00:10 / 28.02.2022
1 210

Putin hukmronligi davrida urushga qarshiligi haqida nimalar degandi?

Putin hukmronligi davrida urushga qarshiligi haqida nimalar degandi?
Aleksey Nikolskiy / Scanpix / LETA
2022 yil 24 fevral kuni Rossiya Ukrainaga bostirib kirdi. Rossiya qo‘shni davlat hududiga bostirib kirganini «maxsus harbiy operatsiya» deb atamoqda. Urush haqida gapirganda deyarli hamma Rossiyani emas, Putinning nomini tilga olmoqda.

Ukrainaga urush ochgan Putin Rossiyaga hukmronlik qilgan davrida urushga qarshi ekani haqida ko‘p gapirgan. Ammo uning amallari gaplarini rad etadi. Rossiya harbiylari dunyoning u yoki bu burchagidagi turli qurolli mojarolardagi ishtirokidan tashqari Putin Ukrainaga hujum qilib, o‘z hukmronligi davrida ikkinchi marta qurolli bosqinchilik urushini boshladi. Birinchi safar 2008 yil Rossiya qo‘shinlari Gruziyaga bostirib kirgandi.

«Meduza» Putinning urushga qarshi gaplarini to‘pladi.

«Tinchlik – bu iqtisodiyotning mustahkamligi va xalqning farovonligidir»
2000 yil, Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 55 yilligiga bag‘ishlangan paraddagi nutqidan

Hurmatli urush faxriylari, biz sizlar bilan birga g‘alaba qozonishga odatlanganmiz. Bu odat bizning qon-qonimizga singib, harbiy g‘alabalarimiz garoviga aylandi. Xalqimiz bir necha urushni boshidan kechirgan. Shuning uchun ham tinchlikning qadrini bilamiz. Tinchlik bu – iqtisodiyotning mustahkamligi va xalqning farovonligi ekanligini bilamiz. Bu ikki narsa Rossiyaning ichki va tashqi qudrati, mudofaa salohiyati, xavfsizligi asosidir. Biz bu asosiy «harbiy sir»ni farzandlarimizga yetkazamiz.

«Faqat urush bo‘lmasin»
2001 yil, urush boshlanganining 60 yilligiga munosabati bilan qilgan murojaatidan

Oradan ko‘p yillar o‘tdi, biroq o‘sha urushning oqibatlari bugun ham o‘zini eslatib turadi. Odamlarning to‘zg‘ib ketgan taqdiri, deyarli har bir oilada sarg‘aygan dafn marosimlari. Yoshlarning butun bir avlodi hayotdan uzilib qoldi. Urush paytida xalqimiz qanday jon saqlab qolganini bilmaydiganlar Rossiyani hech qachon tushunmaydi, qamalda qolganlar qotgan nonni qanday qidirishganini anglab yetmaydi, xalqimiz urushdan bunchalik nafratlanishini his qilolmaydi. Keksalarimiz, ularning ortidan yoshlar ko‘p takrorlaydigan «Faqat urush bo‘lmasin» iborasi o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmagan.

«Agar biz mushtimizga erk bersak, dunyodagi hech bir davlat o‘zini xavfsiz his qila olmaydi»
2003 yil, Iroqdagi vaziyat bo‘yicha hukumat, prezident ma’muriyati va huquqni muhofaza qilish organlari rahbarlari bilan uchrashuvdagi bayonotdan parcha.

Iroqni xalqaro terrorizmni qo‘llab-quvvatlayotganlikda ayblab amalga oshirilayotgan bu harbiy harakatni hech qanday tarzda oqlab bo‘lmaydi. Bizda bunday ma’lumotlar yo‘q va hech qachon bo‘lmagan. Biz Iroqdagi siyosiy tuzumni o‘zgartirishni xohlamaymiz, bu xalqaro huquqlarga ham zid. Bu faqat shu mamlakat xalqining xohish-istagi bilan bo‘lishi kerak.

Iroqqa qarshi harbiy harakatlar katta siyosiy xato. Men allaqachon masalaning gumanitar tomoni haqida gapirganman. Mavjud xalqaro xavfsizlik tizimining barbod bo‘lish tahdidi esa bundan kam tashvishlantirmaydi.

Agar biz xalqaro huquqni mushtga erk berish bilan almashtirishga imkon yaratadigan bo‘lsak, unga ko‘ra kuchlilar har doim haq va hamma narsaga haqliman deb o‘ylaydi, o‘z maqsadlariga erishish uchun hech narsadan tap tortmaydi. Demak, xalqaro huquqning asosiy tamoyillardan biri daxlsizlik prinsipi, davlatlarning suvereniteti shubha ostida qoladi. Bunday holatda dunyoda birorta davlat o‘zini xavfsiz his etmaydi. Bugun vujudga kelgan keng ko‘lamdagi beqarorlik markazi dunyoning boshqa mintaqalarida ham paydo bo‘lib, salbiy oqibatlarga olib keladi.

«BMT sanksiyasisiz bevosita urush boshlash tinchlik asoslariga putur yetkazadi»
2007 yil, Al-Jazira bilan suhbatdan parcha.

Biz xalqaro munosabatlardagi har qanday muammolarni harbiy yo‘l bilan, ayniqsa, BMT Xavfsizlik Kengashining bevosita sanksiyasisiz hal qilishga doim qarshimiz. Chunki bu dunyo tinchligining xalqaro-huquqiy asoslariga putur yetkazadi.

«Siyosat umumiy axloqiy va huquqiy tamoyillarga asoslanishi kerak»
2009 yil, Polshada ikkinchi jahon urushi boshlanganiga 70 yil bo‘lgani munosabati bilan so‘zlangan nutqdan parcha.

Buyuk g‘alabaning ahamiyati, haqiqiy ittifoqning qadri va umumiy tariximizning dramatik voqealari xotirasini asrab-avaylash nafaqat bizning ma’naviy burchimiz, barcha xalqlarning burchi.

Urushning birinchi kunini eslab, dunyoni halokatli ishga nima undagani, siyosiy qo‘rqoqlik qanday oqibatlarni keltirib chiqarishi, potensial tajovuzkorni tinchlantirish istagi, qo‘shnilarning notinchligi hisobiga o‘z xavfsizliligini ta’minlashga urinadiganlar va «sahna ortida turib til biriktirganlar» haqida o‘ylashimiz kerak.

Zamonaviy siyosat umumaxloqiy va huquqiy tamoyillarga asoslanishi kerak. Ishonchim komilki, faqat shu holatda halok bo‘lganlar xotirasi nomidan va farzandlarimizning tinch kelajagi uchun ikkinchi jahon urushi tarixining fojiali sahifasini yopa olamiz.

«Biz hech qachon Sharqda ham, G‘arbda ham qarama-qarshilikka intilmaymiz»
2014 yil 16 mart kuni Qrimdagi referendumdan keyin Putinning murojaatidan.

Biz Ukraina zaminida tinchlik va hamjihatlik bo‘lishini istaymiz va boshqa davlatlar bilan birga har tomonlama yordam berishga va qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz. Faqat Ukraina fuqarolari o‘z uylarida tartib o‘rnata oladi.

Biz Sharqda ham, G‘arbda ham hamkorlarimiz bilan hech qachon qarama-qarshilikka intilmaymiz, aksincha, madaniyatli yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini o‘rnatish uchun hamma narsani qilamiz.

«Biz kelajak avlodga Yer yuzidagi barqarorlik va tinchlikni yetkazishga majburmiz»
2017 yil, Qizil maydondagi G‘alaba paradidagi nutqdan parcha.

Rossiya hamisha teng huquqli sheriklik yo‘lini tanlaganlar, hayot mohiyatiga inson tabiatiga zid bo‘lgan urushlarni inkor qiluvchilar bilan tinchlikni yoqlovchilar tomonida bo‘ladi. Biz kelajak avlodga Yer yuzidagi barqarorlik va tinchlikni yetkazishga majburmiz. G‘olib xalqqa shon-sharaflar!

«Navbatdagi jahon urushi tiriklikning batamom tugashi bo‘lishi mumkin. Bu tushuncha bizni tiyib turishi kerak»
2018 yil, uchinchi jahon urushi ehtimoli haqidagi savolga javob.

Menimcha, bu o‘rinda Eynshteynni eslash kerak. U «Uchinchi jahon urushi qanday vositalar bilan olib borilishini bilmayman, lekin to‘rtinchisi tosh va tayoq bilan olib boriladi», degandi. Uchinchi jahon urushi bugungi sivilizatsiyaning oxiri bo‘lishi mumkinligini anglagan holda, bu bizni xalqaro maydonda zamonaviy sivilizatsiya uchun favqulodda va o‘ta xavfli harakatlardan tiyib turishi kerak.

«Dunyo yetakchilarining vazifasi ikkinchi jahon urushi voqealari takrorlanishining oldini olish»
2020 yil, 1 sentabr kuni ochiq onlayn dars doirasida Putinning maktab o‘quvchilari bilan uchrashuvi.

Men chin dildan ishonaman, siz va yaqinlaringiz hech qachon bunday urush bilan bog‘liq og‘ir sinovlarga duch kelmaysiz. Ishonamanki, ikki tomon uchun ham og‘riqli bo‘lgan bunday narsalarni siz hech qachon boshdan kechirmaysiz. Men bunda zamonaviy dunyoning mo‘rtligini anglab yetgan davlat rahbarlari, mas’uliyatli siyosatchilar, jamoat arboblari mas’uliyatli bo‘lishi vazifasini ko‘raman.

«O‘tmish va kelajak oldidagi mas’uliyatimiz bu dahshatli fojialar takrorlanmasligi uchun hamma narsani qilishdir»
2020 yil, Putinning «Buyuk G‘alabaga 75 yil: tarix va kelajak oldidagi umumiy mas’uliyat» maqolasidan parchalar.

O‘tmish va kelajak oldidagi mas’uliyatimiz bu dahshatli fojialar takrorlanmasligi uchun hamma narsani qilishdir. Shu bois ikkinchi jahon urushi va ulug‘ vatan urushi haqida maqola yozishni o‘zimning burchim deb bildim.

Biz urush haqidagi haqiqiy, o‘zgartirilmagan va sayqallanmagan haqiqat tarafdorimiz. Bizga bu xalqchil, insoniy haqiqatni asosan shafqatsiz front sinovlarini boshidan o‘tkazgan yozuvchi va shoirlar yetkazdi. Boshqalar qatori mening qalbimda ham ularning haqqoniy va teran asarlari abadiy iz qoldirdi. Ular g‘alaba qozonish uchun jonini tikkan urush faxriylarini hurmat qilish vasiyatiga aylandi. Ular jang maydonlarida qolib ketganlarni eslatadi.

«Yana tajovuzkor rejalar tuzishni o‘ylayotganlarni kechirish va oqlash yo‘q»
2021 yil, 9 may kuni Qizil maydonda o‘tkazilgan g‘alaba paradidagi nutqdan.

1941 yilda boshlangan urush, o‘shanda hali to‘rt yillik qonli urush hali oldinda edi, kelajakka, yosh avlodga va hatto undan keyin tug‘ilganlarga ham zarba berdi.

Urush juda ko‘p chidab bo‘lmas sinovlar, qayg‘u va ko‘z yoshlarini olib keldiki, uni shunchaki unutib bo‘lmaydi. Yana agressiv rejalar tuzishni o‘ylayotganlarni kechirish va oqlash yo‘q.

«Qo‘shnilarimiz go‘yoki o‘zlarini xavf ostida his qilishmoqda. Qanday asosga ko‘ra – tushunarsiz»
2022 yil, 8 fevraldagi Rossiya-Fransiya muzokaralaridan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanidagi nutqi (Ukrainaga bosqindan 16 kun oldin).

NATO bizni dushman sifatida ko‘radi. Qolaversa, o‘z harbiy infratuzilmasini chegaralarimiz yaqiniga ko‘chirgach, NATO va unga a’zo davlatlar o‘z qurolli kuchlarimizni qayerda va qanday joylashtirishimiz kerakligi haqida bizga o‘rgatish huquqiga ega deb o‘ylaydi. Shuningdek, belgilangan harbiy-o‘quv mashqlarni o‘tkazmaslikni talab qilish mumkin, deb hisoblaydi. Qo‘shinlarimizni ko‘chirishimizga izoh sifatida shuni ta’kidlamoqchimanki, hozir bizga tahdid qilishi mumkin bo‘lgan hudud – Ukraina. Go‘yoki, Boltiqbo‘yi davlatlari ham, boshqa qo‘shni davlatlar ham o‘zlarini xavf ostida his qilishayotganini aytishmoqda. Qanday asosga ko‘ra – tushunarsiz. Украина ва Россия уруши

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Putin hukmronligi davrida urushga qarshiligi haqida nimalar degandi?