Bir tanishim bor. Mahalladoshim. Oddiy oilaning oddiy farzandi edi. Bir vaqtlar... Hozir o‘nlab zavod-fabrika egasi. To‘g‘ri, bunaqa boylikka ega kishilar safi kengayib ketdi, ammo Habib aka kabi ham moddiy, ham ma’naviy boylar, afsuski, unchalik ko‘p emas... Qanday qilib bu darajalarga erishganining ajoyib tarixi bor. Shuni Sizlar bilan o‘rtoqlashmoqchiman. Uslub oson bo‘lishi uchun hikoyani qahramonning nomidan yozmoqchiman...
“Ming to‘qqiz yuz to‘qsoninchi yili dadam olamdan o‘tdi. Men endigina o‘n yetti yoshga kirgandim. Aqlimni tanib qolgan bo‘lsam ham, besh yil dard bilan kurashgan padarimning vafotidan dovdirab qoldim. Chunki o‘limni uzoqda deb o‘ylardim...
Ota-onam oddiy “kolxozchi” bo‘lsa ham ma’rifatparvar, dindor, diniy ilmlari oz bo‘lsa ham, amallari ko‘p edi. Onajonimning nasihatlari ortidan besh nafar ukalarimning uddasidan chiqishga harakat boshladim.
Mahallamizda Islom aka degan do‘konchi bor edi. O‘sha kishining yoniga borib: “Meni shogirdlikka oling”, deb qattiq iltimos qildim. Oilaviy sharoitimni bilgani uchun rozi bo‘ldi. Toshkentga meva va sabzavotlar oborib sotadigan bo‘ldik. Qo‘lim oz-moz pul ko‘rdi. Keyin Rossiyaga yuk oboradigan bo‘ldim. Ishlarim judayam yurishib ketdi.
Bir kuni poyezdda judayam tushkun kayfiyatdagi odam bilan hamroh bo‘lib qoldim. Ismi Murodjon, o‘zi qozog‘istonlik ekan. “Nega kayfiyatingiz yo‘q, aka?” deb hol-ahvol so‘radim. “Ey uka, nimasini aytasiz, vokzalda pulimni yo‘lto‘sarlarga oldirib qo‘ydim. Poyezdda falon joygacha borishim, undan tushgach, piston shahargacha yetib olishim kerak. Hozir vagon nazoratchisi chiptamni so‘rasa, nima deyman, boshim qotib qoldi”.
Shu payt dadam rahmatlining nasihatlari yodimga keldi: “Bolam, musofirga, yo‘lda qolganga, agarchi u kofir bo‘lsa ham, yordam ber! Alloh ajrini albatta beradi...”
Qozog‘istonlik akaning yo‘l xarajatlarini chamalab ko‘rdim. Poyezd haqiga ikki yuz, keyin o‘z shahriga yetib olishi uchun yana ikki yuz, ovqatlanishi uchun yuz, jami besh yuz dollar bemalol yetar ekan. Yonimda taxminan yetti yuz dollar bor, xolos. Chiptam bor, to‘g‘ri Moskvaga boraman va yuklarimni bozorgacha olib borish uchun yuz dollar yetadi. Demak, bu odamga yordam beraman, dedim.
Shayton va nafsim qancha qarshilik ko‘rsatmasin, dadamning nasihatiga amal qilgim keldi. (Ehtimol padari buzrukvorim hayot bo‘lganlarida bunaqa qilolmasdim. Yanayam bilmadim...) Shartta yonimdan besh yuz dollar chiqarib berdim. U kishi xijolat bo‘ldi. “Bu pulni men Sizga qanday qaytarman, qayerdan topaman Sizni”, dedi chor-nochor pulni olar ekan. “Aka, men O‘zbekistonlikman. Ammo meni izlab ovora bo‘lmang. Bu Alloh yo‘lida ehson Sizga. Dadam rahmatli shunaqa buyurgan bizga. O‘sha kishining haqlariga duo qilib qo‘ysangiz, kifoya. Agar astoydil qaytarishni xohlasangiz, o‘zingizga o‘xshab mushkul ahvolga tushib qolgan biror odamga yordam bering, men roziman. Bu qarzga emas. Yigitchilik, bunaqa vaziyatlar bo‘lib turadi” dedim uni noqulay vaziyatdan chiqarish uchun... Yo‘l-yo‘lakay gaplashib ketdik. Moskvaga yetmay qaysidir stansiyada tushib qoldi. Keyin qaytib Murod akani ko‘rmadim (yoshlar balki yaxshi tasavvur qilmas, u paytlari nafaqat qo‘l, balki uylarda ham telefon bo‘lishi amri mahol edi).
Ikki yillar chamasi sovuq o‘lkalarga borib yurdim, oshig‘im olchi bo‘ldi. Kun sayin pulim ko‘payib, ro‘zg‘orimiz butlashib borardi. Bir kuni ko‘z tegdi. O‘ris o‘lkasida yo‘lto‘sarlarga duch keldim. Bor-budimni shilib, o‘zimni o‘ldirmoqchi bo‘lib turgan payti Xudo najot berib arang qochib qoldim. Nafsimning gapiga kirib nasiyaga ham mol olgan edim. Qishloqqa kelgach, dehqon va bog‘bonlar haqini talab qila boshladi. Bergani imkonim yo‘q, qarzdan kechgani ularning sharoiti... Darvozadan birov chaqirib kelsa, yuragim o‘ynaydi, o‘zim bilib bilmay sandalning ichiga kirib ketaman. Qani yer yorilsa-yu, kirib ketsam... Onam taskin bersalar ham, ko‘zlari tubidagi mung meni ezib yubordi. Dadamdan qolgan uchastka bor edi, o‘shani sotib arang qarzdan qutildim. Endi nima qilishga ham boshim qotgan, chunki ishlagani ish yo‘q, hamqishloqlarim nasiyaga mol bermaydi...
Shunday kunlarning birida onajonim yalinchoq ohangda gap boshladilar: “Bolam, ko‘pam kuyunaverma, bu kunlar ham o‘tadi. Suv ham tog‘dan tushayotib, katta-kichik toshlarga urib, pishadi – shirin bo‘ladi. Ukang Abdullatif poytaxtga o‘qishga kirdi. Agar xo‘p desang, o‘sha yoqqa bor, o‘n so‘m topsang, yarmini o‘zing ishlat, yarmini ukangga ber. Bizga puling kerak emas, pensiyam va hovlidan chiqqan ekin-tikin bilan tirikchiligimizni amallab turamiz. Ukang ilm olishi kerak. Universitetga kirish hammaga ham nasib qilavermaydi. Musofir yurtlarda kun kechirish oson emas. Qiynalib qolib, o‘qishdan chalg‘imasin... Jon bolam, narigi mahalladagi Muqim akang qaysidir bozorda ishlayapti ekan. O‘sha bilan maslahatlash...”
“Xo‘p” dedimu poytaxt sari yo‘l oldim. “Ippodrom” bozoriga borib arava sudray boshladim. Ishimiz savdogarlarning zil-zambil sumkalarini tong sahar ombordan bozorga, kechki payt bozordan omborxonaga tashish, kunduzi xaridorlarning yukini mashinasiga yetkazib berish... Tiqilinchda yuk to‘la aravani itarish oson emas. Mijozlar Sizga juda balanddan qaraydi, ismim ham “hoy arava!” bo‘lib qolgan, hamma shunday deb chaqiradi... “Yaqinda Habib boyvachcha bo‘lib yurgandi, qara, endi bozorda arava tortyapti...”
O‘zimiz tomonlik tanishlarimning (achinish bilanmi, malomat bilanmi, bilmadim) aytgan mana shunaqa gaplarini eshitish har qanday yukni ko‘tarishdan og‘ir edi. Ammo barchasiga chidashim, onamning gapini ikki qilmasligim kerak. Hammadan erta borib, kech qaytaman. Ayrim savdogarlar bilan qadrdonlashib qolganimdan bozor tugagach, yoyilgan tovarlarini yig‘ishtirib omborxonaga joylab qo‘yishni ham menga ishonib ketadigan bo‘ldi. Albatta, ikki yo uch barobar ko‘proq haq evaziga. Ukamni boshdan oyoq kiyintirib, oziq-ovqatini ta’minlashdan orttirib, qishloqqa ham pul jo‘natib turdim...
Olti oylar chamasi vaqt o‘tdi. Bir kuni bozor oxirlab, aravakashlar ham ijara uylariga ravona bo‘lgan, menga kabi “ishlashga majbur”lar qolgan, xolos. “Orqa tomondan birov “hoy arava!” deb chaqirdi. Bordimu egasiga ham qaramay yukni aravaga orta boshladim. Yuklab bo‘lgach, mijoz “Falon stayankaga!” dedi. Shu payt unga qaradim, yuzi issiq ko‘rindi, lekin taniy olmadim. “Habib! Ukajon, o‘zingmisan?!” deb qoldi u. Shunda esladim, bu o‘sha – uch-to‘rt yillar avval poyezdda uchratganim qozog‘istonlik Murod aka edi. U judayam iztirobga tushib meni savollarga ko‘mar, javobini ham kutmay, yana gapirar... Xullas qandaydir noqulay holatga tushib qolganday edi. “Nima bo‘ldi” degan savoliga: “Yigitchilik, aka...” deb javob berdim. Shu payt poyezdda o‘ziga tasalli sifatida aytgan shu gapimni esladi va chehrasiga ozgina tabassum yugurdi.
Yonidagi shogirdlariga yukni mashinaga oborib, keyin aravani ijaraga beriladigan joyga topshirishni buyurdi. Biz gaplashib keta boshladik. Aytishi bo‘yicha, Murod aka Turkiya va Erondan tovar olib kelib, savdogarlarga ulgurji narxda tarqatar, bozordagi mahsulotlarning yarmidan ko‘pini u import qilar ekan. Toshkentdagi uyiga bordik. Shunday hashamatliki, hatto biz kabi oddiy odamlar yurishga ham xijolat qiladigan darajada... “Cho‘milib chiq” deb meni hammomga yo‘lladi. Qancha yuvinsam ham badanimdan qora narsa yuqib tushayotganday tuyulardi. Rosa rohat qilib cho‘mildim, qandaydir ko‘nglim ravshan tortdi.
Hammomning yechinish xonasiga chiqsam, kiyimlarim yo‘q! O‘rniga boshdan oyoq yangi kiyim-bosh turardi. Murod aka tashqaridan: “Habib, kiyimlarni senga oldirib keldim. Xijolat bo‘lmay, o‘shalarni kiyib chiq tezroq...” dedi. Bir pastda boshqa odamga aylanib qolganday edim. Murod aka bilan rosa dardlashdik, o‘tgan-ketgan gaplardan suhbatlashdik.
Poyezddagi holatni esladi. “O‘shanda, – dedi u, – Sening jo‘mardligingga qoyil qoldim. Garchi qarz emas, deb bergan bo‘lsang ham, Xudodan shu yigitga yana ro‘baro‘ qil, yaxshiliklarini qaytarishni nasib et, deb ko‘p so‘radim. Allohga shukur, duolarim ijobat bo‘ldi. Endi yaxshilik qilish navbati menda...”
Ertasi kuni bozordan do‘kon sotib oldik. Menga hammadan arzon va pulini sotib berish evaziga tovar bera boshladi. Ikki nafar hamqishlog‘imni yordamchilikka oldim. Shu tariqa judayam katta mablag‘ topdim. Hozirgi zavod va fabrikalarimning poydevori o‘sha mashhur “Ippodrom” bozorida qo‘yilgan...”
Hikoyani shu joyda tugatib qo‘ysam ham bo‘laverardi. Ammo...
Yaqinda Abdullatifning Toshkentdagi uyida mehmon bo‘lgandim. To‘rt-besh yashar qaqajon qiziga “Uylaring rosa chiroyli ekan, a?” dedim. “Ha, lekin otamning (amakisini ota der ekan) uyi rosayam hashamatli...” dedi qizaloq. “Yo‘g‘-ey” dedim so‘zimga yolg‘on hayrat qo‘shib. U hech narsaga parvo qilmay fikrini davom ettirdi: “Bilasizmi, nimaga? Chunki otam ko‘p ehson qiladi, shuning uchun Alloh pullarini ko‘paytirib tashlayveradi....”
Yosh go‘dakning bu gaplari menga qattiq ta’sir qildi. Sababi u haq gapni aytayotgan edi. Habib akaning sahiyligi, mehmondo‘stligi, qanchadan-qancha kambag‘allarni moddiy qo‘llashi, talabalarning shartnoma pullarini beminnat to‘lab berishini, masjidlarning qurilishiga oshkor-yashirin pul berishlarini ta’kidlashim shart bo‘lmasa kerak. Faqat bir narsani aytmasam, ko‘nglim joyiga tushmaydi. U kishi doim bir gapni ko‘p qaytaradilar: “Ehsonning mukofoti faqat ehsondir!”
Yaqinda bilsam, bu Habib akaning so‘zi emas, Allohning kalomi, aniqrog‘i haq va’dasi ekan: Ar-Rohman surasi, 60-oyat.
Abdulaziz Muborak
Manba: Azon.uz
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Medvedev: Maxsus harbiy operatsiya uchun qurollarning aksariyati Rossiyada ishlab chiqariladi
Ukraina Kursk oblastida egallab olgan hududlarining 40 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi
BAAda isroillik ravvin o‘ldirib ketildi
Primorsk o‘lkasi O‘zbekiston bilan turizm sohasida hamkorlikni yanada kengaytirmoqchi
Qirg‘izistonda elektron sigaretalar taqiqlanmoqda
Bryus Lining sirli o‘limi tafsilotlari aniqlandi
Taker Karlson: Zelenskiy o‘z muddatini o‘tab bo‘lgan va hokimiyatda qolishda davom etmoqda
Ukraina elchisi: “Rossiya armiyasi Odessa va Nikolayevni bosib olishiga Turkiya to‘sqinlik qilgan”