
O‘zbekiston Markaziy banki tijorat banklarining mobil ilovalarda mijozlarni «umumiy takliflar»ni qabul qilishga majburlashini tanqid qildi. Regulyatorning ta’kidlashicha, bunday shartlar adolat tamoyillarini buzadi va iste’molchilarning huquqlarini cheklaydi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, mijoz bitta xizmatdan foydalanish uchun ko‘pincha bir nechta bank mahsulotlarini, shu jumladan unga kerak bo‘lmagan xizmatlarni qamrab olgan keng shartnomani tasdiqlashga majbur bo‘lmoqda. Natijada, fuqaro o‘z tanloviga zid ravishda shartlarni qabul qilgan bo‘ladi.
Regulyatorning qayd etishicha, ko‘plab foydalanuvchilar bunday hujjatlarni to‘liq o‘qib chiqmaydi yoki ularning mazmunini tushunmaydi. Ayrim banklar bundan foydalanib, «umumiy takliflar»ga komissiyalar va qo‘shimcha xizmatlarni kiritadi, bu esa keyinchalik nizolarga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, Markaziy bank ayrim hollarda banklarning kredit kartalarini kechikkan to‘lovlar sababli bloklashi va keyin qarz to‘lash uchun hisob to‘ldirilganda komissiyalarni ushlab qolishini tanqid qildi. Bunday harakatlar mijozlarning qarzini to‘lashini qiyinlashtiradi va shikoyatlar sonining oshishiga olib keladi.
Markaziy bank eslatib o‘tdiki, mijoz roziligisiz mablag‘larni ushlab qolish faqat qonunda qat’iy belgilangan holatlarda amalga oshirilishi mumkin. Shuningdek, xizmatlarni majburlab taqdim etish fuqarolik va monopoliyaga qarshi qonunchilikka zid ekanligi qayd etildi.
Tijorat banklarga «umumiy takliflar»dan voz kechish, ortiqcha xizmatlarni majburlab taqdim etmaslik va komissiyalarni joriy etishda vijdonan harakat qilish tavsiya etildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.