15:50 / 18.11.2018
4 945

Mafiya… (1-qism)

Mafiya… (1-qism)
Kvartirada sukunat hukmron edi. Bu sukunat odatiy emas, qandaydir ko‘ngilsizlik keltiruvchi onlar yaqinlashayotganini bildirardi.

— Ha… Uf-f… O‘yindan tashqari holat…

Televizordan eshitilayotgan sharhlovchining asabiy qichqirig‘i butun xonani tutgandi.

— Yo‘q, men bu ishda faqat hakamni qoralayman. U bizning jamoani g‘alabadan atayin mahrum etmoqchi…

Televizor qarshisidagi yumshoq oromkursida ayol o‘tirar, diqqat bilan o‘yinni tomosha qilardi. Tikilishga tikilardi-yu, ko‘zlari go‘yo hech narsani ko‘rmasdi…

Nihoyat futbol tamom bo‘ldi. Soat millari sakkizni ko‘rsata boshladi. Ayol o‘rnidan qo‘zg‘oldi-da, deraza yoniga keldi. Tashqarida odamlar ancha kamayib qolibdi. Bundan ikki soat avval ko‘cha o‘tkinchilarga to‘la edi…

Ayol yana ortga qaytib televizor qarshisiga o‘tirdi.

— «… O‘z uyining ro‘parasidan topildi. Yonida killer tashlab ketgan to‘pponcha. Qotil ish bitgach, o‘lgan-o‘lmaganini tekshirib ko‘rish niyatida ikki-uch bora uning orqa miyasiga qarab o‘q uzgan. Natijada marhum «Tez yordam» mashinasi yetib kelguncha jon bergan…»

Ayol ekrandagi qonga bo‘yalgan kallani ko‘rdi-yu, qotib qoldi.

— Iltimos, kimda-kim jasadni tanigan bo‘lsa, bizga albatta qo‘ng‘iroq qilsin!..

Ayol shosha-pisha telefon go‘shagini ko‘tarib, ekranda yozilgan raqamni terdi.

— Allo, bu ikkinchi bo‘limmi?

— Ha.

— Iltimos, Sergey Mixaylovni chaqirib bersangiz!

— Uni kim so‘rayapti?

— Rafiqasi.

— Uzr, u joyida yo‘q.

— Qayerda?

— Ketgan.

— Ancha bo‘ldimi?

— Uch soatlar oldin.

— Qayerga ketdi, aytolmaysizmi?

— Bilmayman.

— Ketayotib biror narsa degandir, axir?!.

— Aytgan. Shunchaki xayrlashgan.

— Kechirasiz, rahmat!..

Ayol qaytib joyiga o‘tirdi.

Yo‘q… U emas… Nahotki?.. Bo‘lishi mumkinmas… U boshqa odam, ha… Boshqa…

Ayol yana go‘shakni ko‘tarib dugonasi Sofyaga qo‘ng‘iroq qildi.

— Allo, Sofya!

— Kim bu?

— Bu men, Tatyana Mixaylova!

— Ha, senmisan? Tinchlikmi?

— Sergey mabodo sizlarnikida emasmi?

— Yo‘q, nimaydi? Ishdan qaytmadimi hali?

— Yo‘q.

Sofyaning to‘rt bolasi bor. To‘polon ko‘tarishayotgan bo‘lishsa kerak, gap orasida ularni tinchlantirgan bo‘ldi-da, davom etdi:

— Menga qara, ancha bo‘ldimi?

— Bir yarim soatlar bo‘ldi-yov!

— Tez-tez shunaqa kech kelib turadimi ering?

— E, buning nima aloqasi bor hozir?!

— Juda bor-da!.. Balki, boshqasini topib olgandir?

— Obbo, yana boshladingmi?.. Bo‘pti, yaxshi qol!..

Tanya go‘shakni joyiga qo‘yib yotog‘iga yo‘l oldi.

* * *
— «Do‘kon» bekati!.. Hurmatli yo‘lovchilar, tezroq tushinglar!..

Erkak qo‘lidagi guldastani mahkam ushlagancha salondagi odamlarni turta-turta avtobusdan tushdi. Tushdi-yu, ildam qadamlar bilan uyi tomon yurib ketdi…

Uy ro‘parasiga kelib birdan to‘xtadi. Nimadir esiga tushgan ko‘yi birpas tek turib qoldi. So‘ngra yuz tuzilishini birdan o‘zgartirib, xuddi kayfiyati a’lodek zinalardan ko‘tarila boshladi…

U eshikni o‘z kaliti bilan ochdi. Yo‘lakda xotini uyoqdan-buyoqqa borib kelar, negadir asabiy edi.

Erkak kira solib xotinini quchdi.

— Senga nima bo‘ldi? Mazang yo‘qmi?

— Men?.. Y-yo‘q… Kel, paltongni yechib qo‘yaman!..

Ayol erining egnidagi paltoni yechib qoziqqa ilgach, mahkam yelkasidan quchib yuzlari bilan ishqalana boshladi.

— Yana chekibsan-a? — dedi dimog‘iga urilgan sigaret hididan aftini bujmaytirib. Erkak esa, javob berish o‘rniga xonalarga ko‘z yugurtirdi.

— Bolalar qani?

— Buvisinikida… Yo‘q, menga javob ber, chekdingmi yana ishxonada?

Erkak bir muddat kalovlanib qoldi.

— Yo‘q… Chekkanim yo‘q.

— Unda nega sendan tamaki hidi kelayapti?

— Avtobus tiqilinch ekan. Balki, birontasiga tegib ketgan bo‘lsam…

— Aldayapsan. Sen ishxonada chekmayman deb so‘z berganding-ku!..

— Axir… Men…

— Seryoja, yolg‘on gapirish sening qo‘lingdan kelmaydi. — kuldi ayol.

— To‘g‘ri aytasan, kelmaydi…

Sergey sekin hojatxonaga kirdi…

Xo‘sh, tashqariga chiqib kelish uchun qanday bahona topsa bo‘ladi?.. Ha-a, bo‘ldi!..

U cho‘ntagidagi sigaret qutisini oldi-da, ichidagi sigaretlarning hammasini ezg‘ilab-yezg‘ilab unitazga tashladi va ustidan suv quyib yubordi…

Ana endi hammasi joyida. Bahona tayyor.

— Tanya, uyda sigaret bormidi? — hojatxonadan chiqqach, hech narsa bo‘lmagandek so‘radi Sergey.

— Yo‘q, qolmagan.

— Unda men yugurib do‘konga chiqib kelaman…

Xotini indamadi. U apil-tapil paltosini kiyib tashqariga chopdi…

Ko‘chada odamlar siyrak. Sergey to‘ppa-to‘g‘ri avtobus bekatiga bordi. O‘sha yerda telefon-avtomat bor edi.

Go‘shakni ko‘tarib kerakli raqamni terarkan, og‘ir uf tortib qo‘ydi.

— Bu menman! — dedi u go‘shakdan tanish ovozni eshitgach.

— Kimsan?

— Mixaylovman.

— E, ha-a!.. Demak, o‘ylab ko‘ribsan-da!

— Yo‘q, o‘ylab ko‘rmadim.

— Unda nega qo‘ng‘iroq qilayapsan?

— O‘zim… Shunchaki…

— Unda eshit, biz ertaga yetib boramiz. Hammasini o‘shanda hal qilamiz. Yo aynib qolasanmi?

— Aynimayman… Lekin…

— Bunaqa nayranglaringni yig‘ishtir, bildingmi? Bo‘lmasa, to‘g‘ri uyingga kirib borishimiz ham mumkin. Meni bilasan-ku!..

— Nimaga?.. — Sergey rangi o‘chib birpas jimib qoldi. — M-men sizlarni uyimga taklif etganim yo‘g‘idi chamasi.

— Bizni taklif qilib o‘tirish shart emas. O‘zimiz kirib boraveramiz.

— Yo‘q, yo‘q… Yaxshisi… Bo‘pti, o‘sha aytgan joyingizga o‘zim chiqaman.

— Mana bu boshqa gap. Ertaga, o‘sha uyning orqasida uchrashamiz!..

Sergey go‘shakni qo‘ydi-da, uyiga qaytdi.

— Sigaret oldingmi? — ichkariga kirib paltosini yechib ulgurmay so‘radi Tanya.

— Nima?.. — o‘ychan qiyofada xotiniga boqdi Sergey. — Ha-a… Sigaretmi?.. Yo‘q, olmadim. Pulim esdan chiqibdi…

Kechasi eri uxlagach, Tanya sekingina o‘rnidan turib yo‘lakka chiqdi va erining paltosini titkilab ko‘rdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, paltoning hamma cho‘ntaklarida pul bisyor edi…

* * *
— Marhamat, — dedi shveysar eshikni ocharkan. — Hov anavi zinalardan yuqoriga ko‘tarilasiz.

Tatyana zinalardan ko‘tarila boshladi. Eshik esa, o‘z-o‘zidan yopildi. Ichkari ofis edi. Xonalar yevropacha ta’mirlangan.

— Siz aynan bizni tanlaganingiz uchun juda minnatdormiz. — dedi uni kutib olgan referent..

— Ha, gazetadagi e’lonni o‘qib qolgandim. — dedi Tanya. — Fol ochish masalasida kelgandim.

— Juda yaxshi. Siz adashmabsiz. Albatta yordam beramiz. Faqat… Familiyangizni aytsangiz.

— Nega?

— Iye, siz bilan shartnoma tuzishimiz lozim.

— Bo‘pti, familiyam Mixaylova.

— Ismingiz?

— Tatyana.

— Xo‘sh, nima istaysiz? Eringizni qaytarmoqchimisiz, yo boshqani o‘zingizga isitib olmoqchimisiz? Balki, uchinchi ko‘z ochtirish niyatidadirsiz?

— Men… Erim haqida hamma narsani bilib olmoqchiman.

— O‘tmishimi, yo hozirgi kundagi ma’lumotlarnimi?

— Hozirgi kundagi.

— Agar bir marta fol ochtirmoqchi bo‘lsangiz yigirma besh, uch martasi yigirmadan, agar ulgurji fol ochsak, har biri uchun o‘n besh dollardan to‘laysiz.

— Ulgurji deganingiz nimasi?

— Bu shunday narsaki, eringiz haqida siz istagandan ham ko‘proq ma’lumot beriladi.

— Kelajagi to‘g‘risida ham fol ochasizlarmi? — Tanya haqiqatan qiziqib qolgandi. Shuning uchun hammasini birdan bilgisi kelardi shu tobda.

— Albatta, — kuldi referent. — Xizmat haqi o‘n dollar bo‘ladi.

— Unda menga kelajagi haqidayam fol ochasiz.

— Yaxshi, boring, oltinchi kabinetga kiring!

— U yerda nima qilaman?

— Iye, o‘sha yerda sizga fol ochib beradigan jodugar ayol Amaliya Li o‘tiribdi. Boravering!..

Tatyana referent ko‘rsatgan yo‘lak bo‘ylab borib oltinchi kabinetga kirdi. Haqiqatan ichkarida jodugar o‘tirgan ekan.

— Agar tijoratingni kuchaytirish maqsadida kelgan bo‘lsang, fol ochmayman. — deya aftini bujmaytirdi folbin.

— Nima uchun? — qiziqsinib so‘radi Tanya.

— Chunki, bittasini pulini ko‘paytirishga jodu qilgandim. Ahmoq nimadir qilgan-u, hamma pulini boy berib qo‘ygan. Kecha men bilan urishishga kelibdi…

— Yo‘q, men boshqa masalada keldim. — kuldi Tanya.

— Nima masalada?

— Erim haqida barcha narsalarni bilib olmoqchiman.

— O‘n besh dollar. Qani, qo‘lingni ber-chi!

Tanya qo‘lini uzatdi.

— Hm-m… Hammasi ko‘rinayapti…

— Nima ko‘rinayapti?

— Ikkita bolang bor. Sen ko‘proq san’atga qiziqarkansan.

— Yo‘q, san’atga aloqam yo‘q.

— Unda adabiyotga aloqang bo‘lsa kerak.

— Ha, filologiya kulliyotini tamomlaganman.

— Ering o‘zingdan to‘rt yosh katta. — davom etdi folbin. — U yo militsiyada, yo harbiyda ishlaydi. Lekin forma kiyib yurmaydi. Shundaymi?

— Ha, u soliq politsiyasida ishlaydi.

— Yana nimalar deya olasiz u haqida?

— Ering senga xiyonat qilayapti. Ishdan kech qaytadi. Uydan yo non, yo sigaret bahonasida tez-tez ko‘chaga chiqib ketib qoladi. To‘g‘ri topdimmi?

— Aslida nimaga chiqib ketadi? Shuni ayting!

— Albatta o‘ynashiga qo‘ng‘iroq qilish uchun. Axir, uydan turib qo‘ng‘iroq qilmaydi-ku!

— U ayolning ismi nima?

— E, bu alohida pul turadi.

— To‘layman. Faqat siz ayting ismini!

— Unda olovning yoniga boramiz, yur!

Folbin xona burchagidagi yonib turgan shamlar ro‘parasiga bordi-da, o‘zini uyoqdan-buyoqqa tashlab tebrana boshladi. Tebranish asnosida kimlargadir shivirlab qo‘yardi.

— Ayt, menga ismini ayt!.. Tezroq ayt!..

Tatyana ham uning harakatlariga beixtiyor jo‘r bo‘lgan ko‘yi lablarini qimirlatib-qimirlatib qo‘yardi. Nihoyat folbin tebranishdan to‘xtadi.

— Uf, charchadim. — dedi u Tatyanaga o‘girilib.

— Ismi nima ekan? — so‘radi Tatyana undan sabri chidamay.

— Ira… balki Olyadir… Balki Sveta… Ishqilib, shulardan bittasi…

— Axir… Men qaysi biri ekanini qanday aniqlab olaman. Anig‘ini ayta qolsangiz-chi!

— Jonim, buyam alohida pul turadi.

— Xo‘p, qancha?

— Qirq dollar.

— Opajon, menda buncha pul qolmadi.

— Qancha qoldi?

Tatyana sumkachasini kovlab ichidan o‘n ikki dollar chiqardi.

— Mana, o‘n ikki dollar qolibdi.

— Yaxshi, men senga u ayoldan qanday xalos bo‘lish yo‘lini o‘rgatib qo‘yaman.

— Nima qilishim lozim? — yig‘lagudek bo‘lib folbinga umidvor termuldi Tatyana.

— Kechasi oy chiqqandan keyin eringning soch tolasidan bir-ikkitasini bildirmasdan qirqib olasan. Keyin ko‘kragi… Ishqilib qayerida tola bo‘lsa hammasidan olasan.

— Keyin-chi?

— Ertalab o‘sha sochlarni olasan-da, yoqasan. Kulini to‘plab eringning va o‘sha ayolning ovqatiga sepib qo‘yasan.

— Voy, men uning kimligini bilmasam, qanday sepaman?

— Boya aytgan ismlarning birini tanlaysan-da!..

Tatyana shundan ham biroz yengil tortgandek bo‘ldi va uyiga qaytdi…

* * *
— Men sigaretga chiqib kelaman. — dedi Sergey imkoni boricha xotinining ko‘zlariga tik boqmaslikka intilib.

— Do‘konlar yopilib bo‘ldi-ku!

— Anavi kioskadan olaman.

— Nega?

— Aytdim-ku, sigaretim tugabdi, deb!

Tatyana hech narsa demadi. Faqat balkondagi axlat idishiga ishora qildi.

— Axlatni olib chiqib ket!

— Bo‘pti!

Sergey shosha-pisha kiyinib, qo‘liga axlat to‘la chelakni oldi-yu, ko‘chaga chopdi. Belgilangan yerda chet el mashinasi, yonida uch nafar barvasta yigitlar turishardi. Sergey ularga yaqin borib salom berdi. Yigitlardan biri Sergeyning yelkasidan tutdi.

— Xo‘sh, bir qarorga keldingmi?

— Yo‘q.

— Iye, bu nimasi? U holda o‘zingga jabr qilib qo‘yasan-ku!..

— Aytdim-ku, yo‘q! Sizlar aytgan ish hech qachon bo‘lmaydi.

— E, yo‘-o‘q, — sovuq tirjaydi yigit. — Sening oilang bor. Puling yo‘q bo‘lsayam xotining xotinligini qilaveradi. Bizda esa, o‘ynashlar. Ular pulsiz hatto gaplashishmaydi ham…

— Vey, ja haddingdan oshib ketding, maraz! — yigitlarning boshqasi Sergeyga yaqinlashdi-da, biqini aralash musht tushirdi. Sergey ixlagancha yerga engashib qoldi. Yigitlar bo‘lsa, ketma-ket uni tepa ketishdi.

— Vey, bas, o‘ldirib qo‘yasanlar! — nihoyat kattasi o‘rtaga tushib sheriklarini to‘xtatdi. — Qara-chi, tirikmi o‘zi? Hoy, tirikmisan?

Sergey indamadi.

— Tiriksa-an! — dedi yigitlarning kattasi. — Bilib qo‘y, ertaga yana kelamiz. Bir qarorga kel! Yo‘qsa, bekorga o‘lib ketasan…

Sergey yarim kechada sal o‘ziga kelib o‘rnidan turdi va qorong‘ida timirskilana-timirskilana axlat chelakni topib oqsagancha uyiga yo‘l oldi…

(davomi bor)
Andrey ILIN
Rus tilidan Olimjon HAYIT tarjimasi

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Mafiya… (1-qism)