Xorijlik talabalar uchun “Yangi O‘zbekiston stipendiyasi” joriy etiladi

Endilikda “Yangi O‘zbekiston stipendiyasi” dasturi doirasida har yili 500 nafargacha xorijiy iqtidorli talabalar O‘zbekiston davlat oliy ta’lim muassasalarida grant asosida tahsil olishi mumkin bo‘ladi. Bunda bakalavriat yo‘nalishlarida to‘liq o‘zlashtirilmay qolgan davlat grant kvotalari hisobidan foydalaniladi.
2026/2027 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalariga xorijiy talabalarni qabul qilishning amaldagi tartibiga qo‘shimcha ravishda “Study in Uzbekistan” platformasi orqali qabul tizimi yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, shu davrdan boshlab ta’lim dasturini xorijiy tilda yakunlagan talabalar keyingi bosqichga hujjat topshirishda til bilish sertifikatini taqdim etish talabidan ozod etiladi.
Hujjatga ko‘ra, yana bir qator yangi tuzilmalar ham tashkil etiladi. Xususan, Raqamli ta’lim texnologiyalarini rivojlantirish markazi negizida Raqamli ta’lim va sun’iy intellektni rivojlantirish markazi, shuningdek, Innovatsion tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash ofisi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!