20:21 / 25.08.2018
9 290

Rizq kengayib-torayishi toat-ibodatga, gunoh-maʼsiyatga bogʻliqmi?

Rizq kengayib-torayishi toat-ibodatga, gunoh-maʼsiyatga bogʻliqmi?
Har bir banda rizqi azalda Alloh taolo tomonidan oʻlchab qoʻyilgani aniq. Ammo “Rizq koʻpayishi yoki ozayishi kishi amallariga bogʻliqmi?” degan savol tugʻilishi mumkin. Bunga Hadisi shariflardan javob olamiz.

Savbon roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Kishi gunohlari tufayli oʻziga kelayotgan rizqdan mahrum boʻladi. Qadarni faqat duo qaytaradi. Umrni faqat yaxshilik uzaytiradi” (Ibn Moja, Ahmad, Hokim, Ibn Hibbon, Tabaroniy rivoyat qilgan. Rivoyat lafzi Ibn Hibbonga tegishli. Bu – hasan hadis ).

Ushbu hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam uchta masalani bayon etmoqdalar:

“Kishi gunohlari tufayli oʻziga kelayotgan rizqdan mahrum boʻladi”.

Agar “kishi”dan murod “moʻmin kishi” boʻlsa, aytish mumkin, moʻmin banda gunoh ish qilsa, oʻziga kelayotgan rizq barakasidan ayriladi. Gunohi yuvilishi uchun shunday boʻladi. Ammo kofir gunoh qilsa-qilmasa, farqi yoʻq. Unga mana shu dunyoning oʻzida neʼmatlar toʻla-toʻkis beriladi. Gunohlar undan rizqni toʻsmaydi.

Hech bir banda rizq-nasibasiz qolib ketmaydi. Garchi yer bilan osmon orasi toʻladigan darajada gunoh qilsayam. Aks holda kofir, mushrik, osiy bandalarga zigʻirchayam mol-dunyo berilmasdi. Buning tasdigʻi oʻlaroq aytish mumkin, dunyo neʼmatlarining koʻp qismi musulmon boʻlmaganlar qoʻlida toʻplangan.

“Qadarni faqat duo qaytaradi”.

Alloh taolo kelajakda sodir boʻladigan barcha hodisalarni Lavhul mahfuzda bitib qoʻygan. Biz bunga shak-shubhasiz iymon keltiramiz. Bir tarafdan kishida shunday savol tugʻilishi mumkin: “Vaholanki, Alloh taolo qanday ishlar sodir boʻlishini oldindan belgilab qoʻygan ekan, unda duo qilishdan nima foyda bor? Kishi duo qilsa-qilmasa, taqdiriga bitilgan yaxshilik yoki yomonlik baribir kelaveradi-ku?!”

Bu savolga Abu Homid Gʻazzoliy shunday javob beradi: “Shuni bil, taqdiringga bitilgan musibatlar duo bilan qaytariladi. Duo kulfatni, baloni daf etadi, rahmat va baraka keltiradi. Qalqon sen tarafga uchib kelayotgan paykonni toʻsib qolganidek, duo ham boshingga tushadigan kulfatlarni aritadi”.

Umar roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Kimga duo qilish neʼmati berilgan boʻlsa, unga rahmat eshiklari ochilibdi. Zero, duo tushgan-tushmagan narsalarda (yaʼni, balo-ofatlar oldini olishda, xayr-baraka yogʻilishida) foyda beradi. Qazoni faqat duo qaytaradi. Shunday ekan, siz oʻzingizga duo qilishni lozim tuting!” (Termiziy rivoyati).

“Umrni faqat yaxshilik uzaytiradi”.

Yaxshilik qilish dunyoyu oxirat saodatiga eltadi. Yaxshilik urugʻlarini ekkan odam hech qachon afsuslanmaydi, kuni kelib uning totli mevasini koʻradi.

Hadisda aytilishicha, yaxshilik qilgan kishi umri ziyoda boʻladi. Xoʻsh, bunga sabab nima?

Buning tibbiy, maʼnaviy sabablari bor. Avvalo, tibbiy sabablarini koʻrib oʻtamiz.

Maʼlumki, odam tanasidagi barcha hujayralar, toʻqimalar tizimini boshqarish asab tizimiga yuklatilgan. Kishining ruhiy holati – xafa yoki xursand boʻlishi, gʻam-tashvish chekishi asab tizimiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Agar odam siqilsa yoki gʻazablansa, aʼzolariga zarar yetadi. Buning aksi oʻlaroq yaxshilik qilganda odamning qalbi tiniqlashadi, koʻnglidagi gʻashliklar ariydi. Bu uning asab tizimiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi, aʼzolar faoliyati yaxshilanadi. Shu zayl umri uzayadi.

Yaxshilik umrni uzaytirishidagi maʼnaviy sabablarga toʻxtaladigan boʻlsak, odamlarga yaxshilik qilganni Alloh ham Oʻz neʼmati ila siylaydi, umrini uzoq qiladi. Farishtalar uning haqiga ertayu kech duo qilishadi, istigʻfor aytishadi. Shuningdek, yaxshilik koʻrgan odam xayrixoh inson haqiga: “Umringdan baraka top!” deb duo qiladi. Bunday holatda uning duosi mustajob boʻlishiga shubha yoʻq.
Ziyovuddin RAHIM

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Rizq kengayib-torayishi toat-ibodatga, gunoh-maʼsiyatga bogʻliqmi?