G‘aybulla Tursunov Jasmin bilan munosabati haqidagi gaplarga oydinlik kiritdi

Xonanda G‘aybulla Tursunovning Jasmin bilan birgalikda suratga olgan videolari va ijodiy hamkorligi kuzatuvchilarda turli savollarni keltirib chiqarmoqda. Ayrim muxlislar ularni sevishgan deb o‘ylagan bo‘lsa, boshqalar san’atkorning oilasi borligi sababli rafiqasi bunday videolarga qanday munosabatda bo‘lishi bilan qiziqmoqda.
G‘aybulla Tursunov "Daryo"ga bergan intervyusida ushbu savollarga javob berar ekan, oilasi borligini va Jasmin bilan munosabati aka-singildek ekanini ta’kidladi. Uning aytishicha, rafiqasi Jasmin bilan birgalikdagi ijodiy ishlarga qarshi emas va bu borada rashk qilmaydi.
“Ayolim Jasmindan rashk qilmaydi, chunki u bilan aka-singilmiz. Lekin boshqalardan qizg‘onadi, Jasmin bundan mustasno”, — dedi xonanda.
San’atkor rafiqasi uning ijodiy faoliyatini yaxshi tushunishini, Jasmin bilan birga ishlashiga odatiy hol sifatida qarashini bildirdi. Xonandaning aytishicha, u faqat Jasmin bilan emas, balki Gulyora, Tohir va Bilol bilan ham birgalikda ijod qiladi.
Shu tariqa, xonanda Jasmin bilan munosabatlariga oid taxminlarga oydinlik kiritib, ular o‘rtasida faqat ijodiy hamkorlik borligini yana bir bor ta’kidladi.






























Izohlar 0
…