21:38 / 09.05.2019
4 839

Qaynota

Qaynota
Uch kunlik kelinchak uchoq boshida kuymalanib yurarkan, O‘rinboy sinchi unga tikildi. Xayriyat, qozon qaynatmoqchi. Nima qilarkin, qachon pisharkin? Qorin tatalab ketdi-ku. Ayvondan turib keliniga qichqirdi:
— Oysha qizim, kech bo‘lganda nima tashvish?
— Osh, – dedi iymanib kelinchak va ko‘ngli qaynotasining “qizim”lashidan allanechuk to‘lqinlanib ketib shoshildi.

Kelinning harakatlaridan mamnun bo‘lgan bobo yordamga o‘tdi va talaygina qizil sabzi archib, somoncha shaklida to‘g‘radi. Donalab kurmak terib o‘tirgan Oyshaning qo‘lidan laganni olib guruch tozaladi, keyin babaq xo‘rozga don-dun, oqishoq sochdi.

Bu payt Oysha berilib ustuxon qovurar, chuchmal zig‘ir moy hidi atrofga tarqalib ishtahani qitiqlar, o‘zining ham dimog‘ini bo‘g‘ardi. Uning achimsiq tutun hididanmi, piyozning achchig‘igami uzun kipriklari namlangan, o‘ng kaftiga yog‘ sachrab kuygandi.
— Bolam, devzirani ivitib qo‘ydim.

U o‘girilib qaynotasining qo‘liga qaradi-yu, idishni derazaga qo‘yganini ko‘rdi-da: «Ovora bo‘lmang, ota!» — dedi. Ammo shunchalik sekin gapirdiki, o‘zi ham eshitmadi.

Bobo oshxonadan chiqib og‘ziga bir chekim nos tashlagach, to‘g‘ri so‘ri tomon yurdi va shoyi ko‘rpaga cho‘zildi.

«Xotin bo‘may ket, sutfurushning qizi! — deya kampirini koyiy boshladi ichida. — Nima balo, uyingdan ilon chiqqan-mi?! Erta azon ketuvdi, ichiyam gapga to‘lib ketgan ekan-da! Hali kelsin, boplab so‘kmasam, otimni boshqa qo‘yaman!»

U puxta reja tuzarkan, temir darichadan «g‘iyq» etgan nola chiqdi-yu, xayoli buzildi. Chol irg‘ib o‘rnidan turdi va supa osha jo‘yakka tufladi. Tuproq beti yara tushgan badandek ko‘pchidi...

— Haliyam yotibsizmi? — so‘radi kampir eriga to‘ng‘illab. — Sulaymon o‘ldi, devlar qutuldi ekan-da!?

O‘rinboy sinchi hovli bo‘ylab bir qur nazar soldi-yu, xotini tayinlab ketgan ishlar: na bug‘doy elash, na dahlizcha joydagi beda o‘rilmaganini ko‘rib mavzuni boshqa yoqqa burdi:
— Safaringiz erta qaribdimi, kampir?! — u xotining miq etmaganini bilib xushomad qilishga o‘tdi. — Mahkam boyvachchaning kelini bir palov tayyorlabdiki... — u bo‘ynini cho‘zib hidladi. — Ziraning isi, oh...

Momo «tars-tars» qadam bosib boboning qarshisiga o‘tirdi.
— Qornim to‘q, mehmondan qaytayapman! Qani, yostiqni oling-chi!
— A, endi... Siz yemasangiz, biz bormiz... To‘g‘rimi, qizim?

Kelin qaynotasining fikrini ma’qulladi. So‘ng dasturxonni yozish asnosida qaynonasiga: «Yaxshi borib keldingizmi?» — deya mulozamat qildi.

Mahkam momo o‘g‘il uylantirgan ayollarga xos kibr ila turarkan, til uchida «ha» dedi-da, unga buyurdi:
— Ovqating pishgan bo‘lsa, opkel! Cholimning qorni ich-ichiga yopishib ketgandirov.
— Hozir suzib kelaman, oyijon.

Qaynona «oyijon»dan erib ketdi va choliga qarab «ko‘rdingizmi?» kabi qosh qoqdi.

Besh daqiqa o‘tar-o‘tmas chinni laganda palovxonto‘ra, ketidan ko‘k choy keltirildi. Choy oshning qamchisi-da! U choyni qaytarib chol-kampirga uzatdi, keyin «oling-oling» qilindi. O‘rinboy sinchi rapidadek qo‘liga bir kapkirdek palov olib oshladi-yu, chaynash vaqtida ko‘zlari ola-kula bo‘lib javdiradi. Tomog‘ini sho‘r tirnab qornigacha jarohatladi. Kelinning kipriklari tez-tez pirpiradi. Momo erining holatidan shubhalandi:
— Tuzi ko‘pmikan?

Bobo shosha-pisha yutinib javob qaytardi:
— Biram mazaliki, birov tortib oladigandek shoshilganimdan tiqilib qoldi.

Kelinning ko‘zlari tez-tez pirpirab, nigohlarida mehr jilvalandi va tovuqdek cho‘qilab uyatdan qizarindi.
Bosh yorilsa, qalpoq ostida! Sho‘rva bo‘lsa ekan, suv qo‘shib ichaversang. Ammo oshga na tuz qo‘shishning iloji bor, na suv...

Bobo har oshaganda piyola-piyola choy simirar, birovdan takalluf ham kutib turmas, yonidagilarni, ayniqsa, kampirini oshga undamas, zo‘r berib kelinning aybini yopishga urinardi.

Osh taxir, sho‘r, biroq kelinning mo‘ltiragan nigohida buning aksi ko‘rinardi va cholning andishasi yanada ortardi. Xotinining tikilib turganidan o‘ng‘aysizlanib shoshib kavshanardi.

...Oxirgi bir osham qolganda «tuzini ko‘ray» deb Mahkam momo qo‘l cho‘zdi va qaynota-kelinni-da tashvishlantirdi. O‘tkirligi butun mahallaga ma’lum kampir kamshik tishlarini g‘ichirlatdi, guruchning ta’mini bilgach keliniga o‘girildi:
— Namuncha sho‘r? Umringda ovqat qilganmisan!?

Kelin seskanib ketdi.
— Kampir, — deya gap boshladi sinchi. — Tomog‘ingizga tuz yuqib qolganov! Bir tovoq yeb menga o‘tmadi. Bir chuqimi sizga bilinsa-ya? Tag‘in bo‘lsa, yo‘q demayman.

Bobo kampirning holatiga kuldi va palov keltirmoqqa qo‘zg‘algan keliniga imladi. U qimir etmadi. Mahkam momo qilt-qilt yutindi-da, Oyshaga: «Tur, osh opkel!» — deya buyurdi. Zum o‘tmay bir kapkirgina osh solingan laganni ko‘tarib kelin keldi.

Chol yengini shimardi.
— O‘ldirsayam osh o‘ldirsin. Sho‘rmish! Hey kampir, kelinimning ishidan min topasiz. Mazasini aytmaysizmi!? Qo‘ling dard ko‘rmasin, bolam.

Kampir boboyining ishtahasini ko‘rib o‘zidan ajablandi. Ammo palovning ta’mini qayta bilishga urinmadi.
O‘rinboy sinchi chaynalib, o‘qchib-o‘qchib qo‘ydi...
Olimjon JUMABOYeV

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Qaynota