00:45 / 24.10.2018
4 923

Xurmodan foydali vitaminlar quvvatini qanday olish mumkin?

Xurmodan foydali vitaminlar quvvatini qanday olish mumkin?
Qarish jarayonini sekinlashtiradi va ko‘rish qobiliyatini yaxshilaydi

Barcha olovrang mevalarda bo‘lgani kabi xurmoda ham beta-karotin ko‘rinishidagi A vitamini mo‘l. 100 gramm xurmodan organizm ushbu muhim elementning kunlik 12 foizini olishi mumkin.

A vitamini – kuchli antioksidant bo‘lib, hujayralarni erkin radikallardan himoya qiladi, qarish jarayonini sekinlashtirib, saraton rivojlanishi ehtimolini kamaytiradi.

A vitamini yaxshi ko‘rish qobiliyati garovi ham sanaladi. Ushbu vitaminning yetishmasligi ko‘rish qobiliyati yomonlashuviga ham sabab bo‘ladi.

Bundan tashqari, beta-karotin quyoshda kuymaslikka ham yordam beradi: u terini ultrabinafsha nurlarining zararli ta’siri, quruqlik va yorilishlardan saqlaydi.

Immunitetni mustahkamlaydi

Xurmo o‘z tarkibidagi yana bir antioksidant bilan “maqtana oladi”. Bu S vitamini bo‘lib, u immunitetni himoya qilishi bilan mashhur. 100 gramm mevada vitamin kunlik normasining 10 foizi mavjud bo‘lib, u shamollash va grippning oldini olishda yordam beradi. To‘g‘ri, faqat profilaktik jihatdan samarali. Agar yo‘tal va burunning bitishi boshlangan bo‘lsa, xurmo qutqara olmaydi.

Kayfiyatni ko‘taradi

Xurmoda monosaxaridlar - glyukoza va fruktoza ko‘p bo‘lgani uchun u - shirin. Bu shakarning eng foydali turi. U yurakni mustahkamlaydi va kayfiyatni ko‘taradi. Qomatga esa saxaroza kabi ta’sir ko‘rsatmaydi. Shunday ekan, xurmo ham shokoladga o‘xshagan antidepressant va tinchlantiruvchi hisoblanadi. Shunga qaramay, uning quvvatlilik darajasi kamroq: 100 gramda bor-yo‘g‘i 60-70 kkal bor.

Kasalliklar bilan kurashadi

Xurmo siydik haydovchi vosita sanaladi, uning tarkibida suv ko‘p. Odam tanasidagi suyuqlikni chiqarish orqali shishlar paytida yordam beradi. Muhim jihati, organizm kaliyni yo‘qotmaydi: bu makroelement xurmo tarkibida bo‘lgani uchun uning yetishmovchiligi darhol to‘ldiriladi.

Xurmoning zararli jihatlari

Ich qotishiga olib keladi


To‘g‘ri, xurmoning aks jihati ham bor. Taninlarning ko‘p miqdorda bo‘lishi ich qotishiga sabab bo‘ladi. Bir necha yil davomida doimiy ravishda xurmo iste’mol qilish hatto oshqozonda yaxshi hazm bo‘lmaydigan moddalardan mustahkam sharchalar – bezoarlar shakllanishiga olib kelishi mumkin.

Teri sarg‘ayishini keltirib chiqaradi

Organizmda beta-karotinning juda ko‘p miqdori terining sarg‘ayishini keltirib chiqaradi.

Xurmoni qancha iste’mol qilish mumkin?

Shunday ekan, xurmoni me’yorida iste’mol qilish kerak. Katta yoshdagi sog‘lom kishilarga kuniga to‘rt donadan ortiq xurmo yemaslik tavsiya etiladi.

Xurmoning salbiy ta’sirini kamaytirish uchun faqat pishganlarini iste’mol qiling: ularda tanin moddasi kam bo‘ladi.

Agar pishmagan mevalar muzlatkichga solib qo‘yilsa, ular pishadi, shirinroq bo‘ladi. Demak, mevadagi tanin moddasi kamayadi, shuning uchun ichak bilan yuzaga keladigan muammolardan qo‘rqmasa ham bo‘ladi.

Kim ehtiyotkor bo‘lishi kerak?

Ich qotishiga moyil kishilar


Taninlar oshqozondagi moddalarni “bir-biriga yopishtirib qo‘yadi”. Bu xususiyat ich ketishini yengishda qo‘l keladi. Biroq ich qotishga moyil kishilar holatini yanada og‘irlashtiradi.

Ortiqcha vaznga ega kishilar

Foydali monosaxaridlar shakarligicha qoladi. Shuning uchun ortiqcha vazndan aziyat chekadiganlarga bu mevani ko‘p iste’mol qilish tavsiya etilmaydi: kuniga bir-ikkita meva yetarli bo‘ladi.

Qandli diabetga chalinganlar

Xurmo diabetning ikkinchi turida man etilmaydi. Biroq kuniga bittadan ortiq xurmo iste’mol qilish tavsiya etilmaydi. Mevani ratsionga asta-sekin, bir bo‘lakdan kiritish lozim bo‘ladi.

Xurmo tarkibidagi shakarga turli kishilarning organizmi turlicha reaksiya qilishi mumkin. Shuning uchun qandli diabeti bor kishilar shifokor bilan maslahatlashishlari lozim.

Homiladorlar

Xurmoni homiladorlikda yeyish mumkin. Biroq undagi shakar va taninlar miqdorini yodda tutish kerak. U yuqorida aytilganidek, ortiqcha vazn va ich qotishga sabab bo‘lishi mumkin.

Biroq homiladorlar uchun xurmoning foydasi ehtimoldagi kutilmagan effektlarni “yopib yuboradi”. Agar kuniga bir-ikki meva iste’mol qilinsa, mikroelementlarga boy xurmo mevasi onaga ham, bolaga ham foyda keltiradi.

Ko‘krak suti bilan oziqlantirayotgan onalar xurmo boshqa istalgan meva kabi bolada allergiya holati kuzatilishiga sabab bo‘lishi mumkinligini yodda tutishlari lozim.

Bolalar

Bolalarga uch yoshgacha xurmo iste’mol qilish mumkin emas. Bunga bolada ich qotishini yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan tanin aybdor.

To‘liq quvvatga ega bo‘lmagan ichakka xurmo qanday ta’sir ko‘rsatishini aniq aytib bo‘lmaydi. Shuning uchun uch yoshdan o‘n yoshgacha bo‘lgan bolalarga bu mevani ehtiyotkorlik bilan, bir-ikki bo‘lakdan boshlab berish mumkin. Agar bolada allergiya yoki ichak muammolari kuzatilsa, mevani darhol ratsiondan chiqarish lozim.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Xurmodan foydali vitaminlar quvvatini qanday olish mumkin?