Yanvarda avtobuslarda chiptasiz yurgan yo‘lovchilar soni rasman aytildi

2026 yilning yanvar oyi davomida jamoat transportlarida yo‘l haqini to‘lamasdan harakatlangan yo‘lovchilarga nisbatan 11 502 ta bayonnoma rasmiylashtirilgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, oy davomida avtobuslarda chiptasiz yurish holatlarini aniqlash maqsadida maxsus nazorat va reyd tadbirlari kuchaytirilgan tarzda tashkil etilgan. Natijada, 2026 yil yanvar oyi mobaynida avtobuslarda yo‘l haqini to‘lamagan 11 502 nafar yo‘lovchiga nisbatan tegishli tartibda ma’muriy bayonnomalar tuzilgan.
Ularga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 144-moddasi, 5-qismiga muvofiq — ya’ni transport vositasida chiptasiz harakatlanganlik uchun belgilangan jarima choralari qo‘llanilgan.
Vazirlik axborotida ta’kidlanishicha, jamoat transporti tizimining barqaror va uzluksiz ishlashi to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘lkiradan tushadigan mablag‘larga bog‘liq. Har bir yo‘lovchining belgilangan tartibda va o‘z vaqtida yo‘l haqini to‘lashi avtobuslar harakatining muntazamligi, xizmat sifati hamda yo‘lovchilar uchun qulay sharoitlarni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!