Toshkentda yangi oliy maktab ochiladi: bitiruvchilarga ikki diplom beriladi

O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida talabalarga bir vaqtning o‘zida bir nechta xorijiy universitet dasturlari asosida o‘qish imkonini beradigan yangi model joriy etilishi mumkin. Prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan loyiha doirasida bitiruvchilar O‘zbekistonda tan olinadigan xorijiy diplomga ham ega bo‘ladi.
10 iyul kuni davlat rahbari xalqaro ta’lim standartlari asosida o‘rta maxsus, kasbiy va oliy ta’lim dasturlarini joriy etish, shuningdek, nufuzli xorijiy universitetlar bilan akademik hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan takliflar bilan tanishdi.
Amaldagi qo‘shma dasturlarda qanday muammo bor?
Taqdimotda qayd etilishicha, ayni paytda O‘zbekistondagi qator oliygohlarda xorijiy universitetlar bilan qo‘shma ta’lim dasturlari amal qilmoqda.
Biroq bunday dasturlar asosan ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida tashkil etilgan. Shu sababli talabalarning ta’lim yo‘nalishi, universitet va akademik muhitni erkin tanlash imkoniyati cheklangan.
Xalqaro amaliyotda esa integratsiyalashgan ta’lim dasturlari talabaga o‘qish davomida bir nechta universitetda tahsil olish imkonini beradi.
Bu orqali talaba:
turli mamlakatlardagi akademik muhitni ko‘radi;
bir nechta universitet dasturlaridan foydalanadi;
xalqaro ta’lim standartlari asosida bilim oladi;
xorijiy mutaxassislar bilan ishlash tajribasiga ega bo‘ladi.
Yangi oliy maktab qayerda tashkil etiladi?
Taqdimotda Toshkent arxitektura-qurilish universiteti tarkibida Integratsiyalashgan dasturlar oliy maktabini tashkil etish taklif qilindi.
Dastlab ta’lim jarayoni Buyuk Britaniyaning quyidagi universitetlari dasturlari asosida yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan:
Norzambriya universiteti;
Hartfordshir universiteti.
Keyingi bosqichda esa dasturlarni Sapiyensa, Sautgempton va Glazgo kabi dunyoning nufuzli oliygohlari akademik talablariga moslashtirish ko‘zda tutilgan.
Bitiruvchilarga qanday diplom beriladi?
Yangi oliy maktabga akademik, moliyaviy va tashkiliy mustaqillik berilishi rejalashtirilmoqda.
Uning faoliyatini davlat idoralari, xorijiy hamkor oliygohlar va yirik kompaniyalar vakillaridan iborat kuzatuv kengashi nazorat qiladi.
Eng muhim jihatlardan biri — bitiruvchilarga O‘zbekistonda rasman tan olinadigan xorijiy hamkor universitet diplomi hamda Integratsiyalashgan dasturlar oliy maktabi diplomi beriladi.
Bu esa yoshlarning nafaqat mahalliy, balki xalqaro mehnat bozorida ham raqobatbardoshligini oshirishi kutilmoqda.
Britaniya standartlari asosida yangi bosqich
Loyiha doirasida oliy maktab va hamkor ta’lim muassasalarida Britaniya standartlariga muvofiq 8-darajagacha bo‘lgan ta’lim dasturlarini joriy qilish rejalashtirilgan.
Shuningdek, rahbar kadrlar uchun maxsus malaka oshirish kurslari tashkil etiladi.
Ularda quyidagi yo‘nalishlarga e’tibor qaratiladi:
strategik fikrlash;
liderlik;
raqamli boshqaruv;
qaror qabul qilish;
natijaga yo‘naltirilgan boshqaruv.
Yangi tizim amalga oshirilsa, talabalarga bir nechta xalqaro universitet tajribasini bir ta’lim dasturi doirasida o‘zlashtirish imkoniyati yaratiladi.































Izohlar 0
…