Ehtimoliy urush mavzusida ko‘plab hajviy suratlar chizilgan. Karikatura muallifi: Karlos Latuff
AQSHning «Politico» nashri joriy yil noyabr oyida Rossiya qo‘shini Ukraina chegarasida to‘planayotganidan ogohlantirdi.
Buning ortidan AQSH davlat kotibi Entoni Blinken Rossiyaning qo‘shni mamlakatga bostirib kirishi ehtimoli haqida gapirdi. Ko‘p o‘tmay AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari Uilyam Byorns oshig‘ich ravishda Moskvaga safar qildi va ushbu nozik masalada muzokaralar o‘tkazdi. Bu orada Rossiya prezidenti Vladimir Putin beqarorlikni saqlab qolish kerakligi, ana shunda g‘arbliklarning boshqa ziddiyat chiqarishga imkoni bo‘lmasligi haqida bayonot berdi. Bu esa tutab turgan olovga moy sepgandek ta’sir ko‘rsatdi.
Vashington NATOga a’zo ittifoqchilar hamda rasmiy Kiyevni ehtimoliy agressiyadan ogohlantirdi. Ukraina harbiy razvedkasi rahbari Kirill Budanov hatto hujumning taxminiy muddatini ham e’lon qildi: 2022 yilning fevrali! Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba esa kuni kecha chegarada 115 ming kishili rus qo‘shini joylashtirilgani, Rossiya «sovuq urush» davridan keyin barpo etilgan xavfsizlik tizimini yo‘qqa chiqarishga urinayotganidan bahs etdi.
Xo‘sh, Rossiya chindan ham Ukrainaga bostirib kirmoqchimi?
AQSHdagi ilmiy markaz tahlilchisi Maykl Kofmanga ko‘ra, Rossiya agressiyasi xususidagi ogohlantirishlar quruq gap emas. Ilgari Rossiya muayyan davlatni qo‘rqitib qo‘yish uchun harbiy operatsiya o‘tkazgudek bo‘lsa, uni namoyishkorona tarzda amalga oshirgan. Ukraina chegarasida esa qo‘shin maxfiy ravishda jamlandi.
«Bularning bari keng ko‘lamli harbiy operatsiyaga hozirlik ko‘rilayotganidan dalolat beradi», – deb hisoblaydi ekspert.
Kofman fikricha, Kremlning harbiy operatsiya o‘tkazishga qaror qilganining ikki sababi bor: avvalo, Moskvaning Ukraina yo‘nalishidagi diplomatik urinishlari samara bermadi, Vladimir Zelenskiy bilan til topishishning ham imkoni bo‘lmadi. Boz ustiga, rasmiy Kiyev xuddi atayin qilgandek NATO bilan hamkorlikni yanada jonlashtirishga urinmoqda.
M.Kofman chegarada rus qo‘shinining g‘imirlab qolganini eng kamida Kiyev hamda G‘arbni Kreml shartlariga ko‘ndirishga bo‘lgan urinish deb ataydi.
Ekspert voqealarning eng yomon rivoji o‘laroq 2008 yilgi Rossiya–Gruziya urushini yodga oladi. Ya’ni Rossiya qo‘shni mamlakatga qo‘shin kiritish orqali uning harbiy salohiyatini yo‘qqa chiqarishi, so‘ng yangi siyosiy bitim imzolab, askarlarini olib chiqib ketishi mumkin.
Rossiya bo‘yicha mutaxassis Mark Galeotti esa «Moscow Times» nashridagi maqolasida mavjud vaziyat real urush haqida gapirishga ertaga ekanini ko‘rsatmoqda deb yozadi.
«Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi borasidagi xavotirlar doimiylik kasb etganiga ancha bo‘ldi. Albatta, chegarada harbiy kuch jamlangan, ammo u hujum uchun yetarli emas. Bu o‘rinda asosiy maqsad Ukrainaning Donbassdagi ayirmachilarga qarshi hujumining oldini olish bo‘lsa ajab emas», deydi ekspert.
Aksar tahlilchilar esa Rossiya armiyasining Ukrainaga bostirib kirishi reallikdan ancha yiroq deb hisoblaydi. Shunga qaramay, harbiy harakatlar ehtimolini qo‘llab-quvvatlovchilar ham o‘z nuqtai nazarini turli dalillar bilan himoya qilishga urinmoqda.
Buyuk Britaniya mudofaa tizimida salkam 40 yil faoliyat yuritgan zaxiradagi podpolkovnik Glen Grant harbiy ssenariyni istisno etmayotir.
«Ukraina harbiylari orasida Rossiyaning bostirib kirishi uchun chegarada yetarli harbiy kontingent jamlanmagan degan qarash mavjud. Bu yanglish baho. Negaki, voqealar shiddatli tus olishi hech gap emas», – deydi sobiq harbiy.
Ayni kunlarda AQSH Xitoy bilan Tayvan masalasida diplomatik ziddiyatlarga borgan. Buyuk Britaniya ham bor diqqatini Osiyo–Tinch mintaqasiga qaratgan. Ekspertga ko‘ra, Moskva vaziyatni o‘zi uchun qulay deb bilib harakatga tushishi hech gap emas.
Florida xalqaro universiteti professori Aleksandr Krauter Ukraina chegarasida qo‘shin jamlanishini Kreml olib borayotgan axboriy urushning bir qismi deb hisoblaydi.
«Qo‘shinlarning chegaraga keltirilishi shunchaki mashg‘ulot emas. Maqsad – G‘arbni qo‘rqitib qo‘yish. Kreml Ukrainani hurkitib turishni xush ko‘radi», – deydi ekspert.
Ayni choqda, u Rossiya to‘laqonli harbiy operatsiya boshlashiga shubha bildiradi.
«Bu o‘rinda Kreml biror siyosiy naf ko‘rmaydi. Qancha ko‘p hududni bosib olsangiz, vayron etilgan infrastrukturani tiklash uchun shuncha ko‘p mablag‘ sarflashingiz kerak bo‘ladi. Qrim Rossiyaga qimmatga tushdi. Ukrainaga keng qamrovli hujum barchaning g‘azabini qo‘zg‘aydi va yanada kuchli izolyatsiya hamda sanksiyalarga olib keladi», – deydi professor Krauter.
Darvoqe, bu borada ikki davlat prezidenti qanday fikrda?
Ikki davlat rahbari allaqachon vositachilar orqali muloqot qilishga o‘tgan. Foto: TASS
Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy o‘tgan hafta bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida bu haqdagi savolga javob berar ekan, uning mamlakati Rossiya bilan 8 yildan buyon urush holatini ekanini qayd etgan. «Biz chegaralarimizni to‘liq nazorat qilib turibmiz va har qanday eskalatsiyaga tayyormiz», – degan V.Zelenskiy.
Vladimir Putin esa joriy yil 30 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan anjumanda mazkur masalaga to‘xtalgan.
«Gap qo‘shin kiritish yoki kiritmaslik, urush qilish yoki qilmaslikda emas, balki xalqaro faoliyat ishtirokchilarining adolatli va barqaror rivojlanishi hamda xavfsizlik borasidagi manfaatlarini hisobga olgan holda munosabatlarni yo‘lga qo‘yishda. Agar biz bunga samimiyat ila harakat qilsak, hech kim tahdid ostida qolmaydi», – deya tagma’noli fikr bildirgan V.Putin.
Eslatib o‘tamiz, o‘zaro munosabatlar taranglashuvi ortidan Rossiyaning Ukrainaga ehtimoliy hujumi masalasi joriy yil aprel oyida ham qizg‘in muhokama etilgan edi.
Qariyb 8 oy o‘tib yana ushbu og‘riqli masala xalqaro siyosat kun tartibiga chiqayotgani «Shamol bo‘lmasa daraxtning uchi qimirlamaydi» degan eski naqlni yodga soladi...
S.Salim
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi