Maktabgacha ta’limda o‘yin modeli: Yangi avlod boshlanadi bosqichma-bosqich

4-fevral kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga doir takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Uchrashuvda asosiy e’tibor ta’lim sifatini ko‘tarish, bolalar rivojini kuchaytirish va tizimni zamonaviy talablarga moslashtirishga qaratildi.
Taqdimotda maktabgacha ta’limda o‘yinga asoslangan ta’lim modeli joriy etish taklifi ilgari surildi. Ya’ni bolaning tabiiy qobiliyati, qiziqishi va yosh xususiyatlarini inobatga olgan holda ta’lim-tarbiya jarayoni o‘yin orqali tashkil etiladi. Bu yondashuv bola uchun “o‘qish”ni majburiyat emas, qiziqarli jarayonga aylantirishi kutilmoqda.
Qayd etilishicha, maktabgacha davr — bolaning intellektual, ijtimoiy va ma’naviy o‘sishi uchun hal qiluvchi bosqich. Shu bois o‘quv muhitini yangilash, ilg‘or xorijiy tajribalarni tatbiq qilish va bola rivojiga xizmat qiladigan metodikalarni kuchaytirish muhim vazifa sifatida ko‘rilmoqda.
Shuningdek, bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarini majburiy umumiy o‘rta ta’limning dastlabki bosqichi sifatida joriy etish masalasi ham muhokama qilindi. Maqsad — bolani maktabga puxta tayyorlash va ta’limda uzluksizlikni ta’minlash.
Yana bir muhim yo‘nalish — “Yangi avlod” maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini shakllantirish. Rejaga ko‘ra, 2026–2028-yillarda har bir hududda 120 o‘rinli “Yangi avlod” davlat bog‘chalari va ular tarkibida bolalarni rivojlantirish innovatsion markazlari tashkil etiladi.
Kadrlar masalasi ham chetda qolmadi: pedagoglar salohiyatini oshirish, ta’lim dasturlarini xalqaro ilg‘or tajribaga moslab yangilash, amalda ishlab kelayotgan o‘rta maxsus ma’lumotli pedagoglar uchun dual ta’lim (“5+1”) asosida bakalavr tayyorlash kabi choralar ko‘zda tutilmoqda.
Davlat rahbari takliflarni har tomonlama puxta ishlab chiqish, ularni shoshmasdan, lekin aniq reja asosida bosqichma-bosqich hayotga tatbiq etish zarurligini ta’kidladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!