarining o‘quv dasturiga kiritilgan.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…