2025 yilning eng yaxshi murabbiyi o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi

O‘zbekiston futbolining 2025 yildagi eng yaxshi murabbiyi sifatida e’tirof etilgan Temur Kapadze mukofot marosimidan so‘ng o‘z fikrlarini bildirib, bu e’tirofni shaxsiy emas, jamoaviy natija sifatida qabul qilayotganini ta’kidladi.
Murabbiy avvalo o‘zining va oilasining nomidan barchaga samimiy tashakkur izhor qildi. Uning aytishicha, bunday mukofotni qabul qilish katta mamnuniyat, biroq u bu yutuqni faqat o‘z nomi bilan bog‘lamaydi.
Kapadze doimgidek, “bu — barchamizning g‘alabamiz” degan fikrni yana bir bor takrorlab, 2025-yil har jihatdan omadli va unutilmas bo‘lganini aytdi. Eng muhim tomoni — tarixiy natija qayd etilgani, ya’ni milliy jamoaning jahon chempionatiga chiqqani alohida urg‘ulandi.
Mutaxassis jahon chempionatiga yo‘llanma olinishiga o‘z hissasi qo‘shilganidan faxrlanishini yashirmadi. Shu bilan birga, u bu yutuqni “tugash nuqtasi” emas, balki katta yo‘lning boshi deb baholadi.
“Bu — faqat birinchi qadam, boshlanishi. G‘alabalarimiz hali oldinda”, degan ishonchli so‘zlar bilan Kapadze kelajakka rejalar va umidlar katta ekanini ham bildirib o‘tdi. U futbolimiz taraqqiyoti uchun bor kuchini ishga solishga tayyorligini qayd etdi.
Yakunda esa murabbiy futbolga bo‘lgan e’tibor va yaratilgan imkoniyatlar uchun davlat rahbariyatiga alohida minnatdorchilik bildirdi. U prezident tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlov va sharoitlar futbolimiz uchun muhim tayanch ekanini ta’kidlab, “yutuqlar davomiy bo‘lsin”, degan tilak bilan so‘zini yakunladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!