21:00 / 22.06.2022
1 408

«O‘zbekistonda go‘sht mahsulotlarini arzonlashtirishda Turkiya modelini qo‘llash samara beradi» — ekspert Abdumalik Nomozov

«O‘zbekistonda go‘sht mahsulotlarini arzonlashtirishda Turkiya modelini qo‘llash samara beradi» — ekspert Abdumalik Nomozov
Foto: BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti
O‘zbekistonda chorva hayvonlarini boqishdan samarali natija olishda Turkiya modeli mos tushadi. Bu haqda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida o‘tkazilgan «Chorvachilikni barqaror rivojlantirishni strategik rejalashtirish» mavzusida mintaqaviy konferensiyada milliy ekspert Abdumalik Nomozov ma’lum qildi.

BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining Agrar siyosat masalalari bo‘yicha milliy eksperti Abdumalik Nomozovning alohida ta’kidlashicha, ikki turdagi mamlakatning tajribalarni o‘rganish va ularni O‘zbekistonda qo‘llash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

«Biz tajribalarni o‘rganmoqchi bo‘lgan mamlakatlarni ikki xil tipga ajratish mumkin. Birinchisi, Sharqiy Yevropa davlatlari, ya’ni bozor iqtisodiyoti ancha rivojlangan davlatlar. Ikkinchi xildagi davlatlarga esa aynan bizning davlatimiz kabi sobiq sovet mamlakatlari kiradi. Birinchi turdagi mamlakatlardan bozor iqtisodiyoti tamoyillarini moslashtirishni o‘rganayotgan bo‘lsak, ikkinchi xildagi mamlakatlardan mustaqillikka erishgandan so‘ng qaysi modellardan foydalangani ko‘rib chiqilmoqda», — dedi Abdumalik Nomozov.

Ekspertning aytishicha, o‘rganilgan mamlakatlar ichida O‘zbekistonning hozirgi sharoitida Turkiya modelini qo‘llash ko‘proq to‘g‘ri keladi.

«Sababi iqlimi, sharoiti, geografik joylashuvi bizga ancha mos. Xususan, ularda ham yer resurslari anchayin cheklangan, qurg‘oqchilik zonalari ko‘p. Shu bois Turkiya modelini O‘zbekistonda tatbiq etish ham oson va foydali bo‘ladi. Bu ozuqa bazasini to‘g‘ri shakllantirishda ham, chorva hayvonlarini boqishda ham, go‘sht mahsulotlari narxini normallashtirishda ham samarali natija beradi», — dedi olim.

Uning qo‘shimcha qilishicha, qo‘shni Qozog‘iston va Qirg‘izistonda yaylovlarning ko‘pligi uchun vaziyat bizdan ancha farqli.

«Mamlakatimizda yer resurslarimizning cheklanganini hisobga oladigan bo‘lsak, aynan ularning modullarini to‘liq o‘zimizda tatbiq etishimizning imkoni yo‘q», — dedi Abdumalik Nomozov.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » «O‘zbekistonda go‘sht mahsulotlarini arzonlashtirishda Turkiya modelini qo‘llash samara beradi» — ekspert Abdumalik Nomozov