Lionel Messi va Tom Holland yangi Spider-Man filmi reklamasida suratga tushdi

Futbol olamining tirik afsonasi, sakkiz karra “Oltin to’p” sohibi Lionel Messi kutilmagan ampluada namoyon bo’ldi. Argentina terma jamoasi va Inter Miami hujumchisi Marvel olamining yangi blokbasteri — “Spider-Man: Brand New Day” filmi uchun suratga olingan maxsus promo-videoda ishtirok etdi. Ushbu hamkorlik ijtimoiy tarmoqlarda haqiqiy shov-shuvga sabab bo’ldi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Sony Pictures tomonidan taqdim etilgan qisqa metrajli videoda Lionel Messi Nyu-York ko’chalarida Hollivud yulduzi Tom Holland bilan uchrashadi. Goal.com nashrining xabar berishicha, video syujetiga ko’ra, Holland ijrosidagi Piter Parker kafeda o’tirganida kutilmaganda futbol yulduzini ko’rib qoladi va hayratdan dovdirab, o’z oyoqlariga chalinib ketadi. Messi esa o’z navbatida maxsus qurilma yordamida “o’rgimchak-odam”ning o’zini qidirib yurganini ma’lum qiladi.
Mazkur kreativ reklama kampaniyasi futbol va kino olami o’rtasidagi noyob kollaboratsiya sifatida baholanmoqda. Videoning yakuniy qismida Piter Parker o’z kostyumini kiyib, faxriy hujumchini shahar osmoni bo’ylab sayohatga olib chiqadi. Bu kabi yirik marketing loyihalari odatda jahon chempionatlari va yirik premeralar arafasida muxlislar e’tiborini jalb qilish uchun xizmat qiladi.
Futbol va kino olami tutashgan nuqta
Hozirda Lionel Messi Argentina terma jamoasi safida JCh-2026 saralash bosqichida ishtirok etayotganiga qaramay, u global brendlar bilan hamkorlik qilishga vaqt topmoqda. Tom Holland esa o’zining Marvel olamidagi to’rtinchi yakkaxon filmini targ’ib qilish bilan band. Qizig’i shundaki, britaniyalik aktyor futbolga befarq emas va yaqinda Madridga tashrifi chog’ida Barselona yulduzi Lamine Yamalni o’zining epchilligi uchun “haqiqiy Spider-Man” deb atagan edi.Shuningdek, Holland Atletiko Madrid hujumchisi Julian Alvarezning golni “o’rgimchak” uslubida nishonlashini ham alohida e’tirof etgan. Aktyorning o’zi ayni damda nafaqat Marvel loyihalari, balki rejissyor Christopher Nolanning “The Odyssey” deb nomlangan yangi loyihasida ham ishtirok etishga tayyorgarlik ko’rmoqda. Bu esa uning ish grafigi naqadar tig’iz ekanligidan dalolat beradi.
Lionel Messining ushbu videodagi ishtiroki uning nafaqat sportchi, balki global madaniyat ikonasiga aylanganini yana bir bor isbotladi. O’zbekistonlik futbol muxlislari uchun ham ushbu krossover qiziqarli bo’lishi tabiiy, chunki Messi va Marvel qahramonlari mamlakatimizda katta auditoriyaga ega. Film premerasi yaqinlashgani sayin Sony Pictures “Navbat kimga?” degan savol bilan muxlislarni yanada qiziqtirib qo’ymoqda.






























Izohlar 0
…