Qashqadaryoda eshak go‘shti savdosi: sud aybdorlarga jazo tayinladi

Qashqadaryoda eshak go‘shti savdosi: sud aybdorlarga jazo tayinladi
Audio versiyasi

Qashqadaryo viloyatida eshak go‘shtini noqonuniy saqlash va sotish bilan shug‘ullangan shaxslarga nisbatan sud hukmi e’lon qilindi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi tuman sudi 13 may kuni ikki nafar ayblanuvchini iste’molchilar hayoti va salomatligi xavfsizligi talablariga javob bermaydigan mahsulotlarni muomalaga chiqarishda aybdor deb topdi.

Sud materiallariga ko‘ra, muqaddam bir necha bor sudlangan Qarshi tumani fuqarosi I.X. o‘z uyida sanitariya talablariga zid ravishda yashirin kushxona tashkil etgan. U turli bozorlardan eshaklar sotib olib, ularni so‘yish va go‘shtini saqlash bilan shug‘ullangan.

2025 yil 28 dekabr kuni o‘tkazilgan tezkor tadbirda uning xonadonidan 247,2 kilogramm eshak go‘shti, 99 dona eshak terisi va suyaklari ashyoviy dalil sifatida olingan. Ekspertiza ushbu mahsulotlar iste’mol uchun mutlaqo yaroqsiz va inson salomatligi uchun xavfli ekanini tasdiqlagan.

Sudlanuvchi ko‘rsatmasida go‘shtni Toshkent shahridagi “Chorsu” bozoriga olib borib, it boquvchi shaxslarga sotganini aytgan. Shuningdek, bu ishga turmush o‘rtog‘ining og‘ir xastaligi — bosh miya saratoni sabab bo‘lganini bildirgan.

Ikkinchi sudlanuvchi Y.A. esa Qarshi tumanidagi “Karvon” mol bozorida ruxsatnomasiz go‘sht mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullangan. Tezkor tadbir davomida sotuvchilardan, jumladan undan ham, jami 127,2 kilogramm eshak go‘shti olib qo‘yilib, yo‘q qilingan.

Dastlabki tergovda ayblanuvchilarga “bir guruh bo‘lib jinoiy til biriktirgan” degan ayblov qo‘yilgan bo‘lsa-da, sudda ularning o‘zaro jinoiy aloqasi isbotlanmadi. Shu sababli har birining qilmishiga alohida huquqiy baho berildi.

Sud qaroriga ko‘ra, I.X. 3 yil 25 kunga, Y.A. esa 1 yil 6 oyga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilindi. Shuningdek, ularga tungi vaqtda uydan chiqmaslik va Qashqadaryo viloyati hududini tark etmaslik kabi qo‘shimcha cheklovlar yuklatildi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Aziza Shukhratova
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar