153
Samarqandda 26—30 avgust kunlari “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivali boʻlib oʻtadi

YuNESKO shafeligida 26—30 avgust kunlari Samarqandda “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivali boʻlib oʻtadi. Bu haqda Madaniyat vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Musiqa festivalida dunyoning 70 ga yaqin mamlakatidan 300 dan ziyod vakil qatnashishi kutilmoqda.
26 avgust kuni Samarqand shahrida “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivalining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtadi.
27—28 avgust kunlari “Sharq xalqlari musiqa madaniyati: globallashuv jarayonlarida ijodiy uygʻunlashuv tamoyillari” mavzusidagi Xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiya oʻtkazilishi rejalashtirilgan boʻlib, unda musiqashunos olimlar, ilmiy-tadqiqot markazlari olimlari, musiqiy oliy ta'lim muassasalari professor-oʻqituvchilari hamda tadqiqotchi-doktorant va magistrantlar ishtirok etishi kutilmoqda.
27—29 avgust kunlari “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivaliga tashrif buyurgan ishtirokchilar oʻrtasida koʻrik-tanlov oʻtkazilib, Xalqaro hay'at tomonidan tanlov ishtirokchilarining chiqishlari ikkita yoʻnalish boʻyicha baholanadi:
- professional (klassik) darajadagi xalq musiqasi va qoʻshiq yoʻnalishi;
- zamonaviy kompozitorlar tomonidan yaratilgan musiqa va qoʻshiq yoʻnalishi.
Tanlov ishtirokchilarining chiqishlarini baholash uchun Tashkiliy qoʻmita tomonidan etti kishidan kam boʻlmagan tarkibda Xalqaro hay'at tuziladi. Tanlovda chiqish uchun tarkibi 12 nafar musiqachidan koʻp boʻlmagan cholgʻu ansambli jonli tarzda joʻr boʻlishiga ruxsat etiladi.
Tanlov gʻoliblari Tashkiliy qoʻmita tomonidan diplom, statuetka va quyidagi miqdorlarda pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:
- “Gran-pri” — 10 000 dollar;
- I oʻrin (har bir yoʻnalish boʻyicha) 2 x 5 000 — 10 000 dollar;
- II oʻrin (har bir yoʻnalish boʻyicha ) 2 x 3 500 — 7 000 dollar;
- III oʻrin (har bir yoʻnalish boʻyicha) 3 x 2 000 — 6 000 dollar.
Ishtirokchilar, shuningdek, “Eng yosh ishtirokchi”, “Muxlislar e'tirofiga sazovor boʻlgan eng yaxshi ishtirokchi”, “Eng yaxshi cholgʻu musiqasi ijrochisi” kabi nominatsiyalar va boshqa nominatsiyalar boʻyicha maxsus diplom hamda 500 dollar miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
30 avgust kuni “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivalining tantanali yopilish marosimi boʻlib oʻtadi va unda gʻoliblar e'lon qilinadi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar