Ichimlik suvi epidemik va radiatsiya jihatdan xavfsiz, kimyoviy tarkibi bo‘yicha zararsiz va ijobiy organoleptik xususiyatlarga ega bo‘lishi kerak.
Shuningdek, ichimlik suvi davlat standarti talablariga mos kelishi kerak. Bu haqda Sanepidqo‘mita xabar berdi.
Qayd qilinishicha, aholini markazlashgan xo‘jalik-ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida suv xlorlanadi. Bundan maqsad – uni kasallik qo‘zg‘atuvchi mikroorganizmlardan tozalash. Yirik ichimlik suv inshootlarida suyuq xlor ishlatiladi. Suv xlorlangandan keyin 0,5-1 soat o‘tgach, xlorning qoldig‘i 0,3-0,5 mg/l bo‘lishi gigiyenik me’yorga to‘g‘ri keladi. Ichimlik suvi iste’molchiga yetib borgunga qadar tarkibida xlor qolmaydi. Ichimlik suvi me’yordan ortiq xlorlanmaydi.
Suvning ta’mi har yerda har xil bo‘lishi mumkin, bu suv manbasiga bog‘liq. Ba’zi ichimlik suvi quvurlari temirdan ishlangan. Jo‘mrak ochilganida sarg‘ish rangdagi suv kelishi mumkin. Bu quvurning zangi bo‘lib, suv oqishi natijasida yuvilib ketadi. Buning zarari yo‘q, deb ta’kidlamoqda Sanepidqo‘mita. Shuningdek, suv qaynatilishi natijasida choynakda hosil bo‘lgan oq sarg‘ish cho‘kma ham inson salomatligi uchun bezarar.
Suv bosimi yuqori bo‘lgani sababli, jo‘mrakni ochganimizda ko‘piradi, lekin hidi bo‘lmaydi.
Ichimlik suvini avval tindirib, keyin qaynatilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Ichimlik suvi inshootlaridagi filtr stansiyalari suvni filtrlanishini, maishiy filtrlar esa uy sharoitida suvni filtrlanishini ta’minlaydi. Maishiy filtrlar gigiyenik hamda mufoviqlik sertifikatiga ega bo‘lishi kerak.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!