
Foto: Saida Mirziyoeva / Telegram
Mass-media fondi rahbarlari Shveytsariyada BMTning inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari bilan uchrashuv oʻtkazdi. Unda Oʻzbekistondagi soʻz erkinligining “kechagi ahvoli, bugungi holati va ertangi kuni qanday boʻlishi kerakligi” muhokama qilingan; “xorijning turli agressiv targʻibotlaridan himoyalanish” boʻyicha hamkorlikka kelishib olingan. Shuningdek, uchrashuvda ayollar huquqlari masalasi ham koʻtarilgan.
Milliy mass-mediani qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov va uning oʻrinbosari Saida Mirziyoeva Shveytsariyaning Jeneva shahrida BMTning inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Mishel Bachelet bilan uchrashdi.
Komil Allamjonov oʻz Telegram-kanalida ma'lum qilishicha, uchrashuvda soʻz erkinligi va milliy matbuot rivoji haqida soʻz borgan.
“Uchrashuvda Oʻzbekistonda soʻz va matbuot erkinligining kechagi ahvoli, bugungi holati va ertangi kuni qanday boʻlishi kerakligi haqidagi mulohazalarimni bildirdim. Yillar davomida yopiq boʻlgan matbuot Prezident Shavkat Mirziyoevning siyosiy irodasi tufayli bugun ochilgani, bu yoʻlda qiyinchilik va muammolar hamon mavjud boʻlsa-da, tanlangan yoʻl qat'iy ekanini yetkazdik.
Muloqotda oʻzbek matbuotining rivoji, uning erkin faoliyat koʻrsatishi, eng muhimi – xorijning turli agressiv va zoʻravonlikka asoslangan targʻibotlaridan himoyalanish uchun BMTning inson huquqlari boʻyicha ofisi bilan yaqin hamkorlik muhim ekani ta'kidlandi va bu borada kelishuvga erishildi”, – dedi Allamjonov.

Foto: Komil Allamjonov / Telegram

Foto: Saida Mirziyoeva / Telegram
Oʻz navbatida, Saida Mirziyoeva uchrashuvda ayollar huquqlari masalasi ham muhokama qilinganini ma'lum qildi.
“Fondimiz mamlakatimizda ayollarni kamsitish holatlarini bartaraf etishga imkon qadar hissa qoʻshmoqda. Gender tengligi himoyasi esa milliy siyosat darajasiga koʻtarilgan.
Umid qilamanki, koʻzlagan ishlarimizni uddalaymiz. Biz oldinga yuryapmiz, hamkorlik koʻpriklarini oʻrnatyapmiz, sa'y-harakatlarimizni jahon miqyosida namoyish etyapmiz.
Bachelet xonimni katta mamnuniyat bilan Oʻzbekistonga taklif qildim. Koʻrsatishga, gapirib berishga arziydigan taraflarimiz koʻp. Eng muhimi, maqsadga erishishga tayyorligimizni namoyish eta olamiz”, – deya yozdi Mirziyoeva Telegram-kanalida.

Foto: Saida Mirziyoeva / Telegram

Foto: Saida Mirziyoeva / Telegram “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!