date

Umraga borgan o‘zbekistonliklar qaytolmayapti: 170 kishi qiyin ahvolda

Umraga borgan o‘zbekistonliklar qaytolmayapti: 170 kishi qiyin ahvolda

Saudiya Arabistoniga Umra ziyoratini ado etish uchun borgan 170 nafardan ortiq o‘zbekistonlik hozirgacha vatanga qaytish imkoniyatiga ega bo‘lmayapti. Bu haqda “Dunyo” axborot manbasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Makka shahrida faoliyat yuritayotgan Bosh konsulxona diplomatlari muammoga duch kelgan fuqarolar holatini o‘rganish maqsadida ular joylashgan mehmonxonalarga borib, bevosita suhbat o‘tkazgan. Aniqlanishicha, ayni paytda 170 nafardan ziyod ziyoratchi mehmonxonalarda qolib ketgan va O‘zbekistonga qaytishni kutib turibdi.

Ziyoratchilarning ta’kidlashicha, ular 14 kunlik Umra safari doirasida turli guruhlar tarkibida Saudiya Arabistoniga kelgan. Ammo safarni tashkil etgan ayrim shaxslarning noto‘g‘ri ma’lumotlari, mas’uliyatsizligi va xatolari oqibatida fuqarolar og‘ir vaziyatda qolib ketgan.

Suhbatlar davomida ma’lum bo‘lishicha, ziyoratchilar orasida yoshi ulug‘ insonlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ularning ayrimlari yurak xuruji (infarkt)ni boshdan kechirgan, qandli diabet, yuqori qon bosimi kabi surunkali kasalliklar bilan og‘rigan bo‘lib, doimiy ravishda dori-darmon qabul qilishi talab etiladi. Bu esa ularning holatini yanada murakkablashtirmoqda.

Ziyoratchilar O‘zbekiston hukumatidan Vatanga qaytish masalasida amaliy yordam so‘rab murojaat qilgan. O‘z navbatida, diplomatlar ularga safar ruxsatnomasiz va norasmiy tarzda tashkil etilgani sababli, qaytish bo‘yicha murojaatlar belgilangan tartibda tegishli idoralarga yuborilishini ma’lum qilgan. Biroq bu jarayon muayyan vaqt talab qilishi mumkinligi ham qayd etilgan.

Shu munosabat bilan vaziyat yanada og‘irlashmasligi uchun imkoniyatdan kelib chiqib, fuqarolarga o‘z hisobidan aviachipta xarid qilib, mustaqil ravishda Vatanga qaytish tavsiya etilgan.

Shuningdek, ularni shunday qiyin ahvolga solgan shaxslarning noqonuniy harakatlari yuzasidan O‘zbekistonga qaytgach, tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilish mumkinligi tushuntirilgan.

Ayni vaqtda mazkur holat Bosh konsulxona tomonidan doimiy nazoratga olingan bo‘lib, vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » Umraga borgan o‘zbekistonliklar qaytolmayapti: 170 kishi qiyin ahvolda