Oddiy «V» ishorasi ortida qanday xavf yashiringan?

Oddiy «V» ishorasi ortida qanday xavf yashiringan?
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Selfilarda keng qo'llanadigan «V» ishorasi yuqori aniqlikdagi kameralar va sun'iy intellekt yordamida shaxsning barmoq izlarini o'g'irlash xavfini tug'dirmoqda.
  • Xitoylik mutaxassis Li Changning ta'kidlashicha, 1,5 metrdan kam masofada olingan suratlarda barmoq izlarini to'liq tiklash ehtimoli yuqori, uch metrgacha bo'lgan masofada esa ularning yarmini aniqlash mumkin.

Biometrik ma’lumotlardan xavfsizlik maqsadida foydalanish tobora ommalashayotgan bir paytda mutaxassislar selfida keng qo‘llaniladigan «V» ishorasi bilan bog‘liq yangi xavf haqida ogohlantirmoqda. Ularning ta’kidlashicha, yuqori sifatli kamerada olingan suratlarda barmoq izlari aniq ko‘rinib qolishi va ulardan shaxsiy biometrik ma’lumotlarni qo‘lga kiritishda foydalanish mumkin.

G‘alaba yoki tinchlik ramzi sifatida ishlatiladigan, ko‘rsatkich va o‘rta barmoqni ochib ko‘rsatish orqali hosil qilinadigan «V» ishorasi xalqaro ommaviy madaniyatning ajralmas qismiga aylangan. Biroq yuqori aniqlikda suratga oluvchi kameralar va sun’iy intellekt asosida ishlaydigan dasturlar rivojlanishi bilan bu oddiy ishora ham xavfsizlik nuqtayi nazaridan muammo tug‘dirishi mumkin.

Xitoylik xavfsizlik mutaxassisi Li Chang o‘tgan oyda realiti-shouda ishtirok etib, mashhur shaxslardan birining selfisi misolida bu xavfni ko‘rsatib berdi. U suratda «V» ishorasi bilan ko‘tarilgan barmoqlar qanchalik aniq aks etishini va bunday tasvirlar shaxsiy biometrik ma’lumotlarni oshkor qilishi mumkinligini tushuntirdi.

Changning tahliliga ko‘ra, agar surat 1,5 metrdan kam masofada olingan bo‘lsa va barmoq kameraga to‘g‘ridan to‘g‘ri qaratilsa, shaxsning barmoq izlari haqidagi ma’lumotlarni to‘liq tiklash ehtimoli juda yuqori bo‘ladi. Shu sababli selfilar alohida xavf tug‘dirishi mumkin. Biroq mutaxassisning ko‘rsatishicha, hatto uch metrgacha bo‘lgan masofadan ham barmoq izlarining taxminan yarmini aniqlash imkoni mavjud. Bunday vaziyatda esa sun’iy intellekt texnologiyalari muhim rol o‘ynaydi.

Teledastur davomida Chang foto tahrirlash dasturlari va sun’iy intellekt yordamida past sifatli tasvirlarni yaxshilash mumkinligini namoyish etdi. Oddiy ko‘z bilan qaraganda xira va noaniq ko‘rinadigan barmoq izlari maxsus texnologiyalar orqali qayta ishlangach, ancha batafsil va ravshan holatga keltirilgan.

Ayol kishi "V" belgisini ko‘rsatmoqda va uning barmoq izi kattalashtirilgan.

Xitoy Fanlar akademiyasi kriptografiya professori Szin Szyu ham bu xavfni tasdiqladi. Uning ta’kidlashicha, yuqori aniqlikdagi kameralar keng tarqalishi natijasida faqat «V» ishorasi tushirilgan surat orqali ham qo‘lning barmoq izlari kabi batafsil ma’lumotlarini qayta tiklash texnik jihatdan mumkin bo‘lib qolgan.

Li Changning tajribasi ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalib, foydalanuvchilar orasida shaxsiy ma’lumotlar ommaviy ravishda o‘g‘irlanishi mumkinligi haqida xavotir uyg‘otdi. Biroq ayrim mutaxassislar boshqa birovning barmoq izlarini o‘g‘irlash va ulardan biometrik himoya tizimlarini buzishda foydalanish unchalik oson emasligini ta’kidlamoqda.

Chunki barmoq izlarini suratdan aniqlash jarayonida yorug‘lik sharoiti, kameraning fokus masofasi va tasvir sifati kabi omillar muhim ahamiyatga ega. Bundan tashqari, shaxsning barmoq izlarini ishonchli taqqoslash uchun bir nechta suratga ega bo‘lish ham maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Shunga qaramay, biometrik ma’lumotlar xavfsizligiga e’tibor qaratish muhim. Agar selfida «V» ishorasini ko‘rsatish odatidan voz kechish qiyin bo‘lsa, Li Chang ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirishdan oldin barmoq uchlarini xiralashtirish yoki raqamli tahrirlash vositalari yordamida barmoq izlarini noaniq holatga keltirishni tavsiya qilmoqda.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar