Toshkentda avtobusda ayolga shilqimlik qilgan erkak qamaldi

Toshkent shahrining Bektemir tuman sudida avtobusda ayolga shahvoniy shilqimlik qilish bilan bog‘liq ish ko‘rib chiqildi.
Sud hujjatlariga ko‘ra, 23 iyun kuni 50 yoshli erkak 93-yo‘nalishli avtobusda yonida o‘tirgan ayolga teginib, unga nisbatan shahvoniy harakatlar qilgan.
Jabrlanuvchi baqirib, yordam so‘raganidan keyin erkak avtobusdan qochib chiqishga uringan. Haydovchi eshiklarni yopib qo‘ygach, u janjal ko‘targan, eshiklarni tepib ochishga harakat qilgan va haqoratli so‘zlar ishlatgan.
Voqea joyiga ichki ishlar organlari xodimlari yetib kelgan. Erkak ularning qonuniy talablariga bo‘ysunmagan va qarshilik ko‘rsatgan.
Sud majlisida u aybiga to‘liq iqror bo‘lib, hodisa vaqtida mast holatda bo‘lganini aytgan. Sud unga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi va 2 million 60 ming so‘m jarima tayinlagan.































Izohlar 0
…