Avstraliyada boshidan oyoqlar o‘sgan buzoqcha operatsiya qilindi

Avstraliyada boshidan oyoqlar o‘sgan buzoqcha operatsiya qilindi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Avstraliyada boshidan ikkita qo'shimcha oyoq o'sgan buzoqcha Spayder muvaffaqiyatli operatsiya qilindi.
  • Mutaxassislarning ta'kidlashicha, bunday holat qoramollarda uchrab turadi, ammo Spayderda ortiqcha oyoqlar bosh qismida shakllangani bilan ajralib turadi.
  • Olimlar buni "egizak parazit" hodisasi yoki genetik omillar bilan bog'liq deb taxmin qilishmoqda, ammo aniq sababi hozircha ma'lum emas.
  • Operatsiyadan so'ng buzoqcha tezda tiklanib, onasining oldiga qaytarildi.

Avstraliyada boshidan ikkita qo‘shimcha oyoq o‘sib chiqqan buzoqcha veterinarlarni hayratda qoldirdi. Spayder deb nomlangan hayvonni dastlab evtanaziya qilish ham ko‘rib chiqilgan, biroq mutaxassislar unga yana bir imkoniyat berishga qaror qildi. Natijada jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tdi. Bu haqda ABC News xabar berdi.

Voqea Avstraliyaning Kvinslend shtatida sodir bo‘lgan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, qoramollarda qo‘shimcha oyoqlar bilan tug‘ilish holatlari uchrab turadi. Ammo Spayderda ortiqcha a’zolar tanasida emas, balki bevosita bosh qismida shakllangani bilan ajralib turadi.

Sidney universiteti Veterinariya fanlari maktabi xodimi Imke Tammenning aytishicha, hozircha bunday g‘ayrioddiy holatning aniq sababi ma’lum emas. Olimlar ehtimoliy sabablardan biri sifatida «egizak parazit» hodisasini ko‘rsatmoqda.

Operatsiyadan keyin bosh qismida katta choklari bo‘lgan qora buzoq yotibdi.

Bu holat embrionlar rivojlanishining dastlabki bosqichida yuz berishi mumkin. Bunda egizaklardan birining to‘qimalari ikkinchisining organizmida saqlanib qoladi. Natijada hayvon tanasida qo‘shimcha a’zolar shakllanishi ehtimoli bor. Biroq mutaxassislar Spayderda ham aynan shu jarayon sodir bo‘lganini hozircha tasdiqlamagan.

Bundan tashqari, qo‘shimcha oyoqlarning paydo bo‘lishiga genetik omillar ham sabab bo‘lishi mumkin. Ayrim qoramol zotlarida bunday tug‘ma nuqsonlar muayyan irsiy o‘zgarishlar bilan bog‘liq. Shuningdek, embrion rivojlanishidagi boshqa buzilishlar ham shunday anomaliyalarga olib kelishi mumkin.

Veterinar Megan Smit o‘zining 20 yillik faoliyati davomida bunday holatga birinchi marta duch kelganini aytgan. Spayderning egalari uning kelajakdagi ahvolidan xavotirlanib, dastlab evtanaziya qilish imkoniyatini ham ko‘rib chiqqan.

Biroq veterinarlar buzoqchani saqlab qolishga urinib ko‘rishni ma’qul topgan. Qo‘shimcha oyoqlar hayvon ulg‘aygan sari uning harakatlanishi va muvozanatni saqlashiga xalaqit berishi mumkin edi. Shu sababli ularni jarrohlik yo‘li bilan olib tashlashga qaror qilingan.

Operatsiya taxminan 90 daqiqa davom etgan va muvaffaqiyatli yakunlangan. Muolajadan keyin Spayder tezda o‘zini tiklab, onasining oldiga qaytarilgan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar