08:08 / 25.07.2022
2 165

Inson taqdiri o‘zining qo‘lidami?

Inson taqdiri o‘zining qo‘lidami?
O‘z taqdiringni o‘zing yaratasan yoki taqdir ekanda, sabr qilishdan o‘zga chora yo‘q, degan bir-biriga qarama-qarshi iboralarni juda ko‘p eshitib qolamiz. Har gal shunday ma’noni ifodalovchi iboralarni eshitgan yoki o‘qiganda hayron bo‘laman. Haqiqatda o‘z taqdiring o‘zingni qo‘lingdami? Ya’ni hayoting qanday bo‘lishini o‘zing belgilaysanmi? Yoki belgilab berilganini yashaysanmi?

Shu savollarga javob topish uchun insonning o‘z qo‘lida bo‘lgan, ya’ni inson ixtiyori bilan bo‘ladigan holatlar ko‘pmi? Yoki majburiy qabul qilib oladigan va o‘zgartirishga qodir bo‘lmagan holatlarmi? Bu savollarga javob topish ustida fikrladim. Quyida inson ixtiyoriga mutlaq aloqasiz bo‘lgan holatlarni keltiraman, ikki holatdan qaysi biri ko‘pligini o‘zingiz xulosa qilib olasiz.

Inson qachon, qayerda va qaysi ota-onadan dunyoga kelishi haqida umuman uning ixtiyori so‘ralmaydi. Uning millati va irqi ham yuqorida aytib o‘tilgan sabablarga bog‘liq, ya’ni ixtiyoridan tashqarida. Inson jinsi, ya’ni o‘g‘il yoki qiz bo‘lib tug‘ilishi, surati – chiroyli yoki xunuk bo‘lib tug‘ilishini ham o‘zi rejalay olmaydi. Hech kim zehnini o‘zi tanlab olmaydi, berilganiga rozi bo‘ladi, shuning uchun hamma ham olim bo‘lolmaydi. Insondagi qiziqish hammada har xil bo‘ladi, masalan ota-ona farzandini shifokor qilishni istaydi, lekin bola avtamobilga qiziqib haydovchi bo‘ladi, aksincha ota-onasi e’tibor ham bermagan farzand o‘zidagi qiziqish bilan shifokor bo‘lib yetishadi.

Balog‘atga yetgandan so‘ng juft tanlash. Ko‘pchilik bu borada inson o‘z ixtiyoriga ega degan fikrda, lekin chuqurroq fikrlab ko‘rsangiz aksi haqiqatga yaqinroq ekani ko‘rinadi: ayollarni bilmadim, lekin erkaklarning ko‘pi uylangandan so‘ng, o‘sha vaqt ko‘zim qayerda bo‘lgan ekan, deb ajablanadi. Farzand ko‘rish, ularning o‘g‘il yoki qiz bo‘lib tug‘ilishi inson ixtiyorida emas. Boy yoki faqir bo‘lish holatini ham ko‘raylik: agar bu holat inson ixtiyorida bo‘lganda edi hech kim faqirlikni tanlamasdi, har bir inson ilojsizlikdan o‘ziga berilganiga ko‘nikib yashaydi.

Tasavvur qiling inson yigirma besh yoshga yetib keldi, uylangan, farzandlari ham bor, endi qancha muddat va qanday yashash ham ixtiyoriga bog‘liq emas. Qancha yashash degani tushunarli, hech kim qancha yashashini o‘zi tanlamaydi, balki belgilanganni yashab ketadi, lekin sog‘-salomat va tinch-omon yashaydimi? Yoki umri biror kasallikka duchor bo‘lib bir umr bemor holda yoki urushlar sabab qo‘rquvda, yoki oilaviy muammolar sabab doimiy g‘am tashvishda o‘tadimi? Shuning uchun ham qariyalarning duo qilganda ko‘pincha tanisihatlik va xotirjamlik so‘rashi, bularning inson qo‘lida emasligini anglatadi.

Yuqorida insonning qo‘lida bo‘lmagan, balki inson majbur holda qabul qiladigan holatlarni keltirib o‘tdim, bular shaxsiy fikrlashdan kelib chiqqan xulosalar bo‘lib, inkor qilib bo‘lmaydigan yuz foiz haqiqatlar deb da’vo qilishdan yiroqman va bular shunchaki fikrlashga undov.

Inson ixtiyoriga aloqasiz bo‘lgan holatlarni anglab yetgandan so‘ng inson hayotidagi, yuqorida keltirib o‘tilmagan holatlar haqida fikrlab ko‘rsangiz uning qo‘l ostidagi, o‘z ixtiyori bilan bajaradigan holatlar qancha ekanligi kelib chiqadi va inson taqdiri o‘z qo‘lidami yoki aksinchami? degan savolga javob topishingiz mumkin bo‘ladi. E’tibor berib o‘qiganingiz uchun rahmat.

Azim Rahim

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Inson taqdiri o‘zining qo‘lidami?