Qozog‘istonda odamlarni holdan toydirayotgan virus haqida rasmiy izoh berildi

Qo‘shni mamlakatda odamlarni holdan toydirayotgan noma’lum virus tarqalgani haqidagi xabarlar aholi orasida xavotir uyg‘otdi. Avvalroq Olmaota shahrida yashovchilar yuqori isitma va uzoq davom etadigan yo‘taldan shikoyat qilgan edi. Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi esa epidemiologik vaziyatga oydinlik kiritdi.
Qozog‘iston SSV mamlakatda yangi virus tarqalgani haqidagi xabarlarni rad etdi. Bu haqda Rossiyaning «Rospotrebnadzor» idorasiga tayanib, «RBK» xabar berdi.
Vazirlik kasallanish holatlari ko‘payishini o‘tkir respirator virusli infeksiyalar (O‘RVI) va grippning mavsumiy tarqalishi bilan izohladi. Shuningdek, tibbiyot muassasalari odatiy tartibda ishlayotgani ma’lum qilindi.
O‘z navbatida, «Rospotrebnadzor» Rossiyada ham avval ma’lum bo‘lmagan xavfli viruslar aniqlanmaganini bildirdi. O‘RVI va gripp bilan kasallanish ko‘rsatkichlari oshgan bo‘lsa-da, bu mavsum uchun odatiy holat ekani ta’kidlandi.
Olmaotadagi shikoyatlar tekshiruvga sabab bo‘ldi
21 noyabr kuni «Rospotrebnadzor» yangi virus haqidagi xabarlar ortidan Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligiga epidemiologik vaziyat yuzasidan so‘rov yuborgan. Bunga mahalliy OAVda Olmaota aholisi yuqori isitma va uzoq davom etuvchi yo‘taldan shikoyat qilayotgani haqida tarqalgan xabarlar sabab bo‘lgan.
Shahar sog‘liqni saqlash boshqarmasi kasallanish holatlari mavsumiy ko‘paygani sababli qo‘shimcha choralar ko‘rilayotganini ma’lum qilgan.
O‘zbekistondagi vaziyat ham nazoratda
Avvalroq O‘zbekistonda enterovirusli infeksiyalar, jumladan, Koksaki virusi bo‘yicha epidemiologik vaziyat barqaror va nazorat ostida ekani xabar qilingan edi.
Sanepidqo‘mita infeksiyaning oldini olish uchun qo‘llarni muntazam sovun bilan yuvish, shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilish va xavfsiz ichimlik suvidan foydalanishni tavsiya etgan. Shuningdek, fuqarolardan faqat rasmiy manbalarga tayanish so‘ralgan.
4 noyabr kuni Sanepidqo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov O‘zbekistonda Koksaki virusi alohida kasallik sifatida statistik hisobga olinmasligini ma’lum qilgan.
Keyingi yangilik

Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…