Aziz muxlislar, avvalroq ma’lum va mashhur, biroq o‘zining mavhumligi bilan kishilar ruhiyatiga allaqanday qo‘rquv soladigan o‘lim hodisasi haqida ayrim fikr-mulohazalarni bayon qilgan edik.
O‘zingizga ma’lum, ayrim tadqiqotlar, aniqrog‘i ilmiy farazlar — sodir bo‘lgan va bo‘layotgan voqea-hodisalarning statistik ma’lumotlariga “tayanib” xulosa beradi.
Biroq statistik ma’lumotlarning aniq bir ilmiy xulosaga yetaklashi dargumon. Shunday bo‘lsada, “to‘plangan faktlar” orqali ayrim mulohazalar oydinlashishi mumkin.
Klinik o‘lim — bu ajal tomonga tashlangan bir qadam...
U sodir bo‘lganda kishining yuragi urishdan to‘xtaydi, nafas olmaydi, tashqi ta’sirlarga javob qaytarmaydi, biroq organizmda moddalar almanishuvi, vaqtincha bo‘lsada, davom etib turadi.
Demak, uning “tirilishiga” ma’lum ma’noda imkon bor...
Ruhning vazni bormi?
Insonning ruhi haqida juda ko‘p ilmiy farazlar mavjud. Rejissyor Aleksandro Innaritning “21 gramm” deb nomlangan filmi ekran yuzini ko‘rganidan so‘ng ruhning og‘irligi, yoxud uning vazni bormi yoki yo‘q — ushbu savollar atrofida turli bahsmunozaralar paydo bo‘la boshladi.
Haqiqatdan ham operatsiya stolida yotgan bemor jon bersa, uning tanasi 0,06–0,1 % vazn yo‘qotishi qayd etilgan.
Masalan: 70 kilogramm vaznlik kishi qazo qilgandan so‘ng taxminan 40–70 gramm tana og‘irligi o‘z-o‘zidan yo‘qoladi.
Buni biokimyo olimlari tana hujayralaridagi “tezkor yemirilish” oqibati sodir bo‘ladi, deya izohlaydi.
Yana bir hayratlanarli tomoni shundaki, jonsiz jasadni ko‘tarishganda tirikligidagiga nisbatan “og‘irlashib” qolganini sezish mumkin.
Bu o‘limdan so‘ng vazn yo‘qotish faraziga mutlaqo zid, biroq inkor qilib bo‘lmas haqiqat ham.
Klinik o‘limga bir misol...
Serbiya fuqarosi Lyubomir Sebich yurak huruji tufayli naq ikki kun operatsiya stolida o‘lim bilan olishadi. U 17 marta “o‘libtiriladi”. Ya’ni klinik o‘lim sodir bo‘lganda uni shifokorlar uni 17 marta “narigi tomondan chaqirib” olishadi. Bu tibbiy xulosa varag‘iga qayd etilgan rasmiy dalil.
E’tiborlishi shuki, tibbiyotda bunga o‘xshagan holat ilgari uchramagan (qayd etilmagan) edi...
Klinik o‘limni boshidan kechirganlarning hikoyalarini umumlashtirib, ularning aksariyati guvohi bo‘lgan sahna harakatini tasvirlab berish mumkin.
...Allaqanday yengillik, vaznsizlik orqali yuqoriga ko‘tarilgan bemor nogahon o‘zing jonsiz tanasini ko‘rib qoladi-yu hayratdan qotadi!
U og‘irlik sezmaydi... Tabiiyki og‘riqlardan bezor bo‘lgan bemor birdan dardlaridan forig‘ bo‘lib allaqanday rohatni his etadi.
So‘ng uning o‘lganini aytayotgan yoki uni hayotga qaytarish uchun harakat qilayotgan shifokorlar va hamshiralar suhbati...
U o‘zining sezgilari: ko‘rish, eshitish, hid bilish va his qilishlar yo‘qolmaganini bilgach, shifokorlarga nimalarnidir aytgisi keladi. Hatto ularning yelkasini qoqib qo‘ymoqchi ham bo‘ladi. Biroq uni hech kim na ko‘radi, va na eshitadi...
Kimdir tanasiga qaytishni istaydi, yana kimdir o‘zini “ozodlikka chiqqandek” his etib, tanasi tomonga intilmaydi.
Olisdagi yorug‘lik...
Aksariyat hollarda “vaqtinchalik o‘limga” duch bo‘lganlar jonsiz tanasi atrofida “sayohat qilish” bilan cheklanadilar.
Ayrim hollarda esa ruhning “boshqa dunyolar”ga tashrif buyurishi bayon etiladi.
Masalan: ko‘pchilik qorong‘u tunel orqali allaqanday nur ko‘rinib turgan tomonga harakatlanadi. Yorug‘lik tushib turgan makon nihoyatda go‘zal joy bo‘lib chiqadi-yu uni qazo qilgan qarindoshlari o‘zgacha xursandchilik bilan kutib oladilar.
Ayrim kishilarning bayonida aytilishicha, ular tunel oxiridagi bizning tasavvurimizga sig‘maydigan joyda o‘zidan nur taratadigan, muloyim va mehribon “mahluqlar”ga duch keladi.
Ba’zilar esa allaqanday to‘siqlarga ro‘baro‘ bo‘lishadi.
So‘z bilan tushuntirib bo‘lmas tuyg‘ular orqali agar o‘sha to‘siqdan o‘tsa, “orqaga” qaytolmasligini sezishadi ham. Biroq hamma ham tanidan tashqaridagi “sarguzashtlarini” aniq-tiniq eslolmaydi.
Ko‘pchilik kuchli yorug‘lik qo‘rshovida bo‘lib, allaqanday “nurli mavjudodlar” bilan suhbatlashadi.
Tajriba natijasi hayratga soldi...
Ingliz shifokorlari tomonidan olamshumul tajribalar o‘tkazildi. Sautxempton shahridagi gospitallarning birida faoliyat yuritayotgan Sem Parnia ushbu tajribalarni bir necha yil oldin boshlab yuborgan edi.
Ko‘p o‘tmay uning natijalari e’lon qilindi va bu bir qator ilmiy risolalar yozilishiga sabab bo‘ldi.
Tibbiyot muassasasi Semning tashabbusi bilan birinchi marta o‘zgacha (mavjud standartlarga mos kelmaydigan) tarzda jihozlandi.
Palata va operatsiya xonalarining shifti ostiga rangli suratlar tushirilgan taxtalar qoqildi. Buni faqat tepaga ko‘tarilgan kishi ko‘ra olishi mumkin edi-da...
Turli kasalliklar bilan operatsiya stoliga yotqizilgan bemorlarning yuragi urishdan to‘xtab qolsa, darrov unga zarur muolaja qilish bilan birgalikda o‘rnatilgan videokamera va ovoz yozish uskunalari ishga tushiriladi.
Klinik o‘limdan muvaffaqiyat bilan chiqarilgan bemorlarning har bitta ishorasi-yu gaplari birma-bir o‘rganib chiqildi.
Uch yil Sem va uning hamkasblari tomonidan o‘tkazilgan tajribada 63 nafar bemor “qayta tiriltirildi”. Ularning uchdan bir qismi klinik o‘lim paytida nimalarni ko‘rganiyu, nimalarni eshitganini aniq eslay olishadi.
Biroq biron kishi shift ostidagi rangli suratlarni ko‘rmagan. Bu bemorlarning yolg‘on gapirgani natijasimi yoki ularning e’tiborsizligi oqibatidanmi — tushunish qiyin.
Ruh mavjud...
Olimlar tomonidan o‘tkazilgan qator tajribalarda “narigi dunyoga sayohat” qilganlarning umumiy his-tuyg‘ulari izchil o‘rganildi.
Vaznsizlik, og‘riqni his etmaslik, yorug‘lik va qorong‘ulik uzra suzish (uchish), marhum qarindoshlar bilan ushrashuv...
Demak, hamma holatda ham tana emas, boshqa bir narsa ishtirok etayapti!
Oksford universitetining mashhur nevrologlaridan birining fikricha, ruh mavjud va u tana bilan birga o‘lmaydi.
– Bunday paytda miyaning “yopilish marosimi”ni xotirasiga yozib olishga vaqti yetmaydi, – deydi professor Piter Fenis. – Masalan, infarktda kishi bir lahzada hushini yo‘qotadi. Qanday yo‘qotganini, hushidan ayrilishidan 4–5 soniya oldin nima bo‘lganini eslolmaydi. Buni kishi qanday ko‘zi ilinganini (uxlab qolganini) eslay olmasligiga o‘xshatish mumkin. Hushning yo‘qolishi bilan esa shu zahotiyoq xotira ham “o‘chadi”.
Kishilarning yodida qolishi mumkin bo‘lmagan sahnalarni eslab qolinishiga nima deysiz? Negaki, ular beixtiyor tanasi “o‘lib”, ruhi “ishga tushganda” sodir bo‘lgan manzaralar haqida gapirmoqda.
Demak, tanadan tashqari his qilish, eshitish va eslab qolish kabi qobiliyatlarga ega bo‘lgan yana bir tana — ruh mavjud bo‘lishi mantiqan to‘g‘ri.
Ayrim malakali neyrojarrohlarning fikricha, klinik o‘lim — hayot va o‘lim orasidagi bir holat. Bu hali o‘lim degani ham emas, biroq tiriklik nishonasi ham emas. Klinik o‘lim markaziy asab tizimining ishdan chiqishi va qon aylanishining to‘xtashi bilan boshlanadigan fiziologik holat bo‘lib, uning sababi turli xil potologiya: jarohat, surunkali kasallikning oxirgi bosqichi, hatto qandli diabet asoratlari bo‘lishi mumkin.
Odatda klinik o‘lim 4–7 minut davom etadi. Mana shu vaqt ichida “o‘zini idora qilolmay qolgan” asab hujayralarini saqlab qolish qilish mumkin.
Uzoq vaqt behush holatda bo‘lish — bu koma. Klinik o‘limdan so‘ng “tirilish” imkoniyati juda kam...
Yuqoridagi fikrlarni bayon etgan neyrojarrohlar besh yashar qizcha 20 minutlik klinik o‘limdan so‘ng omon qolgani haqida guvohlik bergan.
O‘lim, oxirat haqidagi tushunchalar hali hech kim tomonidan to‘lig‘icha kashf etilgani yo‘q. Balki shunisi bilan ham u sirli, qiziq, kishilar e’tiborini jalb qiladigan hilqatdir.
Musulmon kishi bir kunda berilgan rizq, ko‘rsatilgan kunga shukronalar aytish barobarida kamida 7 marta banda ekanligini (vaqti kelib o‘lim topishini) bo‘yniga olishi lozim, degan gaplar bor.
Dunyoning qanchadan-qancha sir-asrori yechimini topgan Ibn Sino “...yechilmay qolgani birgina ajal” degan edi.
Axir bu tabiat qonuni — o‘lim bo‘lmasa tug‘ilishdan mantiq yo‘q...
Aziz muxlis, eslatib o‘tamiz, “Bu qiziq” va “Salomatlik” ruknlari orqali e’tiboringizga qiziqarli ma’lumotlar, turli mavzudagi tavsiya va maslahatlar berib bormoqdamiz.
Jumladan, kishilarning yillik yoshidan farq qiluvchi embrional yoshi, bundan tashqari, ortiqcha vazn bilan bog‘liq muammolar, to‘g‘ri ovqatlanish qoidalari, homiladorlikda qon bosimi, kishilarning 5 ta sezgi tuyg‘ulari va “oltinchi tuyg‘u” deb atalmish hodisalar haqida qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etgan edik.
Manba: Qalampir.uz “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Ukraina Kursk oblastida egallab olgan hududlarining 40 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi
Medvedev: Maxsus harbiy operatsiya uchun qurollarning aksariyati Rossiyada ishlab chiqariladi
BAAda isroillik ravvin o‘ldirib ketildi
Superligani qaysi klub tark etadi? Kumush medal kimga nasib qiladi?
O‘zbekistonda tadbirkorlar uchun ayrim ma’muriy javobgarliklar bekor qilinadi
Xitoylik hakerlar AQSHdagi 150 nafar siyosatchi ortidan josuslik qilgan bo‘lishi mumkin
Germaniyalik fermerning sigiri to‘rtta buzoq tug‘di
Rossiya Buyuk Britaniya diplomatiga qarshi keskin chora qo‘lladi