00:20 / 27.12.2021
2 414

Nima uchun AQSH Daniyadan Grenlandiyani sotib olmoqchi?

Nima uchun AQSH Daniyadan Grenlandiyani sotib olmoqchi?
Grenlandiya - Daniyaga tegishli avtonom hudud. Bu muz bilan qoplangan, aholisi oz va kam rivojlangan hudud bo‘lib, Kopengagen subsidiyalari bilan qo‘llab-quvvatlanadi. Biroq, 19-asrdan boshlab orolni egallash uchun mojaro boshlandi. Bugun u yerda AQSH armiyasi joylashgan va Vashington bu yerni sotib olishga bir necha bor urinib ko‘rgan.

Amerikaliklarni Grenlandiyaga nima jalb qiladi?
Birinchi marta Grenlandiyani sotib olish haqida gap 1868 yilda, AQSH Alyaskani qo‘lga kiritgandan so‘ng darhol boshlangan. O‘shanda amerikaliklarning asosiy maqsadi yangi tashkil etilgan Kanada chegaralarini o‘z hududlari bilan o‘rab olish edi. Vashington Kanadaning yosh hukumatini Qo‘shma Shtatlarga qo‘shilishga ko‘ndira oladi, deb taxmin qilingan edi. Biroq Senat bu fikrni qo‘llab-quvvatlamadi.

1910-yillarda Daniya iqtisodiy inqirozga uchragan paytda qiziqish yana kuchaydi. Grenlandiya o‘rniga skandinaviyaliklar amerikaliklarga Daniya Vest-Indiya – Karib dengizidagi 346,36 km² maydonga ega arxipelagni sotdi.

Orolni sotish bo‘yicha talablar 1946 va 2019 yillarda yana paydo bo‘ldi. 1946 yilda amerikaliklar bu hudud uchun 100 million dollar taklif qilishdi (bugungi kurs bo‘yicha 1 milliard).

2019 yilda Grenlandiya uchun AQSH prezidenti Donald Tramp 533 milliard dollar ajratishga tayyor edi. Oq uy yiliga 600 million dollarni bo‘lib-bo‘lib to‘lamoqchi edi. Aytgancha, bu pul Daniya yalpi ichki mahsulotidan 1,5 baravar va Grenlandiya yalpi ichki mahsulotidan 177 baravar ko‘pdir.

Daniya bu talablardan qattiq xafa bo‘ldi. 2019 yilda diplomatik janjal avj oldi va munosabatlarning yomonlashishi tahdidi ostida Kopengagen mintaqani o‘z qo‘l ostida saqlab qoldi.

Grenlandiyaning bosib olinishi
Daniyalik jurnalistlarning fikriga ko‘ra, amerikaliklar orolni sotib olmagan bo‘lsalarda, hududning haqiqiy egalari Daniya emas, AQSHdir. Bu yerda Amerika bazalari bor, mahalliy armiya AQSH qo‘shinlari va samolyotlari bilan qurollantirilgan.

Mintaqa, garchi u Daniyaga tegishli bo‘lsada, katta avtonomiyaga ega va Yevropa Ittifoqiga kirmaydi. Qo‘shma Shtatlar hatto Grenlandiyaga yiliga 22 million dollar miqdorida iqtisodiy yordam ko‘rsatadi: bu kichik, ammo muhim belgidir.

Amerika qo‘shinlari orolga 1941 yilda, Ikkinchi jahon urushi paytida, Daniya nemislar tomonidan bosib olinganda kelgan. Keyin Daniya hukumati Qo‘shma Shtatlardan o‘z mustamlakalarini himoya qilishni so‘radi. Amerikaliklar mahalliy harbiy bazalarni boshqargan va ko‘plab yangi ob’ektlar qurgan.

Tule bazasi 1943 yilda qurilgan va hozir ham faoliyat yuritayotgan Amerikaning eng yirik harbiy bazasidir.

Urush tugashi bilan daniyaliklar AQSH yordamini rad etishga harakat qilishdi. Ammo 1951 yilda SSSR bilan munosabatlar sovishi bilan, Daniya yana orolga Amerika qo‘shinlari kirishiga rozi bo‘ldi. Shartnomaga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Grenlandiyani himoya qilishga va’da berib, mintaqaga to‘liq kirish huquqini oldi.

Amerika bu yerda o‘nlab harbiy bazalar, 10 000 askar va yadro kallaklari bo‘lgan 400 ta raketa joylashtirgan, shuningdek, Sovet kemalarini kuzatish uchun yirik razvedka markazini tashkil qilgan.

SSSR parchalanganidan keyin amerikaliklar bu yerda faqat bitta, eng katta Tula bazasini saqlab qoldi. Biroq, 2014 yildan boshlab, Rossiya bilan mojaro boshlanganidan so‘ng, amerikaliklar Arktikadagi faolligini yana tiklashga harakat qilmoqda.

Amerikaliklarga Grenlandiya nima uchun kerak?
Sayyoradagi eng katta orolda neft, gaz, shuningdek, qimmatbaho va nodir yer metallarining katta zahiralari mavjud. Muzliklarning tez erishini hisobga olsak, tez orada ushbu resurslarni o‘zlashtirishni boshlash mumkin bo‘ladi. Yashirin resurslar 1,7 trillion dollarga baholanmoqda va har qanday davlat ularga ega bo‘lishni xohlaydi.

Bugungi kunda mintaqa baliq ovlash va Daniyaning subsidiyalari hisobiga kun kechiradi va tog‘-kon sanoati uning aholisiga katta foyda keltirishi mumkin.

Biroq, mintaqaning asosiy qiymati strategik ahamiyatidir. Amerikalik olim Valter Berbrikning fikricha, kim Grenlandiyaga egalik qilsa, u butun Arktikaga egalik qiladi.

Bu mintaqa Yevropadan Shimoliy Amerikaga eng qisqa yo‘l hisoblanadi. Bu, shuningdek, Moskva va Vashington o‘rtasidagi eng yaqin masofa. 2019 yilda amerikalik siyosatchi Aeron Bleyk hazillashib: «Do‘stlar, kulasiz-u, lekin agar Grenlandiya Amerikaga aylansa, biz Rossiyani sharq va shimoldan o‘rab olamiz!» – degan edi.

Shu bilan birga, Grenlandiyaga, agar aholisi istasa, mustaqillik referendumini e’lon qilish huquqi rasman berilgan. Grenlandiyaliklar o‘tmishda Daniyadan yuqori muxtoriyatga ega bo‘lish uchun ovoz berishgan va bir kun kelib undan ajralib chiqishni xohlab qolishlari ham mumkin.

Agar amerikaliklar orolga iqtisodiy va siyosiy ta’sir ko‘rsatishda davom etsa, bir kun kelib Grenlandiya mustaqil bo‘lishi yoki hatto Qo‘shma Shtatlar tarkibiga kirishi ham ehtimoldan uzoq emas.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Nima uchun AQSH Daniyadan Grenlandiyani sotib olmoqchi?