Emeri "Everton"ga mag‘lubiyatdan keyin asabiylashdi, intervyu sovuq o‘tdi

APLning 22-turida «Aston Villa» o‘z maydonida «Everton»ga 0:1 hisobida mag‘lub bo‘lganidan keyin jamoa bosh murabbiyi Unai Emeri matbuot oldida odatdagidan ancha keskin kayfiyatda ko‘rindi. Ushbu mag‘lubiyat birmingemliklar uchun og‘ir zarba bo‘lgani, intervyu jarayonida ham yaqqol sezildi.
Sky Sports ma’lumotiga ko‘ra, ispaniyalik mutaxassis berilayotgan savollarga ko‘p hollarda bir-ikki so‘z bilan javob qaytargan. Ayrim paytlarda esa savollar umuman javobsiz qolgan. Studiyadagilarga ham, efirni kuzatayotgan muxlislarga ham Emerining bu holati “ichki alam” va “asab”ni yashirmagan ko‘rinishda ta’sir qildi.
Emeri o‘yindan keyingi mulohazasida jamoaning real maqsadlarini ham ochiq aytdi. Uning ta’kidlashicha, «Aston Villa» hozircha chempionatning kuchli beshligi uchun kurashayotgan asosiy da’vogarlar safida emas.
«Biz kuchli beshlikka kirish uchun da’vogarlar qatorida emasmiz. Hamon ularning safida yo‘qmiz. Bizdan ko‘ra salohiyati yuqori bo‘lgan boshqa jamoalar bor», — dedi birmingemliklar ustozi.
Sky Sports studiyasida o‘yinni tahlil qilgan sobiq futbolchilar — Eshli Yang va Jeymi Rednapp ham bu intervyuga alohida e’tibor qaratdi. Ular Emerining chiqishini «g‘alati» va «noodatiy» deb baholab, murabbiy odatdagi tiniq va vazmin uslubidan ancha uzoqda bo‘lganini qayd etishdi.
Qisqasi, «Everton»dan uchralgan minimal mag‘lubiyat maydonda faqat hisobni emas, kayfiyatni ham o‘zgartirdi. Endi «Aston Villa» uchun eng muhim savol — shu sinovdan keyin jamoa o‘zini qanday to‘plab oladi: chunki APLda bir “qovoq solish” bilan ish bitmaydi, keyingi turda javob berishga to‘g‘ri keladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!