Prezident Shavkat Mirziyoyev ziyolilar bilan uchrashuvda to‘ylarni ixchamlashtirish borasida ko‘rsatmalar berdi. O‘zbek xalqini ko‘kartirmayotgan to‘y bir masala bo‘lsa, jiddiy e’tibor qaratish kerak bo‘lgan yana bir mavzu ana shu to‘ylar, turli marosimlar va kundalik turmushdagi ichkilikbozlikdir. Poytaxt, vodiy to‘ylari odatda ichkilikbozlikdan holi o‘tadi. Shaxsan men bunga guvoh bo‘lmaganman. Lekin boshqa joylarda, ayniqsa vohada to‘yga borgan odam to‘ylardagi ichkilikbozlikni ko‘rib yoqa ushlashi tayin.
Tekinligi, serobligi uchunmi, to‘y egasining hurmati qancha aroq qo‘ygani va qancha ichilganiga bog‘liq bo‘lib ketganimi, xullas, ichkilikbozlik shu darajada bo‘ladiki, xurmachalar to‘lib, yorilib ketganiga ham qaralmaydi. Ichkilikbozlik sabab to‘y vaqtida va undan keyingi tomoshalarni aytmaysizmi.
Ichkilikbozlikni faqatgina to‘ylar bilan bog‘lab bo‘lmaydi. Agar qishloqlar, rasman QFY, MFY deb ataladigan, xal tilida esa aytganda esa oddiygina sovxoz, kolxozlar, posyolkalarga borsangiz, odamlar ommaviy ravishda ichkilikka mukkasidan ketganini ko‘rasiz. Qari chol-kampirlar ham yuzini burishtirmasdan sipqoradi…
O‘zbekistonda sodir etilayotgan jinoyatlar, qotilliklar, ajrashishlar, urish-janjallarga ham asosan ichkilik sabab bo‘layotgani hech kimga sir emas. Men Sirdaryo va Jizzaxdagi ikki oilaning buzilishiga aroq sabab bo‘lganiga shaxsan guvoh bo‘lganman. Sirdaryoda ichkilikka mukkasidan ketgan er biror ishga qo‘l urmay qo‘ygan. Kunda kunora qishloqda to‘y, ichishga sabab ham, imkoniyat ham mo‘l-ko‘l.
Pul bo‘lmasa ham qarzga ichaveradi, bir shishaga pul etmasa gramlab beriladi. O‘tgan ketgan, oshna-og‘ayni, tanish-bilishlar “erib” turadi. Hech vaqo bo‘lmasa xotinni kaltaklab, uyiga jo‘natvoradi: “Bor, boyvachcha ukalaringdan pul olib kel”, deb. O‘rtaga ikki farzand borligi, qolaversa hayot, er degani shu ekanda, deb hammayog‘i momataloq bo‘lsayam chidam kelayotgan ayolning ham sabriga chegara bor ekan, aka-ukalarning ham toqati toq bo‘lib, jiyanlari otasiz o‘ssa ham sog‘lom muhitda yashasin, deb ajratib olishdi.
Jizzaxdagi holat ham achinarli. Er shu darajada tubanlashib ketganki, yangi qurilayotgan uyiga deb qaynog‘alari keltirib bergan eshik-romlarni sotib ichib yuborgan. Uy-ro‘zg‘or ham ularning zimmasida – har zamonda qaynona bozorlik qilib beradi. Bir safar foydalanib bo‘lgandan keyin qo‘shnisinikiga yashirib kelayotgan yarim litrcha yog‘ni topib olib sotib ichgan. Shu holiga xotinni chalajon qilib uradi. Necha marta arazlab uyiga keldi, ammo o‘rtada, adashmasam to‘rt bola bor, o‘sha azobxonaga qaytib ketdi. Biroq kaltaklar, razil er va mashaqqatdan iborat turmush jondan o‘tgan ayol ajrashdi, bolalarini olib onasinikida yashab yuribdi hozir…
Ming afsus, million afsus, bunday, bundan ham badtar holatlar har bir qishloq, har bir mahallada uchrab turibdi. Erkaklar ichkilikka berilib da’yuslashib ulgurdi. Ularda na iymon, na nomus, na mas’uliyat bor. Kallada faqat bir fikr: bugun qanday qilib ichsam ekan?
Kattalar nomusini qo‘shib ichvorgandan keyin kichiklardan nimani kutish mumkin? Ona suti og‘zidan ketmagan tirmizaklarning pivo, arzon vino yoki aroq ichib yurishiga nima deysiz? Xullas, ahvol men tasvirlagan, siz tasavvur qilgandan ko‘ra og‘irroq. Nima qilish kerak?
Odamlarni, ayniqsa alkashlarni insofga chaqirish katta muammo. Bu muammoga islom chek qo‘yishi mumkin, desangiz, chekka qishloqlarda iymon-insofga chaqiradigan masjidlarning ko‘pi yopilib ketgan, odamlar din-diyonatdan ancha uzoqlashgan. Aroq sotishni taqiqlab qo‘ysangiz, xo‘kizning peshobini achitib ichishdan ham toymaydiganlar topiladi. Demak bu boradagi qonunlarni qattiqlashtirish, nazoratni kuchaytirish, chora-tadbirlarni kengaytirish kerak. Masalan:
to‘y-bayramlarda dasturxonga qo‘yiladigan alkogol ichimliklarga cheklov o‘rnatish, odam boshiga eng ko‘p me’yorlarni qat’iy belgilash, ichimliklar miqdori bilan birgalikda sifatiga ham talablarni oshirish, qoidabuzarlarga nisbatan shafqatsiz choralar ko‘rish;
qishloq joylarda, mahallalardagi kichik, yashirin do‘konchalarda, xonadonlarda alkogol ichimliklarni noqonuniy sotayotganlarga nisbatan choralarni oshirish, qonuniy rastalarda alkogol mahsulotlarini qarzga berish, gramlab sotishga chek qo‘yish, voyaga etmaganlarga sotishni amalda butunlay yo‘qotish;
alkogol ichimliklaridagi spirt miqdorini keskin kamaytirish (xuddi chet eldagi kabi), ular narxini yanada oshirish;
alkogol ichimliklar savdosi ustidan nazorat qiluvchi organlar xodimlarining shaxsiy javobgarligi va mas’uliyatini oshirish. Qishloqlardagi do‘konu xonadonlarda bekorga bemalol aroq sotilmaydi. Aksariyati soliqchilarni biznesiga ko‘z yumib o‘tishi uchun har oy yaxshigina «siylab» turadi. Evaziga soliqchi biror tekshiruv, reyd o‘tkazilsa tadbirkorlarni oldindan ogohlantiradi. Qarabsizki, rastalardan aroq «yo‘qoladi», aroq sotish ma’lum muddat to‘xtatiladi;
maktab darsliklariga ichkilikbozlik, chekish va boshqa illatlarning zarari to‘g‘risidagi mavzularni yanada aniqroq, yanada ta’sirliroq holda kiritish, ichkilikka qarshi ijtimoiy loyihalar, aksiyalarni aynan qishloq joylarda amalga oshirishi, ushbu mavzudagi ijtimoiy roliklar yaratib, telekanallarda berib borish, ichkilikning zararlari to‘g‘risida qisqa metrajli filmlar suratga olinishini rag‘batlantirish, bu bo‘yicha tanlovlar tashkil etish;
ichkilikbozlikka mukkasidan ketgan oilalarda sog‘lom muhitni shakllantirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish, bu yo‘ldan qaytmagan ota-onalarni ota-onalik huquqidan mahrum etishgacha choralar ko‘rish;
ichkilikbozlikka qarshi kurash borasidagi qonunlar ijrosini ta’minlashga mas’ul idoralar tarkibida maxsus “alkogol polisiya” xizmatini tashkil etish mumkin. Deylik, tumanlararo idora mas’ul xodimlari joylarda qonunchilik ijrosi yuzasidan “ovlar” tashkil etib, spirtli ichimliklarni qonunga xilof ravishda sotayotganlarni, to‘y-marosimlarda haddan ziyod ko‘p aroq qo‘yganlarni aniqlaydi va jarimaga tortadi. Masalan, xodimlar o‘zlariga biriktirilgan mashinada uzoqni tasvirga oluvchi kamera bilan spirtli ichimlik sotilayotgani taxmin qilayotgan do‘kon atrofida soqchilik qiladi.
Kimdir aroq sotib olsa, tasvirga oladi va do‘kon egasiga kerakli chorani ko‘radi. Ushbu xodimlarga maosh o‘rniga tushgan pulning ma’lum qismini berish bilan ularni rag‘batlantirish mumkin. Janubiy koreyalik tanishim bilan suhbatda shunga o‘xshash xizmatda ishlagani haqida aytib bergan edi. Farqi shundaki, Koreyada aroq sotuvchilari emas, chiqindilarni noqonuniy tashlovchilarga qarshi ana shunday chora qo‘llanilgan.
Manba: Fayzbog.uz “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi