Bavariya oʻz bazasida maxfiy mashgʻulotlar uchun ulkan himoya devorini oʻrnatdi

Myunxenning Bavariya klubi Zener-Shtrasse mashg'ulot bazasida jamoa mashg'ulotlarini begona ko'zlardan yashirish uchun ulkan, yuqori texnologiyali himoya devorini o'rnatishni boshladi. Yangi mashg'ulot maydoni atrofida balandligi o'n metrgacha bo'lgan po'lat ustunlar qad rostlagan, XXL hajmdagi maxfiylik pardasi esa qisman o'rnatilgan.
Bild nashri xabar berishicha,Myunxenning Bavariya klubi Zener-Shtrasse mashgʻulotlar bazasida toʻliq maxfiylikni taʼminlash maqsadida ulkan hamda yuqori texnologiyali josuslikka qarshi devor oʻrnatish ishlarini boshladi. Ushbu keskin chora bosh murabbiy Vensan Kompaniyga yangi mavsum oldidan jamoani begona koʻzlardan holi tarzda, tashqi aralashuvlarsiz tayyorlash uchun zarur sharoit yaratish yoʻlida amalga oshirilmoqda. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Hafta boshida boshlangan qurilish ishlari natijasida chorshanba kuniga kelib loyihaning koʻlami barchaga yaqqol namoyon boʻldi. Bavariya oʻzini tashqi dunyodan butunlay toʻsib qoʻymoqda va birinchi jamoa mashgʻulotlarini yashirish uchun XXL hajmdagi maxsus parda qisman oʻrnatildi. Hozirda qurilayotgan yangi mashgʻulot maydoni atrofida balandligi oʻn metrgacha boʻlgan ulkan poʻlat ustunlar qad rostladi.
Zamonaviy texnologiyalar va Kompaniyning talabi
Ushbu josuslikka qarshi toʻsiq mexanizmi arqon va blok tizimiga asoslangan boʻlib, u kerakli paytda kulrang rangdagi yirik maxfiylik brezentini darhol yuqoriga koʻtarish imkonini beradi. Seshanba kuni matosiz sinovdan oʻtkazilgan tizimning chorshanba kungi bosqichida ogʻir yuklarga moʻljallangan qoplama qalin poʻlat trubaga mahkamlanib, joyiga oʻrnatildi.Bild maʼlumotiga koʻra, mazkur kuchaytirilgan xavfsizlik choralarining asosiy tashabbuskori Vensan Kompaniy hisoblanadi. Osiyo boʻylab oʻtkazilgan mavsumoldi safaridan qaytgan 40 yoshli belgiyalik mutaxassis sport direktori Kristof Freynd bilan birgalikda qurilish jarayonini shaxsan koʻzdan kechirdi va panjaralarni diqqat bilan oʻrgandi.
Angliya tajribasi va tarixiy anʼanalar
Kompaniyning bu qadami uning Angliya Premyer-ligasida ham oʻyinchi, ham murabbiy sifatida toʻplagan boy tajribasi bilan chambarchas bogʻliq. Angliyada top-klublar muxlislar, OAV hamda raqib jamoalarning josuslaridan butunlay himoyalangan muhitda shugʻullanishga oʻrganishgan va murabbiy Germaniyada ham shu tartibni oʻrnatishni istamoqda.Belgiyalik mutaxassis Bundesligada chempionlikni qaytarib olish yoʻlidagi kurashda har bir detal muhimligiga tayanmoqda. Xususan, standart vaziyatlar va taktik oʻzgarishlar oʻyin oldidan sizib chiqmasligini taʼminlash uning uchun ustuvor vazifa sanaladi. Garchi Zener-Shtraceda sirli mashgʻulotlar konsepti yangi boʻlmasa-da, yangi tizim avvalgilaridan ancha mukammal.
Eslatib oʻtamiz, oʻz vaqtida Pep Gvardiola ham xuddi shunday himoya choralarini joriy etib, maydonlardan biri atrofida «Gvardiola pardasi» deb nomlangan kulrang parda oʻrnatgandi. Biroq oʻsha paytdagi tizim kuchli shamol va sovuq ob-havoda koʻpincha ishdan chiqar edi. Yangi arqonli tizim esa yanada ishonchli boʻlib, deyarli barcha burchaklardan maydonni toʻsib qoʻyishga qodir.






























Izohlar 0
…