Bahorning odatdagi bir kuni. Oftob mo‘l-ko‘l nur sochyapti. Zarrin yog‘dular Salimaning ortidan quvishga ahd qilganday ertalabdan beri goh teraklarning yam-yashil yaproqlari orasidan, goh behi gullari, olma novdalari orasidan hovliga o‘rmalab kiradi. Derazalar osha ichkariga mo‘ralaydi. Buni barcha jonzotlar, yer ostidagi chuvalchanglaru, qish karaxtligidan endigina uyg‘onib, devorlar kavagidan uchib chiqayotgan pashshalargacha payqadi, biroq Salima payqamadi. Shundog‘am dardu dunyosi qorong‘i bo‘lib turgan paytda qanday qilib ham payqasin, axir? Eri uch qizi bilan ko‘chaga haydab solgan, mana, bir yildirki, ota hovlisidagi bir xonada mung‘ayib yashayotgan bo‘lsa…
O‘z yog‘iga o‘zi qovrilib o‘tirgan juvon darvozaning taqqillashidan sergak tortdi. Ikki ayol va qilichdek kiyingan bir yigit kirib kelishdi. Ayollardan biri qimmatbaho yengil yomg‘irpo‘sh ichidan tizzasini ko‘rsatib tor yubka, ikkinchisi uzun kamzul bilan anchayin tor shim kiyib olibdi. Ikkovining egnida ham bir xil — erkak yoqali oq kofta ko‘rinib turibdi, qora ko‘zoynak taqib, oftobda yaltirab turadigan tim qora sumka ko‘tarib olishibdi. Ulardan biri obdan shishirilgan soch turmagini barmoqlari bilan yengil silab allanima maslahat markazining vakili ekanini, sherigi ham qaysidir mas’ul tashkilotdan tashrif buyurganini aytdi. Salima shu tobda bu tashkilotlar nomini anglab qoladigan ahvolda emasdi.
— Uyma-uy yurib, odamlardan hol-ahvol so‘rayapmiz. Tepadan shunday topshiriq bor, muammolaringiz bo‘lsa ayting, — dedi ulardan biri.
Shundagina Salima sergak tortdi. Xuddi mushkulini oson qiladigan Hizrni ko‘rganday ko‘ngli yorishib ketdi. Mehmonlarni shosha-pisha ukasining mehmonxonasiga boshladi. «Yo‘q, u yoqqa kirmaymiz, — dedi ayollardan biri atrofga alanglab, hovli devorining suvog‘i ko‘chgan tarafiga o‘tarkan, — manavi yerda gaplasha qolamiz. Shu asno hamrohiga yuzlandi: — Biz gaplashaveramiz, siz rasmga olaverasiz. Keyin men rasmga olaman».
Salima uning gapini yaxshi anglamagan bo‘lsa-da, bosh irg‘ab, gap boshladi:
— Sizlarni Xudoning o‘zi yetkazdi menga. Ahvolim juda og‘ir. Bolalarim bilan boshpanasiz qoldim. Erim qizlarim bilan bizni ko‘chaga haydab, o‘zi bir ayolni sha’riy nikohiga olgan… Ota-onamizdan keyin ukamning uyiga o‘zim sig‘amanmi, uchta qizim sig‘adimi?.. Uyam jo‘jabirdek jon. Vaqtida o‘qimagan, pul topaman, deb goh Rossiyaga, goh Qozog‘istonga ish qidirib ketadi. Iltimos, yordam beringlar. O‘zimga qolsa, erim bilan ajrashmoqchimasman, qizlarim otasining uyida katta bo‘lsin, o‘sha yerdan uzatilsin, deb bir yildan beri ariza ko‘tarib bormagan idoram qolmadi. Erimdan undirganim qizlarimga aliment bo‘ldi. Ammo hech kim kelin bo‘lib tushgan, ering bilan yashab kelgan o‘sha hovlida qora-ko‘zlaring bilan sening ham haqing bor, demayapti. Qishning qahratonida ko‘ch-ko‘ronim bilan bolalarimni ko‘chaga chiqarib tashlagan qaynonam bizni yarashtirishga kelganlarning qorasini ko‘rishi bilan o‘zini yerga otib, «Davleniyam oshdi», deb yotib oladi. Imomning ham, hukumat odamlarining ham gapiga quloq solmaydi. «Mendan ayb o‘tgan bo‘lsa kechiring», deb esim ketdi. «O‘g‘limga o‘g‘il tug‘ib beradigan xotin kerak», deydi ko‘zini lo‘q qilib. Qiz tuqqan xotin xotin emasmi? Nahotki uch bolam bilan sarson-sargardon bo‘lib yuraversam… Axir o‘g‘ilni Xudo bermasa, bandasining o‘zi yasab ololmaydi-ku. Koshki buni qaynonam bilan erimga tushuntirib bo‘lsa ekan.
— Shoshmang, — to‘liqib-toshib dardini to‘kib solayotgan Salimaning gapini bo‘ldi ayollardan biri. — Endi sherigim bilan suhbatlashinglar, men bir-ikkita kadr olaman.
Salima hasratini kelgan joyidan davom ettirdi:
— Nima qilay, axir meniyam huquqlarim bordir. Hali qonuniy ajramashganmiz. Mayli, men bilan yashagisi kelmasa, istagan odami bilan yashasin. Ammo bolalar uniyam bolasi-ku… Ukamning sharoitiyam uncha yaxshi emas. Mana, bir qishdan zo‘rg‘a chiqib oldik. O‘zingiz bilasiz, uyni isitish kerak, o‘tin kerak, ko‘mir kerak. Uniyam tekinga berishmaydi. Shu qizlarimning boshpanasidan ko‘nglim xotirjam bo‘lsa edi, men ham biror joyga borib ishlab, bularning oshu noni uchun pul topardim.
— Biror joyda nima qilasiz? — dedi shim kiygan xonim ulama kiprikli ko‘zini pirpiratib, — shu yerda tomorqadan foydalaning. Chorva qiling, mol boqing! Mana, davlatimiz imtiyozli kreditlar beryapti.
Salima tutaqib ketdi:
— Tomorqa qilgani yer, chorva qilgani joy qani, opa? Bolalarim bilan ko‘chada qolganman, deyapman-ku sizga!
— Voy, siz bunaqa qizishmang, — dedi haligi ayol, so‘ng sherigiga yuzlandi. — Bu xotinga psixolog kerak ekan. Asablari tamom bo‘pti. Psixologniyam qo‘shib olaylik devdim-a, siz shoshdingiz-da…
— Bilasizmi, psixologning bir soati necha pul turishini? O‘shancha pulli mijozini tashlab, siz bilan uyma-uy yurarmidi u?
— Menga psixolog emas, bolalarim bilan birga xotirjam yashashim uchun boshpana kerak opa?! — dedi Salima ovozini bir parda pasaytirib.
Shunday dedi-yu, psixologning bir kunlik tushumini o‘zaro hisob-kitob qilayotgan ayollar uning gapini eshitmayotganini, eshitgan bo‘lsayam e’tibor bermayotganini angladi. Pastki labini tishladi. Umidlari puchga chiqdi. Bulardan bir yorug‘lik chiqmasligini tushunib, biroz uniqqan ko‘ylagining etagiga termilganicha ayollarning erni ushlab qolish, oilani saqlash uchun nimalar qilishi kerakligi haqidagi uzundan-uzoq ma’ruzasini jim eshitdi. Ayollar esa telefonidagi rasmlarini tekshirib, «Bu unchalik yaxshi chiqmaydi, hisobotda chiroyli ko‘rinishi kerak», deya yana boshqatdan bir-ikkita rasmga olishdi.
— Hech bo‘lmasa siz mening dardimni eshiting, uka, — dedi Salima boyadan beri hali osmonga, hali uyning tomiga tikilib, u yoqdan-bu yoqqa beparvo borib kelayotgan yigitga iltijoli termilib. — Axir huquq-tartibot idorasidanman, deyapsiz-ku…
— Xo‘sh-xo‘sh, qani gapiring-chi?..
— Men nima qilay? Bolalarimning otasi bilan haliyam rasman ajrashmaganmiz. Erim yashayotgan hovli kamida 25 sotix keladi. O‘shaning bir chekkasidan hech bo‘lmasa, 6 sotix joyini ajratib berishsin. Qizlarim bilan guvala qilib bo‘lsayam, uy tikkalab, kirib olardik, qishgacha…
Salimaning gapiga astoydil quloq solayotgan yigitni ham hamrohlari rasmga ola ketishdi. «O‘xx, o‘xx, o‘xx, o‘ziyam zo‘r kadr bo‘ldi. Adiz juda fotogenichniy yigit-da», dedi ayollardan biri boshini sarak-sarak qilib. Yigit miyig‘ida kulib qo‘yarkan, Salimaga yaqinroq surilib pichirladi:
— Hammasidan xabarim bor, ariza yozganmidingiz?
Salimaning ko‘ngli yana umidlandi.
— Ha, ha, sizlarga ham ariza tashlaganman. Shu mushkulim oson bo‘lsin deb…
— Nima qilasiz eringiz bilan uy-joy talashib?.. — dedi yigit uning gapini kesib. — Hadeb arizabozlik qilaverib, o‘zingizniyam, boshqalarniyam qiynavordingiz. Sizning o‘rningizda bo‘lganimda, uy-joy da’vosidan voz kechardim-da, tinchgina yashardim.
Salimaning ko‘zi jiqqa yoshga to‘ldi. Umidlari chil-parchin bo‘ldi. Kelib-kelib shulardan yordam kutyapmanmi, deb o‘ylarkan birdan boshiga og‘riq kirdi. Ich-ichidan bir g‘azab toshib chiqdi.
— Siz erkak kishisiz, yo‘rig‘ingiz boshqa! — dedi achchig‘ini ichiga yutishga urinib. — Ustiga-ustak uchta bola bilan ko‘chada qolganingiz yo‘q. Men bolalarim uchun yugurib-yelyapman, axir ular ham o‘z ota uyida o‘sishga haqli emasmi? Mana shu savolimga javob izlayapman?..
Yigit betoqat depsinib turgan hamrohlariga qarab yelka uchirdi:
— Gap uqtirib bo‘lmaydi bularga. O‘zi tushunmaydigan xotin ekan.
Salimaning ko‘zidan duvillab yosh quyildi.
— Mayli, hali hammasi yaxshi bo‘ladi, — dedi ayollardan biri uning yelkasiga barmoqlarining uchini tekkizib xayrlasharkan. — Endi peshonada borini ko‘rasiz-da.
Salimaning ko‘z oldi qorong‘ilashdi. O‘zining juda ham ojiz va nochorligini his etdi. U shu tobda «hol-ahvol so‘rab keluvchilar»ning tezroq hovlidan daf bo‘lishini, keyin esa yerga mushtlab-mushtlab o‘kirib yig‘lashni istayotgandi…
Hamroxon MUSURMONOVA
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Medvedev: Maxsus harbiy operatsiya uchun qurollarning aksariyati Rossiyada ishlab chiqariladi
AQSHda 10 yoshli bola politsiyaga qo‘ng‘iroq qilib, matematikadan uy vazifasini bajarishda yordam so‘radi
Rossiya Davlat dumasiga rus tilini bilmaydigan migrant bolalarni maktablarga kiritishni taqiqlash loyihasi kiritildi
Migren, klaster sefalgiya, zo‘riqish... Bosh og‘rig‘ining necha turi mavjud?
Sayxunobodda qarzdor otadan salkam 75 mln so‘m aliment pullari undirildi
Xonanda Munisa Rizayeva ilk marta ona bo‘ldi
Kipr hukumati rossiyalik va ukrainalik milliarderlarning «oltin» pasportlarini olib qo‘ydi
Eron oliy rahnamosi Netanyaxuni qatl qilishga chaqirdi