16:04 / 30.10.2021
1 933

Moskva metrosidagi namoz: xavfmi yoki zaruriyat?

Moskva metrosidagi namoz: xavfmi yoki zaruriyat?
Ijtimoiy tarmoqlarda Moskva metro bekatlaridang birida namoz o‘qiyotgan musulmonlar videosi tarqalgan. Inson erkinligining asosiy nuqtalaridan biri – diniy e’tiqod va unga amal qilish har kimning shaxsiy ishi. Biroq bunga turli mamlakatlarda turlicha munosabat bildiriladi.

Shu holat, masalan, AQSH yoki Yevropaning biror shahridagi metro bekatida sodir bo‘lganda hech kim e’tibor bermagan bo‘lardi. Biroq metroda namoz o‘qigan musulmonlar, biror joyda masjid qurilishi Rossiya fuqarolarida ko‘pincha salbiy munosabat keltirib chiqaradi. Metroda namoz o‘qish - jamiyat uchun shunchalik muammoli yoki yoqimsiz vaziyatmi?

Avvalo, nega Moskva metrosida (mazkur holatda) namoz o‘qildi, degan savolga javob izlaylik.
Birinchisi – namozning farz ekanligi. O‘zini musulmon hisoblagan har bir odam besh vaqt namozni ado etishi shart.
Ikkinchisi – Moskvada masjidlarning kamligi. Salkam 2 million musulmon istiqomat qiladigan poytaxt shaharda atigi 4 ta masjid bor.

Moskvaning bu burchagidan boshqa tomoniga ketayotgan musulmon keyingi namoz vaqti kirguncha ham manziliga yeta olmasligi mumkin. Shu sababdan noiloj metro zinalari tagida yoki biror chekkaroqda farz ibodatini ado etishga urinadi.

Odamlar tramvay yo‘llarida, avtobuslar orqasida va gulzorlarda ibodat qilishi, bu o‘sha joyda namoz o‘qish ularga yoqqanidan emas, boshqa joy yo‘qligidan. Moskva odamlarni diniy marosimlarni tramvay liniyalarida, gulzorlarda, to‘xtab turgan mashinalar orasida bajarishga majburlamoqda.

Ko‘chada, metroning bir burchagida biror musulmonning namoz o‘qishi kimningdir g‘ashiga tegsa, nima qilish kerak? Axir kimgadir yoqmaganligi uchun vaqti chiqib ketayotgan namoz tark qilinmaydi-ku! Namoz o‘qiyotgan odam qattiq ovoz chiqarmaydi, odamlar o‘tadigan yo‘laklarni to‘sib olmaydi, hech kimga xalaqit bermaydiyam.

«Namozni o‘tkazib yuborgandan ko‘ra, nima bo‘lishidan qat’i nazar, ado qilgan ma’qul!» - deydi bir internet foydalanuvchisi.

Moskva dunyodagi barcha katta shaharlar orasida musulmonlar nufuziga nisbatan masjidlar soni bo‘yicha oxirgi o‘rinda! Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, Rossiya poytaxtida ikki millionga yaqin musulmon istiqomat qiladi. Biroq ularga atigi to‘rtta masjid mavjud.

Taqqoslash uchun. Londonda musulmonlar kamroq – bir yarim millionga yaqin. Biroq Buyuk Britaniya poytaxtida 452 ta masjid va namozxonalar bor.

Parijdagi musulmonlar soni bir million uch yuz ming kishini tashkil qiladi. Bugungi kunda Fransiya poytaxtida 64 ta masjid va namozxona ochilgan.

Berlinda jami 300 mingga yaqin musulmon istiqomat qiladi. 80 dan ortiq masjid va namozxonalar ishlab turibdi.

Singapur aholisining 15 foizi musulmonlar, ya’ni 840 mingga yaqin kishi. Asosan, bu malayziyaliklar va Hindistondan kelgan muhojirlar. Bu Osiyo shahar-davlatida 70 ta masjid bor.

Melburnda ko‘p musulmonlar yashamaydi - taxminan 130 ming. Ammo Avstraliyaning bu shahrida 97 ta masjid va namozxonalar mavjud.

Biroq ruslarning hammasi ham musulmonlarning namoziga ola qaramaydi. «Odamlar hech kimni bezovta qilmay Xudoga ibodat qilishmoqda, bekorchi narsaga shovqin ko‘tariishning nima keragi bor? Namoz o‘qiyotganlar sizdan havo, suvingiz, noningizni tortib olishyaptimi? Ular tashviqot qilishmaydi, hech narsani buzishmaydi. Nima ishingiz bor ular bilan? Bu aql bovar qilmaydigan nafrat qayoqdan keladi?”- deb yozadi Lara Petrova ismli tarmoq foydalanuvchisi.

Yoqub Umar tayyorladi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Moskva metrosidagi namoz: xavfmi yoki zaruriyat?