Toshkentda metro va avtobus yo‘lkira narxi qimmatlashishi mumkin

Toshkent shahrida jamoat transportidan foydalanish narxi oshishi mumkin. Joriy yil 1 oktyabrdan boshlab metro va avtobus uchun yo‘lkira haqi elektron to‘lovda 1700 so‘mdan 2500 so‘mga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda poytaxt hokimligining «Toshkent shahridagi jamoat transportida yo‘lkira haqi tarifini belgilash to‘g‘risida»gi qaror loyihasida so‘z boradi.
Unga ko‘ra, Toshkent shahrining jamoat transporti yo‘nalishlarida, ya’ni avtobus va metropolitenda qatnovlarni amalga oshirish uchun yo‘lkira haqining quyidagi cheklangan tariflari belgilanishi taklif qilingan:
bir yo‘lovchi qatnovi uchun naqd pul orqali to‘lov amalga oshirilganda, QQS bilan 3 ming so‘m miqdoridagi cheklangan tarif undiriladi. Bu tarif o‘zgarishsiz qoladi;
bir yo‘lovchi qatnovi uchun 1 martalik to‘lov elektron to‘lov tizimi orqali amalga oshirilganda, rag‘batlantiruvchi chegirma qo‘llanilib, QQS bilan 2500 so‘m undiriladi;
bir yo‘lovchining bagajini tashish xizmati uchun QQS bilan 4 ming so‘m to‘lov belgilanadi.


Shuningdek, jamoat transportidan foydalanuvchilar uchun yangi abonement va transport almashtirish tariflarini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu o‘zgarishlar yo‘lovchilar uchun metro va avtobusdan foydalanish tartibida ham yangiliklar paydo bo‘lishini anglatadi.
Ayni paytda qaror loyihasi yakuniy tasdiqlangan hujjat emas. U 19 sentyabrga qadar jamoatchilik muhokamasida bo‘ladi. Shu davr mobaynida fuqarolar loyiha yuzasidan o‘z fikr va takliflarini bildirishlari mumkin.






























Izohlar 0
…