Xitoyda odamlar nomidan pul evaziga janjallashib beradigan xizmatlar mavjud

Xitoyning Guanchjou shahrida qo‘lida «Sizning nomingizdan tortishib beraman» degan yozuvni ushlab olgan erkak tasvirlangan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. U odamlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarda mijoz nomidan tortishib berish xizmatini taklif qilmoqda.
Erkakning aytishicha, u bu xizmati uchun vaqt cheklovisiz 188 yuan, ya’ni taxminan 26 AQSH dollari oladi.
Aslida, Xitoyda boshqalar nomidan janjallashib berish xizmati yangi emas. 2019 yilda mahalliy ommaviy axborot vositalari «Taobao» kabi onlayn savdo platformalarida bunday xizmatlar taklif qilinayotganini yozgan. O‘sha paytdagi ma’lumotlarga ko‘ra, xizmat narxi 5 yuandan 200 yuangacha bo‘lgan. Tortishuv telefon, SMS yoki WeChat orqali amalga oshirilishi mumkin edi.
Ayrim xizmat ko‘rsatuvchilar Sichuan kabi mahalliy shevalarda tortishib berish uchun qo‘shimcha haq olgan. Sababi, turli shevalardagi nutq uslubi va ifodalarning ta’siri bir-biridan farq qiladi.
Huquqshunoslar esa boshqa odamni haqorat qilish yoki uning tinchligini buzishga qaratilgan bunday xizmatlar huquqiy muammolarga sabab bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan.






























Izohlar 0
…