Yalinishdan foyda yo‘qligini bilgach, qiz baqirishga tushdi. “Shunday qilsam, meni qo‘yib yuborishar”, deya umidlanardi u. Lekin aksi bo‘ldi.
— O‘chir ovozingni! — baqirdi haydovchining yonida kelayotgan yigit ortiga o‘girilib.
Nargiza “dod-voy”ni avjiga chiqardi. Yonida o‘tirgan yigitlardan biri uning yuziga tarsaki tortib yubordi. Qizning ko‘zidan olov chiqib ketdi, uni o‘chdi-yu, endi ichida mashinaning halokatga uchrashini iltijo qila boshladi, biroq tilagi ijobat bo‘lmadi. Mashina katta tezlikda shahardan tashqariga chiqib ketdi.
Ular dala hovliga yetib kelgach, to‘rtala yigitning uchtasi galma-gal bilaklarini rezina tasma bilan tortib o‘rab, tomirlariga ukol qilishdi. Shundagina Nargiza giyohvandlar qo‘liga tushib qolganini, endi sog‘ chiqib ketolmasligini bildi. U chiqmagan jondan umid qabilida sheriklarining “ish”iga qo‘shilmay, qo‘lidan ushlab uni tepaga tortqilayotgan yigitga hozir “betob” payti ekanini, bunday paytda “yuk” ko‘tarib qo‘ysa, bir umr nogiron bo‘lib qolishini aytib yolvordi. Biroq yigitning ko‘zida shafqat o‘rniga, shahvat o‘ti gurkirardi.
— Bunaqasini hali ko‘rmaganman. Bir sinarkanmiz-da, dahshat! — dedi u qiyqirib va qizni ikkinchi qavatga sudrab ketdi.
Yigit yotoq eshigini ochganida, Nargiza o‘zini taqdir izmiga topshirib qo‘ygandi. Ukasi kasalxonada o‘lim bilan olishib yotmaganida boshqacha yo‘l tutar, o‘zini o‘ldirardi. Mabodo qizlik sha’ni bulg‘angudek bo‘lsa, baribir Bobur sog‘aygach shunday qiladi. U shundog‘am turmush tashvishlari egovlab tashlagan onasini o‘yladi: Bobur oyoqqa turib ketgan taqdirda ham qizining o‘z joniga qasd qilishiga chidayolmaydi, omonatini ajalning qo‘liga topshiradi-qo‘yadi. Nargiza ikkilanar, taqdiriga, o‘zining shunday istarali, go‘zal bo‘lib yaralganiga o‘kinardi.
Yotoqda lo‘lisifat qizni ko‘rib, uning yuzi yorishib ketdi. Karaxt ahvoldaligidanmi, yigit bilan lo‘li qizning gaplari qulog‘iga kirmadi. Faqat ro‘parasidagi qizning:
— San bunga kim? Qizimiy? — degan so‘rovini eshitdi, xolos.
Nargiza uyqudan endi turganday bir muddat kalovlanib qoldi.
— O‘ynash bo‘lsayng, saniy nega sudrab keldiy?
— Opajon, — dedi u najotkorini topganday jovdirab, — bular narkomanlar ekan, yo‘lda meni mashinalariga bosib bu yoqqa olib kelishdi. Pastda yana uchtasi bor, meni qutqarmasangiz holimiz xarob, ular sizniyam zo‘rlashadi!
Lolaning egnidagi, Lazokat aytmoqchi, “durandulet” kiyim uning yoshini Nargizadan kattaroq qilib ko‘rsatar, Nargizaning lo‘li qizni “opa” degani boisi shunda edi.
— Ibiy, shundaychamiy, man saniy…
U gaplarini tugatolmadi. Pastki qavatga tushib ketgan yigit ko‘zlari qisilib ketayotgan sherigini ergashtirib chiqdi.
— Bashara, munga qara, yana bittasi o‘z oyog‘i bilan kelibdi, bitta karavotda ikkalamiz ikkovi bilan maishat qilamiz, “doda” chiqadi! — dedi u gandiraklab turgan o‘rtog‘iga.
— Qani bittasi? — so‘radi ko‘zlari yumilib ketayotgan yigit.
Uning aft-angori “bashara” desa degulik, yuziga tushgan husnbuzarni siqaverganidanmi, basharasi shudgorlangan yerday o‘nqir-cho‘nqir bo‘lib qolgandi.
— Kelgandan igna sanchmalaring devdim-ku! — to‘ng‘illadi yigitlarning tetikrog‘i sherigiga. — Lo‘lisiyam bo‘lovradimi?
Bashara “farqi yo‘q” degandek qo‘lini siltadi.
— Hay, xumkalla, — baqirib berdi shu paytgacha toqat qilib turgan Lola portlaguday bo‘lib, — og‘zimniy chakkasiyni ko‘rdingmiy?! — u labini barmoqlari bilan burib ko‘rsatdi. — Bittasiy biylan mushtlashdiym. Qoniyga bo‘yadiym, hozir saningam kallangniy qatig‘iniy chiqaraman.
Yigit boshini orqaga tashlab xoxoladi va asta Lolaga yaqinlasha boshladi.
— Manga tegiynma, maniym odamiym bor! — baqirdi qiz ortga tisarilib.
Yigitning qulog‘iga gap kirmasdi.
— Mansur, — dedi ortda turgan Bashara, — seniki endi mengami?
— Bilganingni qil! — dedi Lolaning ustiga bostirib kelayotgan Mansur o‘rtog‘ining gapiga e’tibor bermay.
— Manga tegiynsang, yetti pushtiyng kuyadiy! Otang biylan onang o‘ladiy! — dedi titrab Lola.
Shu mahal qarsillagan tovush chiqdi va Bashara “Vah!” deb yubordi. Mansur shart ortiga o‘girildi, Bashara yerga qapishib, ikki qo‘li bilan boshini changallab qolgan, barmoqlari orasidan qon sizardi. Nargiza Mansurga tikilib qotib turar, a’zoyi badani “qalt-qalt” titraganidan qo‘lidagi vaza tushib ketguday edi. U o‘ziga tashlangan Basharaning boshiga Mansurning otasi Turkiyadan olib kelgan osori-atiqa — qadimgi qimmatbaho vaza bilan tushirgandi.
— Nima qilding, iflos! — Mansurning ko‘zi olayib ketdi. — Qo‘lingdagi matoh sendan qancha qimmat turishini bilasanmi?!
— Agar qo‘yib yubormasanglar, hozir chil-chil bo‘ladi! — lablari titrab baqirdi Nargiza. Uning po‘pisasi yalinishga o‘xshab ketardi.
— Onang…
Mansurning so‘kishi bo‘g‘zida qoldi, Lola uning o‘girilganidan foydalanib, bo‘yniga chang soldi. Kutilmagan hujumdan Mansur dovdirab qoldi.
— Hay, qiyz, — qichqirdi Lola, — boshiyga ur!
Mansur endi oldidan tashlangan qizning hamlasiga chap bermoqchi bo‘lib tipirchilardi. Lola uning bo‘ynidan chayir qo‘llarini o‘tkazib olib, bor kuchi bilan bo‘g‘ishga tushdi. Mansur uni ustidan oshirib tashlamoqchi bo‘lib qo‘lidan tutgan edi, Nargiza uning peshonasiga qo‘lidagi vaza bilan tushirdi. Mansur “Vah!” degancha qulab tushdi.
— Voy! O‘ldirib qo‘ydim! — qo‘rqib ketib, dag‘-dag‘ qaltiray boshladi Nargiza. — Sho‘rim qursin, endi nima qilaman?!
Shu payt uning qo‘lidagi vaza polga “qars” etib tushdi-da, chil-chil bo‘lib ketdi.
— Battar bo‘siyn, qochamiyz! — dedi Lola va Nargizaning qo‘lidan ushlab eshik tomonga tortdi.
Peshonasi yorilib, yuz-ko‘zi qoniga belangan Mansur qizlarning eshikdan qochib chiqib ketishayotganini g‘ira-shira ilg‘adi. So‘kmoqchi bo‘lib og‘zini juftladi, ovozi chiqmadi. U hushidan ketayotgandi.
Qo‘rquv g‘olib kelib, qizlar pastki qavatga yugurib tushib qolishganini sezishmadi. Bu paytda Mansurning hamtovoqlari nashaning kayfidan, o‘zlari aytmoqchi, “jannatda kezib yurishardi”.
Qizlar ularning yonidan o‘tayotib bir zum to‘xtashdi. Nargiza xavotirlanib Lolaga qaradi.
— O‘liyb qoliyshgan, — dedi Lola qo‘lini siltab va eshik tomon ildam yurib ketdi. Ketidan Nargiza ergashdi. Nargizaning yuragi hapriqar, go‘yo lo‘li qizdan bir qadam ortda qolsa, nashavandlar yetib kelib, uni ushlab qoladiganday tuyilardi.
Lola darvoza tabaqalarini ocha boshladi.
— Nima qilayapsiz? — hayron bo‘ldi Nargiza. — Anavilar kelib qolishadi-ku!
— San moshiyn haydaysanmiy? — dedi Lola uning gapini javobsiz qoldirib.
— Adam yoshligimda ozroq o‘rgatgandi, — dedi Nargiza endi uning nima qilmoqchiligini fahmlab, — lekin tez haydolmayman.
— Seki-n haydasayam bo‘ladiy.
Nargiza qo‘rqa-pisa mashinani o‘t oldirdi, kalitni qattiq burab yubordi, shekilli, oppoq “Neksiya”ning motori bir zo‘riqdi. Qiz shoshib qo‘lini kalitdan olgandi, motorning tovushi tekis nafas olayotgan odamday, me’yoriga tushdi. Biroz xotirjam tortgan qiz mashinani sekin joyidan qo‘zg‘atdi.
Katta yo‘lga chiqib olganidan keyin ham u tezlikni oshirmadi, “Neksiya” toshbaqaday imillab ketaverdi. Lola avvaliga yo‘lga qaragancha jim ketdi, biroq ancha yo‘l bosishgach zerikdi chog‘i, rulga yopishib olgan Nargizaga qarab-qarab qo‘ydi-da, sabri chidamay:
— Hay, shafyor opa, iyldam-iyldam haydang, toshvoqayam biyzdan tez ketadiy, — dedi kulimsirab.
Uning gapidan Nargiza zavqlandi, miyig‘ida jilmayib, lo‘li qizga bir qarab oldi.
— Essiyz, — dedi Lola ham uning qilig‘idan kulib, — man shafyorga o‘qimagan-da, bo‘ylmasa samalyotniy qoldiraydim.
— Uyga yetib olaylik, o‘rgatib qo‘yaman.
— Shundaycha haydashgamiy? Kerakmas. Ukamni aravasiy bor. Hangiy eshshagiyga taqadiy. Shuniy miynaman. Biyr changimda qoldiyray saniy, biyr qoldiyray, hamma tamosho qilsiyn.
Nargiza hangi eshakni choptirib aravada ketayotgan Lolani ko‘z oldiga keltirib kulib yubordi. Bir zum ko‘rgan azoblari unut bo‘ldi, chuqur nafas olib tag‘in lo‘li qizga qarab qo‘ydi-da, gazni qattiqroq bosdi. Mashina o‘kirib, tezligi oshdi.
— Shundaycha xillani bosib tur bunga. Tez chopadiy, — dedi Lola.
— Kattaroq tezlikka olishga qo‘rqyapman. Boshqarolmay qolaman… Aytgancha, hali tanishmadigam, ismiyz nimaydi?
— Lola.
— Meniki Nargiza… Lekin-chi, sizni uchratganim zo‘r bo‘ldi-da. Endi sharmanda bo‘ldim, deb o‘ylagandim.
— Niyma, sanga yigiyt kishiy moshinaga chiq desa, miynib ketaverasanmiy?
— Ey, opa, — dedi Nargiza xo‘rsinib va bo‘lib o‘tgan voqealarni birma-bir gapirib berdi.
Lo‘li qiz uning gaplarini bo‘lmay diqqat bilan eshitdi. Keyin afsuslanib, xuddi qari lo‘lilarday boshini sarak-sarak qildi:
— Mandan oz qiynalibsan, baribiyr. Maniy tashvishiym ko‘p. Saniy yoshing nechchiga? — deb so‘radi.
— O‘n to‘qqizga kirayapman.
— Ibiy, manga opaykansan-ku. Man o‘n yettiygaman!
Nargiza biroz xijolat chekdi-yu, biroq buni sezdirmaslik uchun yo‘lga qattiq tikildi.
Oradan o‘n daqiqalar o‘tib, lo‘li qiz yana tilga kirdi:
— Maniy uyga borsam o‘ldirishadiy. Bizga “zakon” yamon. Siyzga yaxshiy, urishadiy, tamom, — dedi u o‘ychan.
— Nima ayb qilib qo‘ygansiz? — hayron bo‘ldi Nargiza.
— Ey-y, opacham, siyz so‘ramang, man aytmay! Aytsam yerga qo‘shilib osmon yonib ketadiy, keyinroq bi-yr aytaman. Buguncha manga yotoq bersangiyz, shuni siyzga iltimos qilmoqchiydim.
Nargiza Lolaning iltimosiga darhol rozi bo‘ldi-yu, keyin o‘ylanib qoldi: “O‘zi lo‘li qiz bo‘lsa. Kim biladi, miyasida nima o‘yi bor? Uyimizda qo‘lga ilingulik biron nima yo‘g‘-u, baribir… Aytmoqchi, u yoqlarda bu qiz nima qilib yurgan ekan? O‘zi, uning oldida qarzdorman-u, yana nimalarni xayol surayapman, men ahmoq?! Agar bu qiz uyimizni ko‘tarib ketsayam haqi bor. U meni qutqardi-ku!” Nargizaning lo‘li qizga mehri jo‘sh urdi. Beixtiyor Lolaga o‘girilib:
— Rahmat, — deb qo‘ydi mayin ohangda.
Uning “rahmat”ini o‘zicha tushungan Lola boshini silkib jilmaydi.
Nuriddin ISMOILOV
(Keyingi qismlarni yaqin soatlarda o‘qiysiz)
Manba: hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi