
“Manchester Siti” klubi rahbariyati jamoaning eng ishonchli va barqaror o‘yinchilaridan biri sanalgan Rodrigo Ernandes bilan hamkorlikni uzaytirish masalasini muhokama qilishga kirishdi. Bu haqda futbol insayderi Ekrem Konur ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “shaharliklar” uchun muhim bo‘lgan yarim himoyachi bilan kelishuvni yangilash muzokaralari boshlangan va klub uni uzoq yillarga saqlab qolish niyatida.
29 yoshli Rodri so‘nggi mavsumlarda nafaqat “Manchester Siti”ning, balki Ispaniya terma jamoasining ham yetakchisi sifatida juda yuqori darajadagi o‘yinlar namoyish etmoqda. Uning taktik fikrlashi, pas aniqligi va o‘yinni boshqarish qobiliyati sabab jamoa markazi aynan uning orqali quriladi.
E’tiborlisi, Rodri 2024-yilda dunyo futbolidagi eng nufuzli individual mukofot — “Oltin to‘p” bilan taqdirlangandi. Bu yutuq uning so‘nggi yillardagi a’lo darajadagi o‘yini va muntazam natijalarining e’tirofi bo‘ldi.
Shu bilan birga, “Pari Sen-Jermen” va “Real Madrid” kabi top klublar ham Rodriga jiddiy qiziqish bildirmoqda. Ular vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda va agar muzokaralar uzoqqa cho‘zilsa, rasmiy taklif bilan chiqishi ehtimoldan xoli emas.
Shuningdek, “Manchester Siti” rahbariyati ispaniyalik futbolchi klubda o‘zini erkin va baxtli his qilayotganiga ishonchi komil. Ular Rodrining yangi shartnomani joriy mavsum yakunlangunga qadar imzolashiga umid qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Rodri 2019-yilda “Atletiko Madrid”dan “Siti” safiga qo‘shilgan va o‘tgan besh yil ichida klubning haqiqiy ustuniga aylangan. Uning amaldagi shartnomasi 2027-yilning yozigacha amal qiladi, yangi bitim esa bu muddatni kamida uch yilga uzaytirishi kutilmoqda.
Gvardiola jamoasi uchun Rodri — nafaqat yarim himoyachi, balki butun o‘yin tizimining asosiy ustuni. Shu bois, “Siti” uning jamoada qolishi uchun bor kuchini ishga solmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!