Robert Lewandowski MLSga yoʻl olmoqda: Polshalik yulduz Chicago Fire bilan kelishuvga erishdi

Yevropa futbolining soʻnggi oʻn yillikdagi eng kuchli hujumchilaridan biri Robert Lewandowski faoliyatini okean ortida davom ettirishga yaqin turibdi. Polshalik toʻpurar Amerika Qoʻshma Shtatlarining Chicago Fire klubi bilan kelishuvga erishgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu transfer MLS (Shimoliy Amerika futbol ligasi) uchun Lionel Messi kelganidan keyingi navbatdagi eng yirik voqelikka aylanishi kutilmoqda. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
The Athletic nashrining maʼlumotlariga koʻra, 37 yoshli hujumchi Chicago Fire bilan ikki yillik shartnoma boʻyicha kelishib olgan. Robert Lewandowski Barselona bilan shartnomasi yakunlangach, erkin agent maqomida AQSHga yoʻl oladi. Taʼkidlash joizki, futbolchiga Italiyaning Milan klubi va Saudiya Arabistoni jamoalaridan ham jiddiy qiziqishlar boʻlgan, biroq polshalik yulduz faoliyatini Shimoliy Amerikada davom ettirishni maʼqul koʻrgan.
Yangi chaqiruv va yuqori maosh
Lewandowski shu oy boshida Chikago shahriga tashrif buyurib, klubning infratuzilmasi va loyihalari bilan shaxsan tanishib chiqqan. Taxminlarga koʻra, u ligadagi eng koʻp maosh oluvchi futbolchilardan biriga aylanadi. Chicago Fire bosh murabbiyi Gregg Berhalter jamoaga jahon darajasidagi yulduzlarni jalb qilish niyatida ekanini yashirmadi. Uning soʻzlariga koʻra, Lewandowski nafaqat klub, balki butun liga nufuzini oshirishga xizmat qiladi.“Biz jahon darajasidagi oʻyinchilarni tarkibga qoʻshib olishga harakat qilyapmiz. Lewandowski darajasidagi futbolchining kelishi Chikago shahri uchun ham katta sovgʻa boʻladi. Biz uni mahorat borasida Lionel Messi bilan bir qatorda koʻramiz”, — deya taʼkidladi Berhalter.
Chikagodagi polshaliklar va kelajak rejalari
Ushbu transferning amalga oshishida Chikago shahrida polshalik muhojirlarning koʻpligi ham muhim rol oʻynashi mumkin. Robert Lewandowski kelishi orqali klub oʻzining yangi McDonald’s Park stadioniga koʻproq muxlislarni jalb qilishni rejalashtirgan. Polshalik hujumchi Yevropani haqiqiy afsona sifatida tark etmoqda — u Barselona safida toʻrt yil ichida oʻzining uchinchi chempionlik unvonini qoʻlga kiritishga ulgurdi.Shunisi qiziqki, Chicago Fire faqatgina Lewandowski bilan cheklanib qolmoqchi emas. Xabarlarga koʻra, klub hujumchining yordamida uning Bavariya jamoasidagi sobiq jamoadoshi Leon Goretzka bilan ham muzokaralar oʻtkazishni maqsad qilgan. Agar ushbu transferlar amalga oshsa, Chikago jamoasi MLSning eng kuchli tarkiblaridan biriga ega boʻladi.






























Izohlar 0
…