09:04 / 20.11.2017
8 718

Birga kular edik, birga yig‘lay olmadik...

Birga kular edik, birga yig‘lay olmadik...
Balki xatoliq mendan o‘tgandir? Bilmadim, bilganim shuki, bu ishim bilan yigirma yillik qadrdon dugonamni yo‘qotdim. Va do‘stlik, mehr- muhabbat vaqt va masofa bilan emas odamiylik, tarbiya bilan bog‘liq ekanini anglab yetdim. Yo‘q, u bilan muloqotlarimiz, munosabatlarimiz uzilgani yo‘q. Biroq qalban uzilishganmiz. Chunki insonlarni nafratdan avval ishonchsizlik, boshingga tashvish tushganida sendan yuz o‘girishlari uzoqlashtiradi...

Hech kutilmaganda ishxonamda shtatlar qisqartirish boshlandi. Til-zabonlikkinaman. Ya’ni, nohaqlikka chidayolmayman. Bir necha marotaba rahbar, o‘rinbosari va bosh hisobchiga nohaqligini aytib dakki berganman. Albatta qisqartirish jarayonida menga o‘xshagan haqiqatparvarlar, ularning nazarida “ig‘vogarlar” birinchilardan bo‘lib ro‘yxatga tushadi. Xullas, qisqartirish ro‘yxatining avvalida ekanman. Pastkashlarga pastlamadim, “Keyingi oydan yana o‘zimiz chaqirtirib olamiz” degan va’daga istehzoli jilmayib ishxonamni tark etdim. Erim ham ishlaydilar.

To‘rt bolaning xarajatlari, ro‘zg‘or, orzu-havaslarimiz... Bolalarimiz ham birin-ketin bo‘yga yetib kelmoqda. Bola katta bo‘lgani sari, orzu-havas ko‘payadi, sarf-xarajati ko‘payadi. Hammasini erimga yuklab qo‘yib o‘tirolmayman. Yosh qizligimda yangam — katta akamning ayolidan bichish-tikishni, pishiriqlar pishirishni o‘rgangan edim. Ko‘pincha o‘zimga, qizlarimga kiyimlarimizni o‘zim tikardim. Bo‘sh paytlarim tanish-bilishlar, qo‘shni ayollarga ham kiyimlar tikib, ro‘zg‘orga qo‘shimcha daromad qilardim. Qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘ning to‘y-to‘ychig‘iga pishiriqlar, shirinlik va salatlar tayyorlab, oz-moz qo‘shimcha pul topib, kamimizga yaratardim. Ishdan bo‘shaganimdan so‘ng fikrimga kelgan birinchi o‘y tadbirkorlik qilish bo‘ldi. Erimga yorilgandim, o‘ylanib qoldilar:

- Ikkita kreditimiz bor, ipoteka uy, avtomashina olganmiz. Buning ustiga, bo‘lib to‘lash sharti bilan kir yuvadigan mashina, oshxonaga dudburon olganmiz. Ko‘rib turibsan, men uyga bir tiyin ham pul olib kelolmayapman, oylik maoshim shundoq kredit va bo‘lib to‘lashga ketyapti. Tadbirkorlik uchun esa sarmoya kerak, pulni qayerdan olamiz?
Erimning fe’l-atvorini bilaman. Har qanday holatda, muhtoj bo‘lib qolsak ham o‘zining yo mening tug‘ishganlarimdan qarz so‘ramaydi, yaqinlarimizga qiyin holatimizni bildirishni istamaydi. Ota-onamdan yo ukalarimdan qarz olaman, desam erim tutaqib ketishi tayin bo‘lgani uchun, yaqin dugonam tilimga keldi:

- Mehrinisodan qarz olib turaman, boshlanishiga 10-15 million bilan ish boshlasak bo‘ladi. Ko‘nglim sezib turibdi, dadasi, ishlarimiz yurishadi...
- Qarz bilan ish boshlaysanmi?- erimning ko‘ngli chopmadi.
- Dadasi, xo‘p deyavering, iltimos. Alloh g‘ayratli bandasini sevadi, harakatimiz besamar ketmaydi. Hozir qarz ko‘tarishdan boshqa ilojimiz ham yo‘q-da...

Erimning boshi quyi solinib, sekin tasdiq ishorasini berdilar. Kreditga uy olayotganimizda boshlang‘ich to‘loviga ozgina yetmay qolgan edi, zebu ziynat, taqinchoqlarimni o‘shanda sotib bergandim. Sotishga arzirli boshqa narsamiz yo‘q edi. Mehriniso bilan yigirma yillik qadrdon dugonamiz. Talabalik chog‘imizdan beri bir partada o‘tirib, bir yotoqxonada yashab xuddi jon jigar opa- singillardek bo‘lib ketganmiz. Erimga ishonch bilan undan qarz so‘rashimni aytganim, dugonamning eri bir necha yildan beri xorijda ishlaydi. Ba’zan “xorijda o‘zlarining firmalari bor, tijorat bilan shug‘ullanadilar, o‘zbek oshxonalarini ochganlar” deb g‘ururlangandek ham bo‘lgandi. Dugonamdan qarz so‘rasam ra’yimni qaytarmasligiga qat’iy ishonardim. Ammo...

Mehriniso ishdan bo‘shaganim, tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lganimu, ish qurollari, masalliqlar va ijara haqi uchun pul kerakligini, shunga bir yil muddatga o‘n million so‘m qarz berib turishini aytdim. Avval chuqur “uh” tortdi. So‘ng yuziga asabiylik nuqsini berib gap boshladi:

- Tadbirkorlik sen aytganingday oson ish emas. Mana, ukalarim ham tadbirkor, topgani soliqlariyu, mayda-chuyda xarajatlardan ortmaydi. Buning ustiga hali m mahalla oqsoqoli, hali hokimiyatdagilar “Falonchiga moddiy yordam qil”, “Pismadonchiniga homiylik qil” deb to‘rt tomonga yulqiydi. Undan ko‘ra biror joyga ishga kirib, tinchgina ishingni qilib yurganing yaxshi-ku? Oliy ma’lumotli hisobchi bo‘lsang, buning ustiga necha yillik tajribang bor, xorijiy tillarni bilasan, senday xodimga har qanday ishxona ehtiyoj sezadi. O‘zi nega senga qisqartirish keladi, shu ishxonangning ustidan yozsang-chi?!

- Nima keragi bor ortiqcha bosh og‘riqni?!- Qarz bermaslik uchun aql o‘rgatayotgan qarshimdagi dugonamni yigirma yildan beri endi ko‘rayotgandim.- Xususiy tashkilot bo‘lsa, buning ustiga bitta menga emas, 5-6 xodimga qisqartirish berishdi. Faqat o‘zining qarindosh-urug‘i, oilasidagilar qoldi. “Iqtisodiy ahvolimiz yaxshi emas maosh berolmaymiz” deyishdi. Qolaversa, ishdan bo‘shatishgani yo‘q, o‘z hisobingizdan noma’lum muddatga to‘lovsiz mehnat ta’tili olinglar, deyishdi. Kim biladi ularning iqtisodiy ahvoli qachon o‘nglanadi. Aynan yaxshi iqtisodchi bo‘lganim uchun ham tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchiman. Bilimim va kuch-g‘ayratimni foydali ishga sarflashni istayman. Biroq boshlanishiga tavakkal qilib qarz ko‘tarmasam bo‘lmaydi...

Mehrinisoning uyidan qanday chiqib kelib, uyga kelganimni bilmay qoldim. Yigirma yillik dugonam, har bir nafas olganimu nima o‘ylashim haqida batafsil biladigan dugonamning “yangi qirra”sini kashf etganim bir tomon, erimning ko‘ziga qanday qarayman, dugonam qarz bermay nasihat qildi deb qanday aytaman, degan og‘ir o‘y bir tomondan ezardi. Uyga keldim. Bolalar maktab-bog‘chasida. Dadasi ishda. Ostonadan ichkariga qadam qo‘yar-qo‘ymas ho‘ngrab yig‘lab yubordim. Uzoq yig‘ladim. Sababini anglab-anglamay yig‘ladim. Ammo muhaqqaq iztirobimni birovga tushuntirolmasdim. Ko‘nglimda ikki “men”im olishardi. Biri dugonamdan ranjib, unga qilgan yaxshiliklarimni bir-bir esga olar, ikkinchi “men”im esa pulni eri topgan bo‘lsa u qanday jasorat bilan dugonasiga qarz beradi, deb dugonamni yoqlardi. Xullas, bu o‘y xayollardan menga naf yo‘q edi. Birozdan so‘ng hammasini unutib, kechqurun erimga qanday tushuntirishimni o‘ylay boshladim. Qo‘lim ishga bormay qoldi. Bolalarning maktabdan qaytishiga biror yegulik tayyorlash uchun oshxonaga kirgna edim qo‘l telefonim kuy chalib qoldi.

“Qaytganimdan so‘ng Mehriniso o‘ylab, pul berishga qaror qilgan” degan o‘yda entikib telefonimga qarasam ekranda Xorazmlik feysbuk ijtimoiy tarmog‘ida tanishgan tengdosh ayolning raqami ko‘rindi. Feysbukda tanishib, bir-birimizga fikrlarimiz ma’qul kelgandi, raqam almashgandik. Bir –ikki telegram tarmog‘ida gaplashgan ham edik. Poytaxtga kelmoqchiligini, uyimda mehmon bo‘lishini aytdi. Albatta kutib olishimizni aytdim. Biroz ko‘nglim yorishdi. Kechki payt erimga “Biror haftalarda Mehrinisoga eri pul jo‘natar ekan, beraman, dedi” deb yolg‘on gapirdim. Yolg‘on gap o‘zini sezdiradi. Erim payqagan bo‘lsa-da, ko‘nglim uchun indamay qo‘ydi. Bu badtar meni cho‘ktirdi.

Ikki kundan keyin feysbukda tanishgan dugonam keldi. Birinchi marta uchrashdik. Ko‘ngli ochiq, chehrasi nurli ayol ekan. Eri Rossiyaga ishlagani ketib, o‘sha yoqlarda uylanib olgan, ikki o‘g‘li bilan Bikajon o‘z boshiga yoqqan qorni o‘zi kurab yashardi.

- Men o‘zimni ersiz deb hisoblamayman, derdi u.- O‘g‘illarimning otasi baribir bir kuni qaytib keladi. Faqat sabr qilib kutayapman. To‘g‘ri, yoshligim, husnim bir betayinni kutish bilan o‘tib ketyapti, lekin bilaman, albatta buning ajri bor...
O‘sha kuni tuni bilan gaplashib chiqdik. Bikajon tadbirkor ayol edi. Toshkentga ham ish yuzasidan kelgan ekan. Negadir qulfi dilim ochilib, Bikajonga Mehriniso bilan bo‘lgan voqeani gapirib berdim. Jimgina eshitdi meni. Unga notanish, menga yigirma yillik qadrdon bo‘lgan dugonamni yomonlamadi. Yoqlamadi ham. O‘ychan alpozda:

- O‘sha pulni men sizga berib turishimi mumkin,- dedi.- Faqat bir shartim bor...
- Qanday shart ekan?- dedim hayron bo‘lib.
- Men pul tikaman, siz ish boshlaysiz. Foydani bo‘lishamiz. Agar, xudo ko‘rsatmasin, ishimiz o‘xshamasa, men pulimga kuyaman, siz mehnatingizga...
- Ya’ni...
- Ya’ni, sizga sherikchilikka pul tikaman. Foydani bo‘lishamiz, bu foiz bo‘lmaydi. Qachonki, siz o‘zingizga sarmoya qilib olsangiz, mustaqil ishlamoqchi bo‘lsangiz, men tikkan pulni qaytarasizu, o‘zingiz ishlay boshlaysiz. Ma’qul bo‘lsa, bugunoq ertagayoq hisob raqamingizga pul tushadi...
Meni birinchi marta ko‘rib turgan ayolning mardligi, tantiligidan bir quvonsam, bir xavotirga tushaman. Bir xilvat topib sekin erimga tushuntirsam, kulimsiradilar:

- Bu ayol yaxshigina tavakkalchi ekan-ku, agar eplashga ko‘zing yetsa, qo‘l ursang bo‘ladigan ish. Islomda bunday hamkorlik haqida aytilgan. “Muzoraba” deyiladi bu.
- Ha, shundaymi? Demak, ishlasam bo‘ladi-a?
- Ha, bo‘ladi...

Men Bikajon bilan ishlagani cho‘chimadim. Chunki niyatim xayrli edi va albatta ishim baroriden kelishiga ishonardim. Shukr, hozir kichik bo‘lsa ham ishim bor, daromad qilyapmiz, insonlarga foydamiz tegyapti. Men ham, Bikajon ham xursandmiz. Mehriniso bilan gaplashib, uchrashib turamiz, ammo negadir u xijolat chekadimi yo men uyalamanmi, bilmadim, qandaydir yoqimsiz holatga tushamiz. Ba’zan yuragimda og‘riq sezaman. Og‘riqki, necha yillik qadrdon dugonamdan topmagan ishonch va quvvatlanishni umrimda birinchi marta ko‘rgan, tag‘in internetda tanishgan ayoldan ko‘rdim. Hayot, ana shunaqa dugonajon, ba’zan birgina holat butun his-tuyg‘ularing va dunyoqarashingni mutlaqo o‘zgartirib yuboradi...
Umida Adizova

Manba: Erk.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Birga kular edik, birga yig‘lay olmadik...