Xitoylik amaldor 150 ming dollarga davlat sirlarini sotdi: u qanday fosh bo‘ldi?

Xitoyda xorijiy razvedka xizmati bilan hamkorlik qilib, davlat sirlarini chet elga uzatgan amaldor o‘lim jazosiga hukm qilindi. Faqat Ma familiyasi bilan tanishtirilgan shaxs 100 dan ortiq razvedka ma’lumotini yetkazgan, ularning 35 tasi keyinchalik davlat siri sifatida tasniflangan. U bu xizmatlari uchun 1 million yuandan ortiq, ya’ni taxminan 150 ming dollar olgan.
Bu haqda Xitoyning Davlat sirlarini himoya qilish milliy boshqarmasi bilan bog‘liq rasmiy axborot kanali tarqatgan xabarda ma’lum qilindi. Reuters agentligi ham ushbu ma’lumotni yoritgan, biroq voqea tafsilotlarini mustaqil ravishda tasdiqlay olmaganini qayd etgan.
Xitoylik amaldor qanday qilib razvedka tuzog‘iga tushdi?
Rasmiy xabarda keltirilishicha, Ma xorijda xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtida chet el razvedkasi vakili bilan tanishgan. U «Kaylin» taxallusi bilan tanishtirilgan shaxs bilan xitoy tilini o‘rganish bahonasida muntazam uchrashib turgan.
Dastlab oddiy muloqot shaklida kechgan munosabatlar vaqt o‘tishi bilan siyosiy va maxfiy ma’lumotlarga oid savollarga ko‘chgan. Keyinchalik «Kaylin» unga boshqa bir shaxsni tanishtirgan. U esa amaldorning avvalroq maxfiy ma’lumotlarni oshkor qilganini Xitoy hukumatiga xabar berish bilan tahdid qilgan.
Shundan so‘ng Ma xorijiy razvedka bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘lgan. U bilan maxfiylik va sadoqat shartlari aks etgan kelishuv imzolangan. Amaldorga muntazam pul to‘lab borilgan, ma’lumotlarni qabul qilish va yuborish uchun esa maxsus noutbuk berilgan.
100 dan ortiq ma’lumotni chet elga uzatgan
Xitoyga qaytganidan keyin ham Ma josuslik faoliyatini davom ettirgan. U xizmat vazifasi tufayli foydalana olgan maxfiy hujjatlardan kerakli ma’lumotlarni ajratib olgan, kechqurun esa ularni maxsus internet platformalari orqali xorijga yuborgan.
Rasmiy xabarda keltirilishicha, u jami 100 dan ortiq razvedka ma’lumotini uzatgan. Ularning 35 tasi keyinchalik davlat siri sifatida tasniflangan.
Bu faoliyati uchun amaldor 1 million yuandan ortiq mablag‘ olgan. Bu hozirgi hisob-kitoblarda taxminan 150 ming AQSH dollariga teng.
Amaldorga qanday jazo tayinlandi?
Xitoydagi sud Ma familiyasi bilan tanishtirilgan amaldorni o‘lim jazosiga hukm qilgan. Shuningdek, uning barcha shaxsiy mol-mulkini musodara qilish to‘g‘risida qaror chiqarilgan.
Biroq ish bo‘yicha muhim tafsilotlar oshkor etilmagan. Xususan, amaldor qaysi davlat idorasida ishlagani, qaysi xorijiy razvedka xizmati bilan hamkorlik qilgani, sud jarayoni qachon va qayerda o‘tkazilgani ma’lum qilinmagan.
Eng muhimi, hukm ijro etilgan-etilmagani haqida ham rasmiy ma’lumot yo‘q. Shu sababli hozircha amaldor o‘lim jazosiga hukm qilingani haqida gapirish mumkin, ammo jazo ijro etilganini tasdiqlovchi ma’lumot mavjud emas.
Reuters agentligi ham Xitoy rasmiy manbalari tarqatgan xabarni mustaqil ravishda tekshira olmaganini bildirgan.
Xitoyda bu xabar nima uchun katta muhokamaga sabab bo‘ldi?
Mazkur voqea haqidagi xabar davlat ommaviy axborot vositalarida keng tarqaldi. 23 noyabr kuni ertalab u Xitoyning Weibo ijtimoiy tarmog‘ida eng ko‘p muhokama qilingan mavzulardan biriga aylandi.
Xitoyning davlat sirlarini himoya qilish idoralari so‘nggi yillarda xorijiy razvedka xizmatlarining amaldorlarni hamkorlikka jalb qilish usullari haqida ijtimoiy tarmoqlar orqali muntazam ogohlantirishlar berib kelmoqda.
Ushbu ishda ham dastlab ishonchli munosabat o‘rnatish, moliyaviy manfaat taklif qilish va keyinchalik tahdid orqali bosim o‘tkazish usullari qo‘llangani aytilmoqda.
Mazkur voqea Xitoyda davlat sirlarini himoya qilish va xorijiy razvedka faoliyatiga qarshi kurash masalalari yana kun tartibiga chiqqanini ko‘rsatdi.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar

































Izohlar0
…