20:18 / 12.12.2017
6 828

Yangi ish joyiga moslashishga doir tavsiyalar

Yangi ish joyiga moslashishga doir tavsiyalar
Ko‘pchilik yangi ishga o‘tganda ishni nimadan boshlashni, o‘zini qanday tutishni bilmay qoladi. MDHning eng muvaffaqiyatli faoliyat olib boruvchi HR-direktorlaridan biri Mixail Pritula (12 yildan buyon shu sohada faoliyat yuritadi, undan avval «Wargaming», «STB», «Alfa-Bank»da ishlagan) "Layfxaker"da shu mavzuga doir tavsiyalari bilan bo‘lishdi, deb yozmoqda Kun.uz nashri.

Xodimlar adaptatsiyasi yoki G‘arb tili bilan aytganda, onboarding mavzusiga ko‘p tadqiqotlar, maqolalar, tavsiyalar va hatto kitoblar ham bag‘ishlangan. Kitob nomlari, statistika, havola va boshqalar bilan boshingizni qotirmay, darhol maqsadga o‘taman va HR sohasidagi 12 yillik ish tajribamdan kelib chiqib, bir necha tavsiyalarim bilan bo‘lishaman.

Yangi ishga moslashish o‘z-o‘zidan ro‘y bermaydi

Inson qancha o‘z ishining ustasi bo‘lmasin, yangi ishga o‘rganishi oson kechmaydi. Ko‘pchilik zo‘r professionalni ishga olsam, nima qilish va qanday molashish borasida muammolar bo‘lmaydi, deb o‘ylaydi. Bu professionallik belgisi hisoblanadi. Moslasha olmadimi - demak, profi emas. Keyingisi!

Aslida yangi ishga moslashish anchagacha cho‘ziladi va yangi xodim 3-6 oydan keyingina jamoaga to‘liq moslashadi. Sifatli adaptatsiya bilan bu muddat ikki barobarga qisqaradi.

Birinchi kun oson bo‘lmaydi

Shunday qilib, adaptatsiya — juda foydali jarayon ekanini tushundingiz. Nima qilish kerak, qayoqqa yugurish kerak? Tezda xodimlaringizni jamoaga moslashtirish bilan shug‘ullanuvchi HR-menejerni ishga yollash kerak. Eng avvalo esa, tinchlanib olish kerak. Adaptatsiya muvaffaqiyati 90 foiz birinchi ishchi kunga bog‘liq va buni rahbarning o‘zi sifatli uddalashi mumkin. Biroq bunga biroz tayyorgarlik kerak bo‘ladi.

Hujjatlar

Bu vaqtga kelib hujjatlar imzolanganiga ishonch hosil qiling (xodimlar kompaniya tomonidan hujjatlarning imzolanishi cho‘zilishini yoqtirishmaydi). Imkoni bo‘lsa, buni oldindan tayyor qilib qo‘yish kerak.

Masalan, «STB»da biz tayyor anketani nomzodga yo‘llardik, u anketadagi savollarga javob yozib, bizga jo‘natardi. «1S»da barcha shartnomalarimiz joylanar edi, biz nomzod anketasini o‘sha yerga yuklab, 5 daqiqada barcha hujjatlarni chop etardik. Shunda kadrlar bo‘yicha xodim nomzodning anketa to‘ldirishini kutib o‘tirishiga hojat qolmasdi.

Preply'da esa barcha shartnomalarni DocuSign'da imzolaymiz, bizda hatto kadrlar bo‘limiga borish degan tushunchaning o‘zi ham yo‘q. Nomzod pasport skrinini yo‘llaydi, biz uni shartnomaga kiritamiz, DocuSign'ga yuklaymiz va imzolash uchun bosh direktor hamda xodimga jo‘natamiz. Imzo - raqamli, uni hatto telefon yordamida ham qo‘yish mumkin.

Ish joyi va zarur imkoniyatlar

Barcha jihatlar hisobga olinishi kerak: pochta, Slack va boshqalar. Bu shartnoma imzolanishi bilan qilinishi kerak bo‘lgan ishlar.

Kompyuter, stol va stul egasi kelguncha tayyor yoki tayyor emasligini tekshiring. Firma logosi tushirilgan ruchka va bloknot, futbolka, kompaniya nishoni kabilar ham esdan chiqmasin.

Ofis va xodimlar bilan tanishuv

Barcha xodimlar jamoaga yangi xodim kelayotganidan xabardor bo‘lishi kerak. Agar kompaniyada 100 nafardan kam kishi ishlasa, Slack'ka bizga kim kelib qo‘shilgani haqida yozamiz, LinkedIn'dagi (yoki Facebook) profilga havola tashlaymiz. Kompaniya xodimlarining soni 100dan ortiq bo‘lsa ham, xuddi shu ishni qilamiz, faqat departament doirasida.

Birinchi kuni ofis bo‘ylab ekskursiya uyushtiring: "bu yerda oshxona, bu yerda hojatxona, bu yer muzokaralar xonasi, mana bu yerda dam olamiz, bu yerda buxgalteriya va h.k".

Yangi xodimni uning yonida o‘tirganlar bilan tanishtiring: "Hamkasblar, bir daqiqa vaqtingizni ajratishingizni so‘rayman. Jamoamizga yangi xodim (...) qo‘shildi, qo‘ldan kelgancha yordam berasiz degan umiddaman".

O‘zingizni qanday tutishingiz kerak?

Rahbar

Tabriklayman, siz yangi xodimni moslashtirish sharafiga ega bo‘ldingiz. Buni siz uchun birov bajarmaydi, lekin yordam berishlari mumkin. Sizdan nima talab qilinadi?

1. Yangi xodimni ertalab o‘zingiz qarshi oling. Buni darhol taqvimda belgilab qo‘ying yoki HR-menejerdan yangi xodimning ishga chiqqan kunini belgilab qo‘yishni so‘rang;

2. Uni ofis bo‘ylab aylantiring. Ishchi o‘rnini ko‘rsating, xodimning kerakli tarmoqlardan ro‘yxatdan o‘tganini tekshiring;

3. Yangi xodim bilan suhbatlashishga bir soat vaqt ajrating. Kompaniyangiz, uning bo‘limlari, asosiy (umumiy va personal) vazifalar haqida suhbatlashing. Xodimga birinchi hafta nimalarni o‘rganish kerakligi, ilk uch oyda undan nimalar kutilishini ayting;
  • "Sizga kerakli hujjatlar mana bu yerda. Mana bu kishilar bilan falon mavzuda gaplashib olishingizni istardim. Men bilan mana bunday shaklda muloqot qilgan yaxshi, uchrashuvlarni mana bunday belgilash, falon masalalar bo‘yicha murojaat qilgan ma’qul. Kelasi safar falon joyda uchrashamiz".

4. Tabassum qiling. Bu juda muhim. Bunday qilgingiz kelmasa ham, jilmayishga harakat qiling. Xodimlar kompaniyaga o‘zlari kelishadi, ketish esa rahbar ixtiyorida;

5. Muayyan vazifalar qo‘ying va ularni qayd qilib boring, hech bo‘lmaganda pochta orqali xat ko‘rinishida yo‘llang;

6. Barcha zarur hujjatlar va imkoniyatlarni taqdim eting;

7. Jamoadan tajribali va xushmuomala insonni tanlab, uni yangi xodimga murabbiy etib tayinlang. Bu shunday inson bo‘lsinki, yangi xodim barcha masalalarda unga murojaat qila olsin.

Yangi xodim

1. Sizga qanday ma’lumot yetishmayapti va uni qayerdan olishingiz mumkinligi haqida o‘ylab ko‘ring. Savollarni dadil beravering;

2. Birinchi hafta, oy, uch oyda o‘z vazifalaringizni tushunib oling. Agar rahbar bular haqida aytmagan bo‘lsa, o‘zingiz so‘rab biling;

3. Tanishgan odamlaringizning ismi shariflarini yozib oling. Umuman olganda, boshida hamma narsani yozib borishni tavsiya qilaman: ma’lumotlar hajmi katta, shu bois unutib qo‘yishingiz hech gap emas;

4. Har bir tanishgan odamingiz bilan muloqotda o‘zingiz haqingizda juda qisqa ma’lumot bering, masalan:

"Mening ismim - Misha. 12 yildan beri shu sohadaman. Bundan avval «Wargaming», «STB», «Alfa-Bank»da ishlaganman. Laba'da HR bo‘yicha eng muvaffaqiyatli onlayn-kurslarni o‘tganman, 1 million marta o‘qilgan rezyumelar uchun layfxaklar haqidagi maqola muallifiman".

Startap-muhitda bu «pitching» yoki «elevator speech» deb ataladi. Oldindan tayyorlaning. O‘zingiz haqingizda aytib bermaguningizga qadar yangi xodimlar uchun hech kimsiz. Birinchi kundanoq yaxshi taassurot qoldirish imkonini qo‘ldan boy bermang.

5. Agar lavozim kompaniyada o‘zgarishlar joriy qilishni ko‘zda tutsa, ularni ilk 60 kunda amalga oshirgan ma’qul, keyin qiyin bo‘ladi. Ayniqsa, u qadar taniqli bo‘lmagan yoki qiyin qarorlar (ishga yollash, xodimlarni iste’foga chiqarish, boshqa lavozimga o‘tkazish, yangi dasturiy ta’minotga o‘tish, hisobotning yangi shakli, jarayonlar ketma-ketligini qayta ko‘rib chiqish, yangi sohaga sarmoya kiritish) qabul qilish kerak bo‘lasa.

6. Kichik g‘alabalarni rejalashtiring, ular sizga bo‘lgan ishonchni shakllantirishga yordam beradi. Masalan, ilk 60 kunda hal qilishingiz mumkin bo‘lgan vazifalarni tanlab oling-da, asosiy e’tiborni ularga qarating. 60 kundan ortiq vaqt talab qiladigan vazifalarni keyinga qoldiring. Juda katta hajmdagi ishni bajarish kerak bo‘lsa, uni qismlarga bo‘lib, bosqichma-bosqich ishlab chiqish kerak bo‘ladi;

7. O‘zingiz birga ishlaydiganlarning barchasi bilan 30 daqiqali uchrashuvlarga kelishib oling. Savollarni oldindan yozib olib, javoblarni yozib boring;

8. Qanday qilsa, yaxshi yoki yomon bo‘ladi, nimani o‘zgartirish kerak - so‘rang. Ko‘p ma’lumotga ega bo‘lasiz va ishonchli munosabatlar o‘rnatasiz;

9. Agar rahbar yoki ekspert bo‘lsangiz, audit o‘tkazing va natijalarni taqdimot qiling;

10. Rahbar bilan muntazam ravishda birga bir uchrashishga kelishib oling, shunda amalga oshirilayotgan ishlar natijalari haqida ma’lumot berish imkoni paydo bo‘ladi;

11. Hamkasblaringizga tabassum qiling. Hech kim qovog‘i uyilgan xodim bilan ishlagisi kelmaydi.

HR-menejer

Bu haqida butun bir kitob yozish mumkin bo‘lsa-da, eng muhim tavsiyalar:
  1. Yangi xodimlar kunini tashkil qiling: ularni eski xodimlar oldida to‘plab, o‘zi haqida qisqacha (5 daqiqa) so‘zlab berishni iltimos qiling. Preply'da shunday qilamiz va bu juda yaxshi natija beradi;
  2. Yangi xodimlar bilan muntazam muloqot qiling. HR-biznes-hamkoringiz bo‘lmasa, rekruterlaringiz haftada bir marta yangi xodimlar bilan suhbatlashishsin.

Hamkasb

Albatta, hamkasb sifatida yangi xodimlar adaptatsiyasi bo‘yicha hech qanday majburiyatlaringiz bo‘lmaydi, biroq bundan muayyan foyda olishingiz mumkin. Odamlar qiyin damlarda ularga yordam bergan kishilarni yaxshi eslab qolishadi, shunday ekan, yangi xodim bilan yaxshi munosabat o‘rnatish va keyinchalik uning yordamiga umid qilish imkoningiz bor.
  1. Birinchi bo‘lib tanishing. Uning yoniga borib, shunday deng: "Salom, mening ismim Misha, men bu yerda HR-menejer bo‘lib ishlayman. Yangi xodimga o‘xshaysiz, keling tanishib olaylik";
  2. Har qanday masalada sizga murojaat qilishi mumkinligini ayting;
  3. O‘zingiz muhim va kerakli deb bilgan narsalarni ayting;
  4. Tushlikka taklif qiling;
  5. Yangi xodimdan avvalgi tajribasi, kelgusidagi rejalar va maqsadlari haqida so‘rang. Ularga erishishda foyda berishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar bilan bo‘lishing.

Xulosa

Aksariyat kompaniyalarda adaptatsiyaga yo umuman e’tibor berilmaydi, yoki juda yomon amalga oshiriladi. Natijada ham biznes, ham xodim jabrlanadi. Sabab — ikki tomondan jarayonni tushunmaslik. Yuqorida qayd etilgan oddiy maslahatlar kompaniyaga moslashish jarayonini sezilarli darajada yaxshilashga yordam beradi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Yangi ish joyiga moslashishga doir tavsiyalar