Yangi Toshkentdagi favvora "eng baland musiqali favvora" sifatida Ginnes rekordini qayd etdi

Yangi Toshkent hududida O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan ochilayotgan favvora dunyodagi eng baland musiqali favvora sifatida Ginnesning rekordlar kitobidan joy oldi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev Mustaqillik bayrami tantanalaridagi nutqida ma’lum qildi.
Davlat rahbari bayram tadbiri ishtirokchilari qarshisida foydalanishga topshirilayotgan ushbu favvoraning rekordlar kitobiga kiritilgani tantanaga o‘zgacha ko‘tarinki ruh bag‘ishlashini ta’kidladi.
“Bir necha yuz yillik orzular ro‘yobga chiqayotgan ushbu betakror makonda butun xalqimiz bilan hali yana ko‘plab quvonchli va tarixiy voqealarga guvoh bo‘lamiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentning qayd etishicha, kelgusida ilm-fan, ta’lim va madaniyat markaziga aylanishi ko‘zda tutilgan Yangi Toshkentda yaqinda Yangi O‘zbekiston universiteti, Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti hamda O‘zbekiston milliy kutubxonasining yangi binolari foydalanishga topshirildi.
“Aminmanki, Yangi Toshkent poytaxtimizning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib, biz barpo etayotgan Yangi O‘zbekistonning kuch-qudratini namoyon etadigan chinakam taraqqiyot markaziga aylanadi”, — dedi Prezident.






























Izohlar 0
…