Inson organizmi ichki organlar, suyaklar va to‘qimalarning murakkab mexanizmidir. Tizimdagi nosozliklar og‘riq bilan xarakterlanadi: tortuvchan, o‘tkir, kam-kam yoki doimiy. Agar u og‘riq chap tomonda kuzatilsa, bu nimani anglatadi? Keling, quyida buni aniqlashga harakat qilamiz.
Nima uchun chap tomon sanchib og‘riydi?
Bu savolga aniq javob berishning iloji yo‘q, aniq tashxis qo‘yish uchun shifokor tekshiruvidan o‘tish kerak, u muammoning ildizini topibgina qolmay, balki tegishli davolanish chorasini ham ko‘radi. Chap tomonda og‘riqning eng ko‘p tarqalgan sabablari:
- Agar sanchiq chap tomonda qovurg‘alar ostida bo‘lsa, ehtimol, sizga gastroenterolog yordami kerak. Oshqozon bilan bog‘liq muammolar diyetaga rioya qilmaydigan, yetarli miqdorda suv ichmaydigan va muddati o‘tgan ovqatlarni iste’mol qiladiganlar uchun odatiy hodisadir. O‘tkir og‘riqlar oshqozon yarasi paydo bo‘lishining alomati bo‘lishi mumkin va bosimli og‘riq gastrit alomatidir.
- Oshqozon osti bezi bilan bog‘liq muammolar, masalan, pankreatit chap tomondagi og‘riqqa sabab bo‘ladi. Bunday og‘riqli holat spirtli ichimliklarni iste’mol qilish, sho‘r va yog‘li ovqatlarni haddan tashqari iste’mol qilish natijasida yuzaga keladi. Bu holatda og‘riq sanchiqli bo‘lib, qorin bo‘shlig‘i bo‘ylab tarqalishi va qusish bilan birga kechishi mumkin.
- Taloqning yorilishi yoki yallig‘lanishi, shuningdek, chap qovurg‘a ostida kuchli o‘tkir og‘riqlar bilan kechadi. Yiring to‘plangan taqdirda isitma kuzatiladi, kindikda biroz ko‘karishlar uchraydi. Bu holda bemorni darhol kasalxonaga olib borish kerak.
- Taloq bilan bog‘liq muammolardan tashqari, og‘riq buyrakning o‘tkir yallig‘lanishini, masalan, pielonefrit kasalligini ko‘rsatishi mumkin. Bunday kasallikning alomatlari juda og‘ir: isitma, chap qovurg‘a ostida va belning pastki qismida o‘tkir og‘riqlar, qusish, tez-tez peshob chiqarish va h.k. Bemorni shifokorga olib borish, hech qanday holatda mustaqil davolashga harakat qilmaslik lozim.
- Agar ayollarda qorinning pastki qismining chap tomonida sanchiqli og‘riq bo‘lsa, bu yuqumli ginekologik kasalliklarning, ya’ni tuxumdonning yallig‘lanishi va saraton o‘smalarning mavjudligi alomati bo‘lishi mumkin.
Mumkin bo‘lgan kasalliklar ro‘yxati yuqoridagilar bilan cheklanmaydi. Xavfli guruhlarga miokard infarkti, buyrak kolikasi, miozit, radikulyar sindrom, bel osteoxondrozi va boshqalar kiradi. Faqatgina mutaxassis to‘g‘ri tashxis qo‘yadi. Tekshiruvdan so‘ng kerakli testlarni topshirib, natijalarni olgandan so‘ng, shifokor muammoning ildizini topishga, og‘riqni yo‘qotishga yordam beradigan dorilar va muolajalarni belgilaydi.
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring