Foto: AP
Bola bilan qo‘pol muomalada bo‘lishning zararlari kattaligi sabab ham bu zo‘ravonlikning bir turi sifatida tasniflanishi kerak.
Bolalar jismoniy yoki jinsiy zo‘ravonlikdan ko‘ra ko‘proq og‘zaki zo‘ravonlikka duch keladi. Dunyo bo‘yicha 36,1 foiz bola hissiy zo‘ravonlikni (buning ichiga og‘zaki zo‘ravonlik ham kiradi) boshdan kechiradi. 25 foiz bola esa jinsiy zo‘ravonlikni, 22 foizi esa jismoniy zo‘ravonlikni boshdan o‘tkazadi.
Kattalar tomonidan bolalarga qilinadigan og‘zaki zo‘ravonlikka baqirish, qichqirish, bolani haqoratlash, og‘zaki qo‘rqitishlar kiradi. Kattalarning bunday harakatlari bolalikda sodir etilgan jinsiy va jismoniy zo‘ravonlik kabi ularning rivojlanishini zararlashi mumkin.
Bolalar zo‘ravonligi bo‘yicha AQSH eksperti, tadqiqot mualliflaridan biri Shanta Dyubning aytishicha, kattalar ko‘pincha o‘zlarining baland ovozi va "ahmoq", "dangasa" kabi so‘zlarni bolalariga ishlatishi qanchalik salbiy ta’sir ko‘rsatishini bilmaydi.
20,5 ming buyuk britaniyalik ishtirokchilarning ma’lumotlari o‘rganildi: bolalikda og‘zaki haqoratlanganlar haqorat eshitmaganlarga qaraganda 19,9 foiz ko‘proq giyohvand moddalar iste’mol qilishga, moyil bo‘lishi, ularning qamoqqa tushib qolish xavfi esa ota-onasining baqirishlarini eshitmaganlarga qaraganda 2 barobar ko‘proq bo‘lishi aniqlandi.
Shuningdek, Buyuk Britaniyada ming nafar 11-17 yoshli bolalar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovga ko‘ra, ularning 41 foizi kattalar: ota-onasi, do‘stlarining ota-onasi, o‘qituvchisi tomonidan tanqid, ayblov va haqoratlarni eshitgan. 51 foizi bu holatlarga haftada bir duch keladi, 10 nafardan biri esa kunlik haqoratlarni boshdan o‘tkazadi.
Bolalardan o‘zlari eshitadigan eng yomon so‘zlarni so‘rashganda "Hech qanday foydang tegmaydi", "Ahmoqsan", "Hech narsani eplolmaysan" iboralarini, eng yaxshilarini so‘rashganda esa "Sen uddalaysan", "Sen bilan faxrlanaman" iboralarini aytishgan.
Tadqiqot hammualliflaridan biri Piter Fonagining qayd etishicha, bolalar genetik jihatdan kattalar nima desa, shunga ishonadigan bo‘ladi. Ular kattalarni jiddiy qabul qiladi. Agar kattalar bolalarga to‘g‘ri o‘rgatish o‘rniga so‘zlar bilan ularga zo‘ravonlik ko‘rsatishsa, bu nafaqat bolalar uyalishiga, ajralib qolishiga, balki jamiyat bilan aloqa qila olmasligiga ham sabab bo‘lishi mumkin.
Og‘zaki zo‘ravonlik psixologik buzilishlar, murakkab hissiy holatga, hatto aqliy buzilishlarga ham sabab bo‘lishi, keyinchalik bola bilan bog‘liq zo‘ravonlik holatlarini keltirib chiqarishi mumkin. Masalan, bola o‘zi uchun zo‘ravonlik qilish mumkin bo‘lgan sherik topishi, xuddi shu zo‘ravonlikni takrorlashi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!