date

Ramazonga tayyorgarlik: tarovih va «Xatmi Qur’on» jadvali aniq bo‘ldi

Ramazonga tayyorgarlik: tarovih va «Xatmi Qur’on» jadvali aniq bo‘ldi
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita 2026 yilgi Ramazon oyiga tayyorgarlik doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda tegishli idoralar tomonidan ko‘rilgan tashkiliy choralar haqida ma’lumot berdi. Qayd etilishicha, “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi prezident qarori asosida fazilatli oyda ishlar «Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi» g‘oyasi ruhida amalga oshiriladi.

Eng asosiy masalalardan biri — masjidlarda tarovih namozlari va «Xatmi Qur’on» tadbirlarini tizimli tashkil etish. Ma’lum qilinishicha, Ramazon oyida O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan 2 148 ta masjiddan 2 101 tasida tarovih namozlari o‘qiladi. Shundan 1 762 tasida to‘liq xatmona — «Xatmi Qur’on» tadbirlari o‘tkaziladi. Bu jarayonga 3 642 nafar iqtidorli qori saralab olingani ham aytildi.

So‘nggi yillardagi ijobiy tajribaga tayanilgan holda, bu yil ham «Xatmi Qur’on» tadbirlari barcha masjidlarda bir vaqtning o‘zida boshlanishi rejalashtirilgan. Yakuni esa Ramazonning 27-kuni — taxminiy «Qadr kechasi»ga to‘g‘ri kelishi belgilangan. Ya’ni, xatm ham, umumiy ruhiyat ham bir maromda, bir xil tartibda borishi ko‘zda tutilmoqda.

Tarovih namozlariga kelsak, ular bugun — 18 fevral kuni xufton namozidan keyin boshlanadi. Idora ma’lumotiga ko‘ra, tarovihning boshlanish vaqtlari sharqiy hududlarda 20:20 dan boshlanib, g‘arbiy hududlarda 21:00 gacha cho‘ziladi. Toshkent viloyati va Toshkentda esa tarovih namozlari 20:30 da boshlanishi belgilangan.

Shu bilan birga, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tarovih namozlarida o‘qiladigan «Xatmi Qur’on» sahifalarining kunlik taqsimotini ham e’lon qilgan. Bu — har kuni qaysi hajmda o‘qiladi, qay tartibda ketadi, degan savollarga oldindan aniq javob, ya’ni masjidlardagi umumiy muvofiqlashuvni kuchaytiradigan qadam.

Tadbirlarni tartibli va xavfsiz o‘tkazish masalasi ham alohida e’tiborda: tarovih va xatm kechalarida jamoat tartibini ta’minlash uchun Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Yong‘in xavfsizligi xizmati xodimlari jalb etiladi. Shuningdek, 2 104 ta maxsus texnika safarbar qilinishi qayd etilgan.

Xulosa qilib aytganda, bu yil Ramazon nafaqat ibodat, balki tartib-intizom, birdamlik va mehr-oqibatni kuchaytirish ruhida o‘tishini ko‘rsatadigan tayyorgarlik ko‘lami sezilyapti. Endi eng muhimi — har bir masjidda ham ma’naviyat, ham xavfsizlik, ham hurmat birdek ushlab borilsin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » Ramazonga tayyorgarlik: tarovih va «Xatmi Qur’on» jadvali aniq bo‘ldi