date

Yurak-qon tomir kasalliklari: Yashirin xavf va sog‘lik uchun hayotiy retsept

Yurak-qon tomir kasalliklari: Yashirin xavf va sog‘lik uchun hayotiy retsept
So‘nggi yillarda insoniyat salomatligi uchun eng katta tahdid yurak-qon tomir kasalliklari bo‘lib qolmoqda. Butun dunyoda millionlab insonlar har yili yurak xuruji yoki insult oqibatida erta hayotdan ko‘z yumayotgani, bu xavfdan hech kim sug‘urtalanmaganini yana bir bor isbotladi. Ba’zan bemorlar yurak yoki qon tomirlaridagi muammolarni oxirgi pallagacha sezmaydilar – aynan shu yashirinlik inson salomatligiga eng katta xavf soladi.

Tabiblar ta’kidlashiga ko‘ra, bu kasalliklarning aksariyatining ildizi aterosklerozda yotadi. Bu – qon tomirlarining ichki devorida “yomon” xolesterin qatlamlari yig‘ilib, to‘siq hosil qilishi va muhim organlarga kislorod yetib borishini cheklab qo‘yadigan holat. Vaqt o‘tishi bilan ateroskleroz tomirlarni butunlay yopib qo‘yib, yurak xuruji yoki insultga olib kelishi mumkin.

Nima uchun xolesterin xavfli va u qay yo‘l bilan yig‘iladi?

Qon tarkibida ikki xil xolesterin bo‘ladi: past zichlikdagi lipoproteinlar (“yomon” xolesterin) va yuqori zichlikdagi lipoproteinlar (“yaxshi” xolesterin). Agar “yomon” xolesterin miqdori yuqori bo‘lib, “yaxshi” xolesterin kam bo‘lsa, qon tomirlari tezroq tiqilib qoladi. Asosiy xavf omillari sifatida irsiy moyillik, noto‘g‘ri ovqatlanish, harakatsizlik, chekish, spirtli ichimliklar va stress aytiladi. Shuningdek, diabet, semizlik, gipertoniya ham qo‘shimcha xavfni oshiradi.

Qizig‘i shundaki, xolesterin yuqori bo‘lgan odamlarda bu muammo yillar davomida belgisiz kechadi, chunki giperxolesterinemiya ko‘pincha simptomsiz bo‘ladi. Odamlar faqat og‘ir asoratlar — yurak xuruji yoki insultdan so‘nggina muammo borligini biladilar. Statistikaga ko‘ra, yurak xurujiga uchragan bemorlarning yarmiga yaqin qismi bu xastalik mavjudligidan avval xabardor bo‘lmagan.

Sog‘lom hayot – hayotiy zarurat

Shifokorlar 20 yoshdan boshlab har 4–6 yilda, 40 yoshdan keyin esa har yili lipid profili tahlilini tavsiya etishadi. Agar xavf omillari bor bo‘lsa, ko‘proq nazorat kerak bo‘ladi. Lipid tahlili umumiy xolesterin, “yomon” va “yaxshi” xolesterin, triglitseridlar va aterogenlik indeksini o‘z ichiga oladi.

Agar tahlil natijalarida xavf aniqlansa, birinchi qadam sifatida ovqatlanish ratsionini to‘g‘rilash (o‘simlik yog‘i, Omega-3, antioksidantlar), jismoniy faollikni oshirish, zararli odatlardan voz kechish va shifokor yozgan dori vositalarini qabul qilish tavsiya etiladi. Zamonaviy dori-darmonlar xolesterinni samarali kamaytirishga yordam beradi va ko‘p holatlarda yurak-qon tomir kasalliklarining oldini oladi.

Yashirin dushmanga qarshi asosiy choralar

Aterosklerozning oldini olish uchun doimiy jismoniy faollik, vaznni nazorat qilish, to‘g‘ri ovqatlanish, yog‘ va tuz iste’molini cheklash, stressni boshqarish va chekishdan voz kechish kerak. Bu eng oddiy, lekin hayotni asrashga qodir choralardir.

Xulosa: Yurakni asrash – hayotni asrash

Yurak-qon tomir kasalliklari yosh, jins, hayotiy odat tanlamasligi bilan ayni vaqtdagi eng katta xavflardan biri bo‘lib qolmoqda. Sog‘lom hayot tarzi va muntazam nazorat har bir inson uchun hayot sifatini kafolatlaydi. Salomatlik uchun mas’uliyatni o‘z qo‘lingizga oling – yuragingiz uchun bu eng muhim sarmoya!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Yurak-qon tomir kasalliklari: Yashirin xavf va sog‘lik uchun hayotiy retsept