date
views 30

Yozda tetik va sog‘lom bo‘lish sirlari nimada?

Yozda tetik va sog‘lom bo‘lish sirlari nimada?
Yoz mavsumi — ko‘pchilik uchun dam olish, sayohatlar va yangi taassurotlar olish imkoniyatidir. Ammo organizmda yashirin bo‘lgan sog‘liq muammolari bu faslning zavqidan to‘liq bahramand bo‘lishga xalaqit berishi mumkin. Shu sababli yoz faslining boshlanishi oldidan tanangizni to‘liq tekshiruvdan o‘tkazishingiz muhim ahamiyatga ega. Bu tekshiruv "yozgi chek-ap" deb ataladi va sog‘liq holatingizni umumiy baholashni nazarda tutadi.

Organizm energiyasining asosiy manbalari

Mitoxondriyalar — bizning organizimimizning asosiy energiya ishlab chiqaruvchi "elektr stansiyalari"dir. Ularning samarali ishlashi uchun muayyan shart-sharoitlar mavjud bo‘lishi kerak. Buning uchun esa oddiy umumiy qon tahlilini o‘tkazish mumkin. Mazkur tahlil eritrotsitlar, gemoglobin va gematokrit ko‘rsatkichlarini ko‘rsatib, temir tanqisligi yoki kamqonlikning mavjudligini aniqlashga yordam beradi.

Gemoglobin darajasi past bo‘lgan hollarda, kislorod tananing barcha qismlariga yetarlicha yetkazilmaydi. Bu esa energiya tanqisligiga sabab bo‘lib, sochlar to‘kilishi, terining rangi o‘zgarishi, terida muammolar va umuman o‘zingizga bo‘lgan ishonchingizning pasayishi kabi belgilari bilan namoyon bo‘ladi. Shu bilan birga, organizmning temir zaxirasini ko‘rsatadigan ferritin tahlilini ham bajarish maqsadga muvofiqdir.

Organizmdagi yallig‘lanish holatlarini aniqlash uchun esa leykotsitlar va C-reaktiv oqsil tahlilini o‘tkazish zarur. Bu ko‘rsatkichlar orqali organizmdagi energiya zaxiralarining qay darajada samarali ishlayotganligini bilish mumkin.

Oqsillar organizm uchun nega muhim?

Oqsillar tananing faolligi, energiyasi va yangi hujayralar shakllanishida muhim rol o‘ynaydi. Ularning yetishmasligi holatida tananing umumiy holati yomonlashadi, charchoq paydo bo‘ladi va hayot sifati pasayadi. Oqsil almashinuvining holatini baholash uchun umumiy oqsil, albumin va mochevina ko‘rsatkichlari tekshiriladi. Umumiy oqsilning optimal ko‘rsatkichi 70–75 g/l, ferritin 40–60 mkg/l, albumin 50 g/l va mochevina 5 mmol/l atrofida bo‘lishi lozim.

Agar bu ko‘rsatkichlarda o‘zgarish kuzatilsa, organizmda jiddiy muammolar paydo bo‘lishi mumkin. Shuning uchun qondagi aminokislotalarni tekshirtirish va ularni to‘g‘ri tanlangan oziq-ovqatlar yoki qo‘shimchalar bilan to‘ldirish zarur bo‘ladi.

Immunitet va D vitamini

Yozda quyosh nurlari ko‘p bo‘lsa-da, ko‘pchilikda D vitamini tanqisligi kuzatiladi. Ushbu vitamin energiya ishlab chiqarish, immunitetni kuchaytirish va mushaklarning normal ishlashida muhim ahamiyatga ega. Uning darajasi 50–70 ng/ml bo‘lsa, bu ayollar uchun optimal hisoblanadi. Agar daraja 20 ng/ml dan past bo‘lsa, bu jiddiy vitamin tanqisligiga ishora qiladi.

Qalqonsimon bez va energiya aloqasi

Qalqonsimon bez inson organizmida energiya va tashqi ko‘rinish uchun muhim organ hisoblanadi. Agar bez faoliyati pasaysa, shishlar paydo bo‘ladi va energiya yo‘qolishi kuzatiladi. Qalqonsimon bez holatini baholash uchun tireotrop gormon (TTG), erkin T3 va T4 ko‘rsatkichlari tekshiriladi. Agar TTG ko‘rsatkichi 4–4,5 mME/l dan yuqori bo‘lsa, bu bezning sust ishlashiga ishora qiladi.

Bu holatda autoimmun jarayonlarni tekshirish maqsadida tireoperoksidaza va tireoglobulin antitanalari tahlilini o‘tkazish tavsiya qilinadi. Ularning yuqori ko‘rsatkichi kuchsizlik va energiya tanqisligi belgisi bo‘ladi.

Ovqat hazm qilish tizimi

Jigar va ovqat hazm qilish tizimi yoz faslining tetik va faol o‘tishida muhim rol o‘ynaydi. Bu organlar oziq moddalarni hazm qilish va organizmga o‘zlashtirish jarayonida asosiy o‘rin tutadi. Jigar organizmga kirgan toksinlarni chiqarish va zararsizlantirishda ham muhim vazifani bajaradi.

Jigar va ovqat hazm qilish tizimini baholash uchun quyidagi tahlillar amalga oshiriladi: ishqorli fosfataza, gomotsistein, B12 vitamini, umumiy xolesterin, past va yuqori zichlikdagi lipoproteinlar hamda triglitseridlar.

Agar bu tizimlarda muammo paydo bo‘lsa, tez-tez charchoq, mushak og‘rig‘i, bosh og‘rig‘i va immunitet pasayishi kabi belgilar kuzatiladi. Bu esa yoz mavsumida dam olishga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Shuning uchun yoz fasli boshlanishidan avval tibbiy tekshiruvdan o‘tish va muammolarni bartaraf etish choralarini ko‘rish sizning yoz mavsumini sog‘lom va tetik o‘tkazishingiz uchun zarur shartdir.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Yozda tetik va sog‘lom bo‘lish sirlari nimada?