O‘zbekiston tarixi va madaniyatini yanada yorqinroq namoyon etish maqsadida mamlakatimiz poytaxtida yana bir ulkan inshootning qurilishi boshlandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 avgust kuni Toshkent shahrida barpo etiladigan O‘zbekiston Milliy muzeyi poydevoriga tamal toshi qo‘ydi.
Marosimda madaniyat va san’at arboblari, olimlar, yozuvchi va adiblar, nuroniylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Prezident nutqida ta’kidlaganidek, bugungi kunda yurtimiz nafaqat iqtisodiy, balki ma’naviy jihatdan ham rivojlanish yo‘lini tanlagan. Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy majmuasi va Olimpiya shaharchasi kabi yirik inshootlar barpo etilayotgani kabi, endilikda O‘zbekiston Milliy muzeyi ham bunyod etilmoqda.
– Bu muzey xalqimizga mulk sifatida qoladi, uch ming yillik boy tariximizni, madaniy merosimizni dunyo hamjamiyati va kelajak avlodlarga yetkazadigan ulkan ma’rifat maskaniga aylanadi, – dedi davlat rahbari.
Loyiha Yaponiyaning “Tadao Ando Architect & Associates” arxitektura byurosi va Germaniyaning “Atelier Brückner” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Qurilish ishlarini Xitoyning “CSCEC International Construction” kompaniyasi amalga oshiradi. Muzeyning tashqi qiyofasi aylana, to‘rtburchak va uchburchak shakllari uyg‘unligida bo‘lib, Sharq va G‘arb madaniy merosini ifoda etadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda Toshkentdagi 30 ta muzeyda 1 milliondan ziyod eksponat bor, ammo ularning ko‘p qismi zallarda namoyishga qo‘yilmagan. Yangi muzey esa 40 ming kvadrat metr maydonda qurilib, zamonaviy ko‘rgazma zallari, kutubxona, restavratsiya laboratoriyalari va maxsus saqlash xonalari bilan jihozlanadi. Unda bir vaqtning o‘zida 10 mingga yaqin eksponat namoyish etilishi mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, 4 ming kvadrat metrli qo‘shimcha maydonda konferensiya zallari, auditoriyalar, restoranlar va bolalar maydonchalari barpo etiladi. Muzey ishga tushgach, u Abulqosim madrasasi, Xalqlar do‘stligi saroyi va Milliy bog‘ bilan birga yaxlit me’moriy ansamblni hosil qiladi.
Kelgusida mazkur majmua Luvr, Metropolitan va Britaniya muzeylari kabi dunyodagi eng mashhur madaniy markazlar bilan hamkorlik qilib, noyob eksponatlarni mamlakatimizga olib kelish va ko‘rgazmalar tashkil etish imkoniyatini ham yaratadi.
– Ishonchim komil, bu muzey yurtimiz tarixiy salohiyatini yanada yorqin namoyon qiladi va xalqimizga ko‘p yillar davomida xizmat qiladi, – dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev marosim yakunida.
Shundan so‘ng davlat rahbari majmua poydevoriga ramziy kapsula joylashtirib, qurilish jarayonini rasman boshlab berdi.
Mirziyoyev tamal toshi qo‘ydi: Milliy muzeyning yangi davri boshlandi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar