11:25 / 28.08.2022
1 406

Kasod bo‘lgan millioner so‘zlari: muvaffaqiyat formulasi nimaga asoslangan?

Kasod bo‘lgan millioner so‘zlari: muvaffaqiyat formulasi nimaga asoslangan?
Erix Lejen — Germaniyaning gullab-yashnashiga munosib hissa qo‘shgan multimillioner. Dastlab u nochorlikda umr kechirgan, keyin millionerga aylangan. Ammo shundan so‘ng kasodga uchrab, bor-budidan judo bo‘lgan. Boylik cho‘qqilari sari astoydil intilgani bois Lejen yana o‘zini qayta tiklay olgan. Quyida uning o‘ziga xos qoidalaridan bahramand bo‘lasiz.

Siz izlanishlaringizni har kuni ertalab shunday savollar bilan boshlang: «Men aslida qaysi sohada birinchi turibman?» Yoki «Qaysi jabhada birinchi bo‘la olaman?» O‘zingizdan yana shunday deb so‘rang: «Men qay tomonlama kuchliman? Nimalarga tayanishim mumkin? Kuchli tomonlarim qayerda? Shu paytgacha hayotimda qay darajada yaxshi ishlarni amalga oshirishga ulgurdim?».

Siz o‘zingizga har tomonlama mos maqsadni izlashingiz va u iste’dodingiz, qobiliyatlaringizga aniq tarzda muvofiq kelishiga ishonishingiz kerak. Uchinchisi berilmagan.
* * *
Sizga eng muhim fikrni bildirishga izn bering. Kim birdaniga millioner yoki milliarder bo‘lishni istasa, yaxshisi, lotereya o‘ynasin! Faqat bu odam boylikka erishish uchun otashin g‘oya kerakligini tushunib yetmagan bo‘ladi. Bunday otashinlik har doim butun vujudingni egallashi lozim. Ana shunda million o‘z-o‘zidan paydo bo‘ladi. Biroq pullar hech qachon insonning intilish manzili bo‘lmasligi kerak.
* * *
Sizning omadni istashingiz va unga erishishingiz haqidagi ishonch aqlingiz, tafakkuringiz, ongingiz va botiniy ongingizni qamrab olishi zarur. Bunga qanday erishiladi? Juda oddiy. Kichik muvaffaqiyatlarni jamlash orqali. Sizning omad haqidagi his-tuyg‘ularingiz hayotiy mavqeingizni, ma’naviy holatingizni, o‘zingizni qay yo‘sinda tuta olishingizni, boshqalar bilan muomala-munosabatingizni belgilab bergandagina ulkan muvaffaqiyat bo‘y ko‘rsatadi. Axir, orzu, istak va maqsadni doimiy takrorlashlar orqali ong ostida mustahkamlamasangiz, ular tortish kuchini tezda yo‘qotadi.

Tibet monaxlariga tanish kundalik ibodatning siri aynan shu bilan bog‘liq. Ular Lxasa shahridagi har qadamda qiladigan ziyoratlarida maxsus so‘zlarni takrorlashadi. Muvaffaqiyatlari bilan taltayib ketgan bu odamlarning siri ana shunda. Bilmagan odamlar esa g‘ayirlik qilib, «ularning omadi chopgan», deb o‘ylashadi. Tibet monaxlari nimalar deyisharkan-a? O‘ylashimcha, bu jumla shunday yangraydi: «Men o‘z maqsadimga erishaman. Men – g‘olibman!». Har kuni ertalab ishga borishdan oldin ko‘zgu qarshisida turib, bu so‘zlarni 30 marta takrorlang! Siz o‘z maqsadingizga erishasiz!

Yuqoridagilardan kelib chiqib sizga beradigan masalahatim: oddiy hodisalar, suhbat va uchrashuvlarda ham o‘z ongingizni omadga mos tarbiyalang. Bu bilan o‘zingizni «o‘t oldirgan» va ulkan muvaffaqiyatga tashna qilgan bo‘lasiz.
* * *
Mening muvaffaqiyatlarim har kuni ertalab qayta-qayta tug‘iladi. Ko‘zgu qarshisida turganimda o‘zimni shunga ishontiraman. Va ishoning, dunyoda hech kim qarshingizdagi oynada aks etgan xilqat kabi sizga jo‘shqinlik bilan muvaffaqiyat tilay olmaydi. Kechqurun nimalarga erishishni xohlashingizni fikran tasavvur qiling. Bu maqsad qanday namoyon bo‘lishini yaqqol ko‘z oldingizga keltiring va bilimingiz, tajribangiz, botiniy ongdagi hissiyotlaringizga ishoning. Mana shu uchta qudratli ichki kuchingiz oldingizga qo‘ygan maqsadga qay tarzda erishishingizni ko‘rsatib beradi. Siz maqsadlaringiz ro‘yobga chiqishi uchun ishonch va sabr-toqatga qayta-qayta murojaat qilaverasiz. Ular omad haqidagi his-tuyg‘ularingiz darajasining ko‘rsatkichi hisoblanadi.
* * *
Quyidagi so‘zlar sizni omad sari turtishi kerak: «Men boshqa yumushlardan ko‘ra ko‘proq ruhlantiradigan o‘z vazifamni, o‘zimning hayotiy filmimni izlayman. Bu yo‘lda menga ma’qul jabhada rosmanasiga birinchi bo‘lmaguncha o‘zimni to‘kis insonga aylantiradigan hamma narsani o‘rganaman». O‘zingizning hayotiy filmingiz uchun munosib odamni izlang!

«Men – birinchiman!» yoki «Birinchi bo‘lmasam ham o‘sha darajaga erishishimni his qilyapman. Birinchi bo‘lmaguncha o‘z ustimda ishlayveraman». Bunday yorug‘ hissiyotlarga ro‘yi-rost va qo‘shimcha izohlarsiz sho‘ng‘isangiz, kelib chiqishi, yoshi, tili va faoliyat doirasidan qat’i nazar, sayyoramizdagi omadli insonlarni nimalar bog‘lab turganini anglab olasiz. Bu — hissiyot alangasi va mustahkam bilim tufayli aytiladigan so‘zlarda namoyon bo‘ladi: «Men rostakamiga birinchiman yoki tez orada birinchi bo‘laman!».

O‘zingizda doimiy tarzda shunday ishonch paydo qilish uchun yutuqlaringizni va har tomonlama faqat siz da’vogarlik eta oladigan o‘z timsolingizni yaratishingiz lozim. Bir so‘z bilan aytganda, o‘zingiz va o‘zingiz ishlashni xohlagan muhit haqida yaqqol tasavvurga ega bo‘lishingiz kerak.

Mening vaqti kelib o‘zim erishadigan tasavvurim NKS 12 daraja ko‘rsatkichiga muvofiq keladigan qizil fondagi oq harflardan iborat «SYO» firma ramzida uyg‘unlashgan edi. Elektronikaning bu ko‘zlari meni hamisha ijodiy quvvat bilan to‘yintirgan, menga kuch, mardonavorlik berib, omadsizlikka uchraganimda qayta kurashishga undagan.
* * *
Erishmoqchi bo‘lgan maqsadingiz tiniq, ishonchli timsollar bilan uyg‘unlashishi kerak. Chunki botiniy ong mavhum buyruqlarni emas, faqat timsollarni muhrlaydi. Qo‘shimcha ravishda aytadiganim: botiniy ongda har qanday, hatto salbiy timsollar ham muhrlanadi. Shu tariqa siz har qanday vaziyatda ham ongingiz orqali o‘ziga xos nazorat o‘rnatib, yaqin va uzoq kelajakdagi hayotiy yo‘lingizda salbiy timsollar shakllanishiga yo‘l qo‘ymaysiz.

Masalan, qayerda ishlamoqchi bo‘lsangiz, o‘sha joyni butun tafsilotlari bilan tasavvur qiling. Tasavvuringiz sizga qanday chizsa, fikran o‘shanday joyni barpo eting. O‘zingiz xohlagan suratlarni xayolan devorga ilib chiqing.
* * *
Tang ahvolda yashaydigan odam bilan muvaffaqiyatli inson o‘rtasida aytarli farq yo‘q. Ularning ikkalasi ham mutlaqo bir xil qarashlarga ega bo‘lishi mumkin. Bitta sohaga qiziqishlari, bir narsadan zavqlanishlari va bir narsani his qilib, bir xil darajada quvonishlari mumkin.

Faqat hayotiy qarashlarda kichkina tavofut mavjud bo‘lib, bu pul va muvaffaqiyatga munosabatni belgilaydi. O‘z qobiliyatlari, g‘oyalari, shuningdek, hamisha shayligi tufayli zo‘r berib ishlayotgan kishi haddan ziyod oddiy yashaydi. Vaholanki, u o‘zining qobiliyatlarini pul bilan to‘g‘ri tarzda bog‘lashi mumkin edi. Ana shu kichkina tafovut bir talay jabhalardagi yetishmovchiliklar uchun javobgardir. Pul haqidagi noto‘g‘ri tushuncha ko‘pincha baxt, muhabbat va shaxsiy erkinlikka ziyon yetkazadi.
* * *
Pul hamisha mo‘l-ko‘lligini o‘zingizga tushuntiring. Har kuni milliardlab dollar, yevro, Shveysariya franki, fin markalari ishga tikiladi va dunyo bo‘ylab aylanadi. Gap sizning hisobingizga kerakli mablag‘ kelishi uchun o‘z salohiyatingiz va harakatlaringiz yordamida bu quvvat oqimini yorib kirishingizda.

Agar ushbu quvvat oqimidan qandaydir tanqislik sezsangiz, omad, pul va o‘zingizga nisbatan idrokingizni o‘zgartirishingizga to‘g‘ri keladi. Tanlang: yo kelajagingiz yaxshilanishi uchun ishlab topayotganingizdan ko‘ra avvalgidek ko‘p pul sarflaysiz, yoki moliyaviy mustaqillikka erishish maqsadida fikrlaringiz va ishlaringizni otashin istak boshqarishiga harakat qilasiz. Ana shunda shaxsiy tajribangizga ko‘ra, ushbu yangi qurilma naqadar afzal ekanligini tezkorlik bilan sinab ko‘rasiz: o‘zingizga xosligingizni har jihatdan kuchli his etasiz. Siz xushfe’l, shodmon va baxtiyor odamga aylanasiz! Pullar pullarga — aynan shu tufayli sizning omadga yo‘g‘rilgan ichki qurilmangiz ularni xuddi ohanrabo kabi bir-biriga torta boshlaydi.
* * *
Har bir omad tarixini o‘rganib, u qanday kirib kelgani bilan qiziqing. Uni inson yaratgani va u insonni harakatga undaganini unutmang. Bu – mardonavorlikka erishish va jasorat ko‘rsatish sari muhim qadamdir. Ana shunda omad – oddiygina ro‘y beradigan hodisa bo‘lmay, bir yoki bir necha kishining kuchi yordamida yaratiladigan ulkan quvvat oqimi bosimi ostida vujudga kelishini anglab olasiz. Ongingizda quyidagi so‘zlar uchun joy ochiladi: «Men ham shu kabi yutuqqa erishaman! Eplay olishimni bilaman, faqat buni xohlasam kifoya. Ana shunda darhol ishga kirishaman!»
* * *
Men yugurish, sayr qilish, katta tennis va suzish orqali o‘zimning qomatimni tutib yuraman. Bundan tashqari doimiy tarzda saunaga boraman. Qomatimni tutishimda ko‘pkunlik ta’til olishimga hojat qolmaydi. Dam olish uchun o‘z idoramni sakkiz kundan ko‘pga tark etmayman. Alp cho‘qqilarini ko‘zlab muntazam ravishda alpinistlarcha toqqa ko‘tarilaman.

Ish vaqtim kechi bilan ertalabki soat yettida boshlanadi. Ungacha ikkita gazeta o‘qishga, nonushta ustida ishga aloqador muzokaralar o‘tkazishga ulguraman. Bu esa ko‘pincha tonggi soat to‘rtda uyqudan turishimni ko‘rsatadi. «Sog‘lom tanda — sog‘ aql».

A.Fathullayev tayyorladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Kasod bo‘lgan millioner so‘zlari: muvaffaqiyat formulasi nimaga asoslangan?